O‘zbekistonda bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosi joriy etiladi

O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun jazo kuchaytirilmoqda. Bu haqda 2 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ma’qullangan qonunda belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi ham qo‘llanilmaydi.
Senator Abdulhakim Eshmurodov ma’lumotlariga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish bo‘yicha 2022 yilda 85 ta, 2023 yilda 108 ta, 2024 yilda 129 ta va 2025 yilda 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish bo‘yicha 2022 yilda 144 ta, 2023 yilda 163 ta, 2024 yilda 170 ta va 2025 yilda 116 ta jinoyat ishi ochilgan.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha murojaatlar soni 2023 yildagi 56 tadan 2025 yilda 141 taga yetgan.
Shu bilan birga, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish ham taqiqlanmoqda.































Izohlar 0
…