Issiq havo najot bera oladimi, parklarni ishga tushirish mumkinmi va vaksina qachonga kutilmoqda?
Koronavirus tarqalishi va u bilan bog‘liq cheklovlar asrlar davomida davom etadiganga o‘xshasa-da, SARS-CoV-2 virusi hali ham insoniyat uchun yangi bo‘lib, uni o‘rganish kerak. «Ko‘pchilik uchun bu juda qiyin. Odamlarga biz aniq javoblar berishimiz kerakdek ko‘rinmoqda, — deydi epidemiolog Saskiya Popesku. — Aslida esa, biz ko‘prik qurishga va undan yurishga bir vaqtning o‘zida harakat qilmoqdamiz. Bu biz uchun yangi kasallik va yangi vaziyat».
1. Koronavirusdan aslida qancha odam zararlandi?
27 may holatiga ko‘ra, dunyoda koronavirus infeksiyasini yuqtirishning tasdiqlangan 5,7 million holati va 354 mingdan ortiq o‘lim holatlari qayd etilgan. Ammo ko‘pgina mutaxassislar bu raqamlar yetarli emas, degan fikrda. Har bir zararlanish holatini kuzatish uchun bizda testlar va boshqa vositalar yetishmayapti. Dunyoda millionlab aniqlanmagan bemorlar mavjud bo‘lishi mumkin.
- Biz hech qachon bu savolga aniq javobni bilmasligimiz ehtimoli juda yuqori. 1918-1920 yillardagi «ispanka grippi» epidemiyasi qancha odamning hayotiga zomin bo‘lgani to‘g‘risida olimlar hanuz bahslashishadi.
Biroq, aniq javob olish juda muhim. Agar hozir bilganimizdan ko‘proq odam zararlangan bo‘lib, ammo o‘lim soni o‘zgarishsiz qolsa, koronavirusdan o‘lim darajasi o‘ylaganimizdan pasayadi. Agar aniqlanmagan holatlar kamligi yoki o‘lim holatlari ko‘payganligi aniqlansa, qat’iy izolyatsiya choralarini qo‘llash samarali bo‘lgan hisoblanadi.
Gap shundaki, ba’zi insonlarning hech qanday simptomlarsiz holatda virus tashuvchisi bo‘lishlari yoki ijobiy test natijasi olishlari bilan murakkablashadi. Shunday qilib, ko‘pchilik o‘zi bilmagan holda virus yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin. Ilgari ular asimptomatik tashuvchilar deb hisoblanar edi, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘pchilikda vaqt o‘tishi bilan kasallikning ayrim belgilari paydo bo‘ladi. Agar qo‘shimcha tadqiqotlar buni tasdiqlasa, e’tiborsiz qolayotgan holatlar soni uncha ko‘p emas.
Olimlar hozircha ehtiyotkorlikka qay darajada amal qilish borasida bahslashmoqda. Italiya, Ispaniya va Qo‘shma Shtatlardagi voqealar koronavirus juda xavfli bo‘lishi mumkinligini allaqachon isbotladi. Gap hozir holatga e’tiborsizlik qilish yoki beg‘am yashash mumkin yoki yo‘qligida emas, qanchalik ehtiyotkor bo‘lish haqida bormoqda.
2. Masofa saqlash o‘lchovlari qanday bo‘lgani ma’qul?
Ko‘pgina davlatlar karantin tartibiga o‘tib, iloji boricha hamma narsani yopishdi. Bu olimlar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirdi: aynan qaysi choralar virus tarqalishini sekinlashtirishi noma’lum. Ommaviy tadbirlar taqiqlanishimi? Parvoz cheklovlarimi? Masofaviy ish rejimiga o‘tishmi?
Florida universiteti biostatistika professori Natali Dinning so‘zlariga ko‘ra, eng xavflisi odamlar uzoq vaqt davomida yopiq binoda to‘planishidir.
Javoblarni topish uchun olimlar turli choralarni tanlagan mamlakat va shaharlar tajribasini o‘rganishmoqda. Masalan, Janubiy Koreya va Germaniya karantindan juda ehtiyotkorlik bilan chiqyapti. Ushbu jarayonni kuzatish shuningdek, Osiyo mamlakatlaridagi virusning ikkinchi to‘lqini, uning tarqalish xavfini aynan nima oshirib yuborishini tushunishga yordam beradi.
Qanday cheklovlarni qoldirib, qaysilaridan voz kechish mumkinligi natijalarga bog‘liq. «Vaksina paydo bo‘lishidan avval sanoat sivilizatsiyasi hayotini to‘xtatib bo‘lmaydi, chunki vaksina yaratilishining o‘zi sanoat sivilizatsiyasiga aloqador», deydi Jons Hopkins universiteti sog‘liqni saqlash xavfsizligi markazi tadqiqotchisi Amesh Adaliya.
3. Bolalar virusni qanchalik faol tarqatishadi?
Avvaliga bolalarning virus yuqtirishi ham aniq emas edi. Vaqt o‘tishi ularning ham koronavirusdan aziyat chekishi ma’lum bo‘ldi va ba’zilarida COVID-19 g‘ayritabiiy tarzda kechmoqda, masalan, bolalarda arteriya tomir devorlari yallig‘lanishi kuzatilyapti. Vaholanki bolalar kam kasallanayotgan bo‘lsa-da, ular xavfdan yiroqda deb bo‘lmaydi.
Avvalgidek, bolalar koronavirusni qanchalik faol ravishda tarqatishi noma’lumligicha qolmoqda. Agar kattalardan kamroq bo‘lsa, maktablarni qayta ochish mumkin bo‘ladi. Ehtimol, sinflardagi o‘quvchilar soni kamayadi, partalar bir-biridan uzoqlashtiriladi va turli guruhlardagi tanaffuslar har xil vaqtda bo‘ladi. Qanday bo‘lmasin, bu ota-onalar uchun yengillik tug‘dirib, ularning xotirjam ishlashiga imkon beradi.
4. Nega ayrim joylarda jiddiy avj olish kuzatildi-yu, boshqalarida yo‘q?
Masalan, nima uchun Nyu-Yorkdagi koronavirusdan o‘lim darajasi Kaliforniya shtatiga qaraganda 14 marta ko‘p? Ba’zi hollarda, javoblar to‘liq tasalli beradi: qayerda avvalroq va yanada faolroq harakat qila boshlangan bo‘lsa, natijalar yaxshi. Ammo bu har doim ham to‘g‘ri emas.
Ko‘p narsa omadga bog‘liq. Masalan, bir hududda bir kishi supertarqatuvchi aniqlangan va juda ko‘p odamga yuqtirgan, boshqasida esa bu holat kuzatilmagan.
- Odamlar yoshi va sog‘lig‘i, jamoat transportidan foydalanish chastotasi, aholi zichligi – bularning barchasi avj olish ko‘lamiga ta’sir qiladi.
Ammo ba’zida bu ma’lumotlar savolga javob topishga yordam bermaydi. Tokio va Nyu-York mavzusiga qaytamiz. Yaponiya poytaxtida aholi zichligi yuqori va odamlar ko‘pincha jamoat transportidan foydalanishadi. Nazariy jihatdan, vaziyat Nyu-Yorkka qaraganda og‘irroq bo‘lishi kerak, ammo unday emas. Hatto ular virus bilan kurash choralarini kechroq amalga kiritishgan.
Shubhasiz, hali aniqlanmagan ba’zi omillar mavjud. Ehtimol, bu Yaponiyada uzoq vaqtdan beri keng tarqalgan niqoblarga bog‘liqdir. Yoki Tokio sanitariya me’yorlariga yaxshiroq rioya qilyapti. Yana bir taxmin esa umumiy aholi salomatligiga borib taqaladi. Javoblar topilishi bilan kelajakda shaharlar va mamlakatlar koronavirus va boshqa infeksiyalarning yana avj olishiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi kerakligi aniqlashadi.
