Maktab va shifoxona binolarini sotish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanmoqda

“Adolat” partiyasi ta’lim va tibbiyot muassasalariga tegishli yer maydonlari hamda binolarni sotish, xususiylashtirish yoki boshqa shaklda begonalashtirishni taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Tashabbusga Toshkent shahridagi 243-maktab binosi 2020 yilda auksionsiz sotilgani, Borovskiy nomidagi sobiq tibbiyot kolleji va Nizomiy nomidagi universitet binolari hamda yer maydonlari elektron savdoga chiqarilgani sabab bo‘lgan.
Sotsial-demokratik “Adolat” partiyasi ta’lim va tibbiyot muassasalariga tegishli yer maydonlari hamda binolarni sotish, xususiylashtirish yoki boshqa shaklda tasarrufdan chiqarishni taqiqlashni taklif qildi.
Partiya bu tashabbusni mamlakatda maktablar va bog‘chalarga ehtiyoj yuqori bo‘lib turgan bir paytda ta’lim va tibbiyot obyektlari yerlari savdoga qo‘yilayotgani bilan izohlamoqda. Ayniqsa, poytaxtda yer narxi yuqori bo‘lgan sharoitda bunday holatlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.
Misol sifatida Toshkent shahridagi 243-maktab binosi 2020 yilda auksionsiz sotilgani, shuningdek, Borovskiy nomidagi sobiq tibbiyot kolleji va Nizomiy nomidagi universitet binolari hamda yer maydonlari elektron savdoga chiqarilgani tilga olingan.
“Adolat” partiyasiga ko‘ra, bu faqat ko‘rinib turgan holatlar bo‘lishi mumkin. Oxirgi yillarda shunga o‘xshash yana qancha obyekt ta’lim va tibbiyot balansi hisobidan chiqarilgani noma’lum.
Partiya hozirda ta’lim va tibbiyot muassasalari yerlari hamda binolarini sotish, xususiylashtirish yoki boshqa shaklda begonalashtirishni taqiqlovchi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Bunday harakatlar uchun javobgarlik belgilash ham taklif etilmoqda.
Shuningdek, hukumat oxirgi yillarda ta’lim va tibbiyot tizimi balansidan chiqarilgan barcha obyektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazishi kerakligi ta’kidlandi. Agar qonunbuzilishlar aniqlansa, tegishli choralar ko‘rilishi lozim.
Investitsiya kiritish sharti bilan sotilgan, ammo majburiyatlar bajarilmagan yoki obyektning maqsadli yo‘nalishi o‘zgartirilgan holatlarda esa bunday binolar va yer maydonlari davlatga qaytarilishi taklif qilinmoqda.































Izohlar 0
…