14:44 / 15.05.2020
1 806

Toshkentda 15, 7 va 3 kunlik elektron yo‘l chiptalarini tatbiq etish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlandi

Toshkentda 15, 7 va 3 kunlik elektron yo‘l chiptalarini tatbiq etish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlandi
Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika muammolarini o‘rganish markazi, Toshkent shahar transport boshqarmasi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ hamkorligida Toshkent shahridagi yo‘lovchi tashishning yerusti transporti yo‘nalishlarini maqbullashtirish ishlari ketmoqda, deb xabar beradi “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, mazkur jarayonda asosiy e’tibor yo‘nalishlarni metro bekatlariga bog‘lash, magistral yo‘nalishlar va ularga yo‘lovchilarni olib chiquvchi yordamchi yo‘nalishlar tarmog‘ini yaratishga qaratilgan.

Ushbu o‘zgartirishlardan maqsad —magistral yo‘nalishlar o‘tadigan ko‘chalardagi boshqa yo‘nalishlar sonini imkon darajasida kamaytirish. Bu yo‘nalishlarning bir-birini takrorlamasligiga, qatnov muntazamligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bo‘shagan avtobuslar hisobidan transport vositalari yetishmayotgan yo‘nalishlarni to‘ldirish imkonini beradi. Bu qatnov intervalini keskin qisqartirib, yo‘lovchilarning ortiqcha vaqt yo‘qotishlarining oldini oladi.

Muvofiqlashtirish jarayonida magistral va shahar markazida qatnovchi yo‘nalishlarga katta sig‘imli, yordamchi va shahar chetidagi yo‘nalishlarga esa yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda o‘rta va kichik sig‘imli avtobuslarni biriktirish rejalashtirilgan.

“Yo‘lovchilar manfaatidan kelib chiqib bunday o‘zgarishlar jarayonida avtomat to‘lov tizimini ham takomillashtirish, rivojlantirish taqozo etiladi. Shuni inobatga olgan holda 15, 7 va 3 kunlik elektron yo‘l chiptalarini tatbiq etish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlandi. Qarorning amalga tatbiq etilishi natijasida yo‘lovchilar yo‘nalishdan yo‘nalishga o‘tishida ortiqcha mablag‘ sarflamasliklari ta’minlanadi.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda dastlabki o‘zgartirilgan avtobus yo‘nalishlari e’lon qilindi. Ushbu o‘zgarishlar asosan magistral yo‘nalishlari bo‘lib, ular o‘tadigan ko‘chalardan boshqa yo‘nalishlarni olib tashlash nazarda tutilgan. E’lon qilingan materiallarda magistral yo‘nalishlariga yo‘lovchilarni olib chiqadigan yordamchi yo‘nalishlar haqidagi ma’lumotlar berilmaganligi, aholi orasida ba’zi bir tushunmovchiliklarga ham sabab bo‘ldi.

Endilikda fuqarolarda ortiqcha savollar tug‘ilmasligi va tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida magistral yo‘nalishlarining o‘zgarishlari, qisqartiriladigan yo‘nalishlar va yordamchi yo‘nalishlar haqidagi to‘liq ma’lumotlar ijtimoiy sayt va tarmoqlarda e’lon qilib boriladi”, — deyiladi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahar yo‘lovchi transporti tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2020-yil 1-noyabrgacha ushbu yo‘nalish bo‘ylab maxsus qatnov yo‘lagini yaratish va 20 ta zamonaviy elektrobus xarid qilib, quvvatlash uskunalari bilan ta’minlash lozim. Agar tajriba loyihasi muvaffaqiyatli o‘tsa, metrobuslar shaharning boshqa yo‘llarida ham tashkil etiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda 15, 7 va 3 kunlik elektron yo‘l chiptalarini tatbiq etish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlandi