13:19 / 01.07.2017
7 720

Prezident farmoni: O‘zbekistonda Innovasiya markazi tashkil etiladi

Prezident farmoni: O‘zbekistonda Innovasiya markazi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 30 iyun kuni "Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Keyingi yillarda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini (keyingi o‘rinlarda AKT deb ataladi) davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari ko‘rsatishning barcha sohalariga joriy etish bo‘yicha bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan islohotlar axborot xizmatlarini ilgari surish, «elektron hukumat» tizimini rivojlantirish va amalga oshirish, xalq bilan muloqot qilish va aholining kundalik muammolarini joylarda o‘z vaqtida hal qilishning samarali mexanizmlarini yaratish imkonini berdi.

Bu borada erishilgan natijalarga qaramasdan, axborot texnologiyalari rivojlanishi va ularni iqtisodiyot sohalariga joriy etishning hozirgi holati, shuningdek mahalliy dasturiy mahsulotlarning eksport darajasi hali ham pastligicha qolmoqda. Axborot texnologiyalarining raqobatdosh va yuqori unumdorlikka ega tarmog‘ini shakllantirish uchun mamlakatning fan va ta’lim sohasidagi salohiyatidan etarlicha foydalanilmayapti.

Respublikada amal qilayotgan tashkiliy-iqtisodiy sharoit AKT sohasida tez o‘sishni namoyish etayotgan xorijiy mamlakatlarda yaratilgan sharoitlarga nisbatan mamlakatning raqobatdoshligi pastligini hisobga olgan holda ushbu sohaning yanada rivojlanishiga etarli darajada yordam bermayapti.

AKTning jadal rivojlanishi yangi imkoniyatlarni ochib berar ekan, davlat tomonidan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashni hamda respublikaning xalqaro AKT bozoridagi o‘rnini kuchaytirishni talab qiladi.

AKTdan foydalanishga asoslangan iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini shakllantirish va faol rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, axborot texnologiyalari mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va buyurtmachilariga qo‘shimcha imtiyozlar va preferensiyalar berish hisobiga ushbu tarmoqda ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishning integrasiyalashuvini yanada chuqurlashtirish, AKT mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, shuningdek mahalliy va xorijiy investisiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va "O‘zbektelekom" AKning Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha "Mirzo Ulugbek Innovation Center" innovasiya markazini (keyingi o‘rinlarda Innovasiya markazi deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, Innovasiya markazi axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida butun respublika hududida Innovasiya markazi rezidentlarini joylashtirgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida eksterritoriallik prinsipi asosida tashkil qilinadi.

3. Quyidagilar Innovasiya markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va oliy ta’lim muassasalarining axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ichki va tashqi bozorlarda sotishga qaratilgan o‘zaro hamkorligini kengaytirish uchun zarur tashkiliy-texnik va moliyaviy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;

AKT sohasida raqobatdosh loyihalarni ichki va tashqi bozorlarda sotish uchun xorijiy investisiyalarni jalb etishda Innovasiya markazi rezidentlariga ko‘maklashish;

oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining "axborot texnologiyalari" mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilarining ishga joylashtirilishini ta’minlashda, shu jumladan iqtidorli yoshlar tomonidan "start-ap" loyihalarini amalga oshirishda ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan ishtirok etish;

qisqa muddatli va o‘rta muddatli ixtisoslashtirilgan kurslarni tashkil etish, shu jumladan chet el mutaxassislarini taklif etish yo‘li bilan AKT sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil qilish;

yosh tadbirkorlar tomonidan axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha innovasiya loyihalari amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash.

4. Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha "Mirzo Ulugbek Innovation Center" innovasiya markazining Muvofiqlashtiruvchi kengashi (keyingi o‘rinlarda Muvofiqlashtiruvchi kengash deb ataladi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy funksiyalari etib belgilansin:

Innovasiya markazini rivojlantirishga ko‘maklashish borasida davlat organlari, ilmiy, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishda Innovasiya markazi faoliyatini tizimli monitoring qilish va tahlil qilish;

Innovasiya markazining faoliyatini takomillashtirish va axborot texnologiyalari sohasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun shart-sharoitlarni, shu jumladan ilg‘or chet el tajribasi asosida yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash;

yuridik shaxslarni Innovasiya markazi rezidentlari sifatida ro‘yxatga olish va ularni rezident maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish;

Innovasiya markazi rezidentlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash.

5. Innovasiya markazi rezidentlari 2028 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga:

barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan;

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, o‘z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot vositalari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona yig‘imlaridan tashqari);

o‘zi ishlab chiqaradigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan ozod etilsin.

6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Innovasiya markazi rezidentlari:

o‘zi ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan tushgan pul mablag‘lari doirasida xodimlarga ish haqi va dividendlarni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan naqd bo‘lmagan shaklda O‘zbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblarni chet el valyutasida amalga oshirish;

eksport kontrakti mavjud bo‘lmagan holda Internet butunjahon axborot tarmog‘idagi onlayn do‘konlar orqali ishlar va xizmatlar eksportini chet el valyutasida amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda:

har yili berilgan imtiyozlar va preferensiyalarning AKT milliy bozorining rivojlanishiga ta’siri, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy mahsulotlar va AKT xizmatlarining raqobatdoshligi darajasini tahlil qilsin va tahlil natijalarini keyinchalik Muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritsin;

2017 yil 1 noyabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 2013 yil 20 sentyabrdagi PQ-2042-son qaroriga muvofiq yaratilgan Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari milliy reestrining kelgusida faoliyat yuritishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi takliflarni Muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritsin.

8. Innovasiya markazi rezidentlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bo‘yicha xodimlar tomonidan 2028 yil 1 yanvargacha olingan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar:

7,5 foiz miqdordagi qat’iy belgilangan stavka bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 4,5 foizli stavka bo‘yicha fuqarolarning sug‘urta badallariga tortilishi;

soliq solish maqsadida belgilanadigan jismoniy shaxslarning umumiy yillik daromadlari hajmiga kiritilmasligi belgilab qo‘yilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda uch oy muddatda respublikada tovarlar va xizmatlarga haq to‘lash uchun xalqaro to‘lov kartalarini qabul qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining bank hisobraqamlariga Internet butunjahon axborot tarmog‘idagi onlayn do‘konlar orqali tovarlar va xizmatlarni sotishdan olingan valyuta tushumini hisobga olish tizimining mukammal ishlashiga doir zarur choralar ko‘rsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi doimiy asosda Innovasiya markazi rezidentlari axborot texnologiyalari mahsulotlarining xorijga kirib borishini ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Innovasiya markazi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin, unda quyidagi tartib nazarda tutilsin:

Innovasiya markazi va Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini tashkil etish;

yuridik shaxslarni rezident maqomini olishning aniq mezonlarini belgilashni hisobga olgan holda Innovasiya markazi rezidentlari sifatida ro‘yxatga olish;

Innovasiya markazi rezidentlari uchun maxsus valyuta rejimini qo‘llash.

12. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Innovasiya markazi faoliyatining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil qilsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017 yil 30 iyun

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident farmoni: O‘zbekistonda Innovasiya markazi tashkil etiladi