08:33 / 14.03.2018
18 306

Jahongir Muhammad: Vatan nima?

Jahongir Muhammad: Vatan nima?
Vatan nima? Vatan bu qo‘l bilan ushlanadigan moddiy narsa emas.
Vatan tafakkur ostidagi ma’naviy kenglikni to‘ldirgan poyonsiz tushuncha.

Vatan – ruhning umurtqasi, hisning vulqoni. Inson shu tushuncha bilan tug‘iladi. Chunki u qondan qonga oqadi, genlardan genga ko‘chadi. Ota-ona avlodidan keladi bu gen. Bir kun olimlar inson tanasidagi millionlab genlarning eng kattasi va eng kuchlisi vatan hissini tashiydigan gen ekanligini aniqlashsa, bu haqiqatning o‘zginasi bo‘ladi.

Chunki bu hisning tarkibida insonning qo‘nimi bor. Bu qo‘nim uning ruhiyati yoyilgan maskan.
Bu maskan sarhadlari ichida insonning qadri haqidagi qonuniyat bor. Ana shu qonuniyat buzilsa, hislar dunyosida zilzila boshlanadi.
Hislar dunyosida insonning hurriyatga boshlaydigan kuch mavjud. Inson mudom hurriyatni, ozodlikni qidirib, sevib yashashi ana shundan.
Insonning tinchlikka intilishi, osoyishni axtarishini boshqaradigan markaz ham o‘sha maskanda.

O‘sha maskandagi chinorlardan biri huzur-halovatga intilish kuchidir.
Boshqa bir ustun esa, insonning baxtga, saodatga tashnaligi.
Inson oilasi, yaqinlari bilan birga bo‘lganda, bu maskan ulkan bog‘ga do‘nadi. Daryolar oshiqadigan, nurlar yog‘iladigan, oydinlik inadigan, shodlik shoshadigan, quvonch quvnaydigan bog‘.

Vatan ana shu! Qudratli ruh!
Vatan mudom inson bilan birga. Inson uni tark etolmaydi, o‘zi bilan birga olib yuradi. Vatan ham insondan ayrilmaydi, buyuk burgutdek uning qalbiga qo‘nib yashayveradi.

Ha, inson qayerda qo‘nimi, qadri, erki, hurriyati, tinchligi, huzuri, baxti, go‘zal hayoti, sevikli yaqinlari bilan birga qovushsa, o‘sha maskan uning vatani.

Shunday ekan, “vatangado” degan so‘z ma’nisiz, mantiqsiz, ma’rifatsiz so‘zdir. Ya’ni bema’ni, bemantiq va bema’rifat kimsalar tomonidan uydirilgan so‘z!

Inson bor ekan, uning ruhi-vatani bor! Vujud o‘ladi, ammo vatan o‘lmaydi!
Jahongir Muhammad

Manba: Fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Jahongir Muhammad: Vatan nima?