12:15 / 29.05.2019
3 554

Baliq ovlash qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori keskin oshirildi

Baliq ovlash qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori keskin oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi online” tomonidan e’lon qilindi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

90-modda (Ov qilish yoki baliq tutish qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) quyidagi tahrirda bayon etildi:

«90-modda. Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish

Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish, – fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, – shu huquqbuzarlikni sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi ikki marta qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, – shu huquqbuzarlikni sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud shu huquqbuzarlikni sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilib, uch yilgacha muddatga ov qilish huquqidan mahrum etishga sabab bo‘ladi.

Tegishli ruxsati bo‘lmay turib yoki taqiqlangan joylarda yoxud taqiqlangan muddatlarda, taqiqlangan qurollar yoki vositalar bilan ov qilish yoki baliq ovlash, – shu huquqbuzarliklarni sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud shu huquqbuzarliklarni sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilib, uch yilgacha muddatga ov qilish huquqidan mahrum etishga sabab bo‘ladi»;

quyidagi mazmundagi 90-1-modda bilan to‘ldirildi:

«90-1-modda. Ov qilish va baliq ovlashning taqiqlangan qurollarini yoki vositalarini tayyorlash, olib kirish, saqlash, tashish yoki yuborish, olish yoxud sotish

Ov qilish va baliq ovlashning taqiqlangan qurollarini yoki vositalarini tayyorlash, olib kirish, saqlash, tashish yoki yuborish, olish yoxud sotish, – huquqbuzarlik quroli va ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, – huquqbuzarlik quroli va ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Baliq ovlash qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori keskin oshirildi