12:16 / 20.09.2018
3 462

Prezident farmoni: Terroristik tashkilotlarga adashib kirib qolgan fuqarolarga qaytish imkoni beriladi

Prezident farmoni: Terroristik tashkilotlarga adashib kirib qolgan fuqarolarga qaytish imkoni beriladi
Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan oʻzbekiston respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi.

Ushbu hujjat bilan terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi tuziladi.

2018 yil 1 noyabrdan terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.

Komissiya tomonidan salbiy xulosa chiqarilgan taqdirda barcha holatlar qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari quyidagi holatlarda quyidagi hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin:

- aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlsa va tuzalish yoʻliga oʻtgan boʻlsa;

- jinoiy faoliyat va boshqa huquqqa xilof qilmishlarni fosh etishda faol yordam bergan boʻlsa;

- taqiqlangan tashkilotlar safiga aldov yoʻli bilan jalb etilgan boʻlsa;

- taqiqlangan tashkilotlarning gʻoyaviy yoki maʼnaviy rahnamosi boʻlmagan boʻlsa;

- jangovar harakatlarda va qoʻporuvchilik harakatlarini sodir etishda ishtirok etmagan boʻlsa;

- terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida taqiqlangan tashkilotlarda oʻquv, maxsus yoki harbiy tayyorgarlikdan oʻtmagan boʻlsa;

- terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida chiqish yoki harakatlanishni amalga oshirmagan boʻlsa;

- xalqaro terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etmagan boʻlsa;

- terroristik, ekstremistik va boshqa buzgʻunchi gʻoyalar mavjud boʻlgan materiallarni adashib yoki axborot-kommunikatsiya vositalarida tarqatishga qasd qilmagan va bunday maqsadni koʻzlamagan holda saqlagan boʻlsa.

Komissiyaga Oʻzbekiston Respublikasi bosh prokurori Otabek Murodov boshchilik qiladi. Unga quyidagi vakolatlar yuklatilgan:

- taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish;

- murojaat etgan fuqarolarning shaxsini, shu jumladan, ularning sodir etilgan jinoyatlarga daxldorligini har tomonlama tekshirish orqali oʻrganish;

- murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan xulosalarni dastlabki tergov organlariga oʻrnatilgan tartibda taqdim etish;

- sodir etgan qilmishiga pushaymon boʻlgan va aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilib murojaat etgan fuqarolarga nisbatan taqiqlangan tashkilotlar aʼzolari tomonidan salbiy taʼsir etilishining oldini olish boʻyicha tegishli choralarni koʻrish uchun vakolatli organlarga topshiriqlar yuborish;

- jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatilishida, shu jumladan, bandligini taʼminlash borasida koʻmaklashish va monitoringini olib borish;

- jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslar bilan profilaktik-tushuntirish ishlarini olib borish boʻyicha vakolatli organlar va tashkilotlarga topshiriqlar yuborish.

Ushbu Farmon fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi. Taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning qilmishiga pushaymonligi hamda aybini boʻyniga olishi toʻgʻrisidagi arizasi xorijda ularning yashash joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalariga yoxud Oʻzbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga beriladi. Ushbu Farmon bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish bilan bogʻliq jinoyatni qayta sodir etgan shaxsning takroriy murojaati koʻrib chiqilmaydi. Komissiya tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qaror barcha davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiydir. Komissiyaning ishchi organi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident farmoni: Terroristik tashkilotlarga adashib kirib qolgan fuqarolarga qaytish imkoni beriladi