O‘zbekistonda elektr iste’moli va ishlab chiqarishda yangi rekord o‘rnatildi

O‘zbekiston yagona energetika tizimida 17 iyul kuni elektr energiyasi iste’moli va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha navbatdagi rekord ko‘rsatkichlar qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, sutkalik elektr energiyasi iste’moli 293,4 million kilovatt-soatni tashkil etgan. Bu o‘tgan yil yoz mavsumida kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 20,8 million kilovatt-soatga, ya’ni 7,6 foizga yuqori bo‘ldi.
Shu kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham rekord darajaga yetib, 296,1 million kilovatt-soatni tashkil etdi. Natijada bir kun avval, 16 iyulda qayd etilgan 295,4 million kilovatt-soatlik rekord ham yangilandi.
Bundan tashqari, kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ham hisobga olinganda, mamlakat bo‘yicha bir sutkada jami 305 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu avvalgi kundagiga nisbatan 9,6 million kilovatt-soat yoki 3,2 foizga ko‘pdir.
Energetika vazirligi qayd etishicha, dispetcherlik xizmatlari elektr tarmoqlaridagi yuklama hamda uzatish uskunalarining texnik holatini 24 soat davomida real vaqt rejimida kuzatib boradi. Zarurat tug‘ilganda esa tarmoqlardagi ortiqcha yuklamaning oldini olish, uskunalarning qizib ketmasligini ta’minlash va elektr ta’minotining barqarorligini saqlash maqsadida yuklamalar qayta taqsimlanadi hamda tezkor choralar ko‘riladi.






























Izohlar 0
…