12:47 / 06.05.2019
2 262

Jismoniy shaxslarning xorijda hisobvaraqlar ochishdagi cheklovlar olib tashlanadi

Jismoniy shaxslarning xorijda hisobvaraqlar ochishdagi cheklovlar olib tashlanadi
Valyuta operatsiyalari ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarning normativ-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunining normalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda ba’zi normalarni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurati mavjud, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdug‘ani Umirov.

Uning bildirishicha, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari qatori “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi muhokama qilindi. Mazkur qonun loyihasi valyuta siyosatini yanada liberallashtirish, barcha tadbirkorlik sub’ektlariga tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar va adolatli tizim yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Valyutani tartibga solish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi, valyuta operatsiyalariga davlat organlarining noqonuniy aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik, valyuta kursini aniqlashda faqatgina bozor mexanizmlarini qo‘llashga qaratilgan normalar ham kiritilmoqda.

Xususan, qonun loyihasida xalqaro tajribadan kelib chiqib, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish tushunchasi, shuningdek, unga bo‘lgan talablar kiritilmoqda. Aktivlar repatriatsiyasi – bu norezident majburiyatlarining bajarilishi hisobiga aktivlarning O‘zbekiston Respublikasiga kelib tushishini ta’minlash hisoblanadi. Valyuta operatsiyalari turlarini aniqlash maqsadida, norezident majburiyati yuzaga kelgan sanadan boshlab tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha repatriatsiya muddati 180 kundan oshgan taqdirda, mazkur operatsiya kapital harakati operatsiyasi sifatida tasniflanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, rezident jismoniy shaxslarning xorijda hisobvaraqlar ochishdagi cheklovlar olib tashlanmoqda. Xalqaro tajribaga muvofiq, jismoniy shaxslarning chet eldagi hisobvaraqlarini nazorat qilishning imkoni yo‘qligini va shu sababli, cheklovlar o‘rnatilishi mazmunan hech qanday natija bermasligini hisobga olgan holda, ushbu norma kiritilmoqda. Norezidentlar joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha chet el valyutasini sotish va sotib olishlari mumkinligi belgilanmoqda. Norezidentlar tomonidan joriy xalqaro operatsiyalar uchun xorijiy valyutaning sotib olinishi va sotilishi XVF (Xalqaro valyuta fondi) tavsiyalariga asosan, alohida norma sifatida kiritilmoqda. Shu bilan birga, ushbu norma mamlakatda investitsion muhitning yaxshilanishiga va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining ko‘payishiga sabab bo‘ladi, deydi deputat.

Ta’kidlanishicha, valyuta operatsiyalarini soddalashtirish maqsadida bir qator normalar belgilanmoqda. Jumladan, Markaziy bank tomonidan rezident jismoniy shaxslarga naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketishga ruxsatnoma berish tartibi bekor qilinmoqda. Loyihada bilan endilikda 100 million so‘m ekvivalentidan ortiq naqd pul mablag‘larini olib chiqishda jami olib chiqilayotgan summa deklaratsiya qilinishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, rezidentlar o‘rtasida xorijiy valyutada operatsiyalar ularning faoliyati va joylashgan joyidan qat’i nazar amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan holatlari belgilanyapti. Amaldagi tahrirda rezidentlar o‘rtasida faqat O‘zbekiston Respublikasi hududidagi valyuta operatsiyalari nazarda tutilgan. Yangi tahrirda esa, hududiy jihatdan emas, balki rezidentlik maqomidan kelib chiqqan holda valyuta operatsiyalari amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda rezidentlar va norezidentlarning chet el valyutasidagi mablag‘larini erkin tasarruf etish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, barcha tashqi savdo qatnashchilariga adolatlilik tamoyili asosida teng sharoitlar yaratish imkonini beradi, deya xulosa qilgan deputat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Jismoniy shaxslarning xorijda hisobvaraqlar ochishdagi cheklovlar olib tashlanadi