date

O‘zMTDP respublika hududlarida davra suhbatlarini tashkil etadi

O‘zMTDP respublika hududlarida davra suhbatlarini tashkil etadi

2015 yil 11 sentyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamkorligida Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zining mazmun-mohiyatini o‘rganish maqsadida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida “Mustaqillik hayotimiz ma’no-mazmuni, milliy manfaatlarimiz asosi va farovon turmush garovi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhi a’zolari, tarixchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Vatanimiz mustaqilligining 24 yillik shodiyonalari yurtimiz bo‘ylab ko‘tarinki kayfiyatda davom etmoqda. Har bir yurtdoshimiz so‘zi va qiyofasida bugungi yorug‘ kunlar shukronasi zohir. Zero, mustaqillik xalqimiz hayotining mazmun-mohiyatini butunlay o‘zgartirib, tariximizda butkul yangi sahifa ochgan buyuk voqeadir. Bu davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zida alohida e’tirof etildi.

Xususan, Yurtboshimiz o‘z so‘zida mustaqillik bergan ulkan ne’matlar, mamlakatimiz tobora obod, hayotimiz farovon bo‘lib borayotgani, to‘g‘ri va har tomonlama oqilona yo‘l tanlanib, uning samarasida dunyo mamlakatlari orasida munosib o‘rin egallayotganimizni qayd etdi. Prezidentimizning nutqini tinglab, har bir vatandoshimiz shu fayzli yurtda yashayotganidan yana bir karra baxtiyorlik hissini tuygani, qalbida mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida matonat bilan mehnat qilish shijoati jo‘sh urgani shubhasiz.

Davra suhbatida e’tirof etilganidek, tantanali marosimda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotimiz va uning tarmoqlarini modernizasiya qilish va yangilash, axborot-kommunikasiya tizimlarini keng joriy etish hisobidan iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshirish, jahon bozorida munosib o‘rin egallash asosiy vazifamiz sifatida qayd etildi.

Darhaqiqat, yurtimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, har sohadagi yutuqlar ko‘lamini kengaytirish, qo‘lga kiritilgan natijalarni mustahkamlash, erkin faoliyat olib borish uchun barcha qulaylik, shart-sharoit va huquqiy asoslar yaratilgan. Uzoq va yaqin atrofimizda turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar davom etayotgan bir paytda, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik xotirjam yashash, emin-erkin faoliyat yuritish, oldimizga qo‘ygan yuksak maqsad-vazifalarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Eng katta boyligimiz — tinchlikni mustahkamlash, osuda hayotni ta’minlash nafaqat huquq-tartibot idoralari vakillari, balki har bir fuqaroning muhim burchi ekanini yurtdoshlarimiz yaxshi anglaydi. Yurtboshimizning “…bizga, xalqimizga tinchlik va omonlik kerak. Bu — o‘zbek xalqining istagi, bu — o‘zbek xalqining maqsadi, bu — o‘zbek xalqining qaroridir”, degan so‘zlari haqiqatan ham har birimizning dilimizdagi eng ezgu maqsaddir. Ommaviy axborot vositalari orqali dunyoning turli burchaklarida kechayotgan notinch vaziyat, beqarorlikdan aziyat chekayotgan fuqarolar haqida har kuni xabardor bo‘lib turibmiz. Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil, deganlaridek dunyo sahnidagi ana shunday tahlikali bir vaziyatda o‘zbek xalqi yurtimizdagi tinch-osoyishtalikka shukrona aytib, o‘z hayotidan, turmushidan mamnun bo‘lib yashamoqda. Yorqin kelajakka ishonch va farzandlari baxti-kamolini ko‘rish havasi bilan, boshlagan ezgu ishlarini shijoat ila davom ettirib umrguzaronlik qilmoqda.

Bugungi farovon, tinch va obod kunlarimizning qadriga etish, turli sohalarda erishgan yutuqlarimizni mustahkamlash barchaning, jumladan, O‘zMTDP safidagi har bir vakilning zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar, uning ahamiyati va mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Aynan mustaqillik xalqimizga erkinlik va ozod hayot hadya qildi, o‘zligimiz, sha’nimiz, milliy ongimiz, qadr-qimmatimiz, tilimiz, muqaddas dinimiz, qadriyat va urf-odatlarimizni qayta tikladi. Mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti tez sur’atlar bilan o‘sib, hatto, jahon moliyaviy inqirozi davrida ham iqtisodiyotimizning yillik o‘sish sur’ati 8 foizdan pasaygani yo‘q. Bu, eng avvalo, aholi farovonligida, ularning hayot darajasi muttasil o‘sayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Mustaqillik sharofati, mard va matonatli xalqimizning tarixan qisqa davrda amalga oshirgan olamshumul ishlari tufayli shahar va qishloqlarimiz, butun mamlakatimiz qiyofasi tobora chiroy ochib borayotir. Buni ayni paytda respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan va izchil davom etayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlarida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Bugun, ayniqsa, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tubdan o‘zgardi.

Tadbirda alohida qayd etib o‘tilganidek, bugun ana shunday imkoniyatlardan bahramand bo‘lib yashayotgan har bir inson, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod bu ne’matlarning qadriga etishi, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shishi lozim. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi davlat mustaqilligini mustahkamlash, milliy-ma’naviy qadriyatlarni tiklash, o‘zligimizni chuqur anglash, istiqlol g‘oyasiga sadoqat kabi dasturiy maqsad-vazifalarini izchil, bosqichma-bosqich va tizimli amalga oshirish, bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga ko‘maklashib kelmoqda. O‘zMTDPning barcha darajadagi tashkilotlari, deputatlik korpusi va faollari oldida bu jarayonda faol ishtirok etish, yurtimizdagi barqarorlik, tinchlik-osoyishtalikning ahamiyatini yoshlar orasida keng targ‘ib qilishda o‘rnak bo‘lish kabi muhim vazifalar turibdi. Zero, fuqarolarda Vatan taqdiri hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoniga daxldorlik hissini kuchaytirish ezgu ishlarimiz bardavomligida muhim ahamiyat kasb etadi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar Yurtboshimizning mamlakatimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zida ta’kidlangan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdilar. Taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, O‘zMTDPning kelgusi vazifalari belgilandi va bu kabi davra suhbatlarini respublikamizning barcha hududlarida tashkil etishga kelishib olindi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zMTDP respublika hududlarida davra suhbatlarini tashkil etadi