5. Yozgi ob-havo virusga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Agar issiq, nam ob-havoning o‘zi koronavirusga qarshi tura olganida Luiziana, Ekvador va Singapurda zararlanish holatlari bu qadar ko‘p kuzatilmasdi. Biroq, ko‘rinishidan yuqori harorat, namlik va ultrabinafsha nurlari virusga haqiqatan ham zarar yetkazmoqda. Issiqlikda virusning tashqi lipid membranasi zaiflashadi. Nam havoda virusli zarralarni o‘z ichiga olgan tupuk tomchilari yerga tezroq joylashadi.
Ultrabinafsha nurlarining dezinfeksiyalash xususiyati fanga allaqachon ma’lum.
Hammasi aholining yangi koronavirusga qarshi immunitetga ega emasligi bilan murakkablashadi. «Garchi ob-havoning ba’zi ta’sirini kuzatayotgan bo‘lsakda, aholining yuqori zaiflik darajasi uning ta’sirini pasaytirmoqda, – deydi Harvard tibbiyot maktabi xodimi Mauritsio Santillana. – Ko‘pchilik hali ham virusga juda ta’sirchan. Shunday qilib, harorat va namlik rol o‘ynashi mumkin bo‘lsa ham, hali immunitet yetarli emas».
6. Park va plyajlarni ochish mumkinmi?
Virusning tarqalishi nuqtayi nazaridan tashqi makonlar kamroq xavflidir. U infeksiyalangan odamning tupuk tomchilari orqali tarqaladi va yaxshi shamollatiladigan joylarda, bu tomchilar boshqa odamga tushishi ehtimoli kamayadi. Agar issiq ob-havo va ultrabinafsha nurlarining ta’siri bo‘lsa, park va plyajlarga borish xavfsiz bo‘lishi mumkin. Bu barcha o‘zini o‘zi izolyatsiya qiluvchilar intizorlik bilan kutgan davr bo‘ladi.
Ammo savollar ochiqligicha qolmoqda. Bunday joylarda odamlar qanday masofalanishi kerak? U yerda do‘stlar va qarindoshlar bilan uchrashish mumkinmi? Yuqori xavf guruhidagi insonlarning parklarga borishiga ruxsat beriladimi? Jamoat joylarida 2 metr masofa saqlash, niqob taqish va odamlar to‘planishining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar hali ham amalda.
7. Uzoq muddatli immunitet hosil bo‘ladimi?
Ehtimol, u faqat bir necha hafta yoki oy, balki bir necha yil davom etar. Buni g‘ayrioddiy holat emas: gripp va shamollashga qarshi ham uzoq muddatli immunitet rivojlanmaydi.
Koronavirus yuqtirishning takroriy holatlari haqida allaqachon xabarlar mavjud. Ularning tahlilning noto‘g‘ri ijobiy natijalari yoki boshqa narsalar bilan bog‘liqligi hali aniq emas.
- Agar koronavirusga qarshi immunitet vaqtinchaligi aniqlansa, kelajakda uning takrorlanish xavfi bor.
Hatto vaksina ham faqat bir muncha vaqt davomidagina himoya qilishi mumkin. Biroq, bu keyingi avj olishlar hozirgi kabi shafqatsiz bo‘ladi degani emas. Grippni eslang. Endilikda amalda uning xavfini kamaytiruvchi vaksina va dori-darmonlar mavjud. Bundan tashqari, kasallikka chalingan odam organizmlari virusga nisbatan ko‘proq qarshilik ko‘rsatishi mumkin.
8. 12-18 oyda vaksina paydo bo‘ladimi?
Bu kabi muddatlar haqida ommaviy axborot vositalarida tez-tez muhokama qilinmoqda, ammo barcha mutaxassislar ham bu fikrga qo‘shilmaydi.
«Vaksina bu yil kuzda yoki hatto keyingi yilda tayyor bo‘lishiga umid qilish ham juda optimistik fikrdir», deydi epidemiolog Josh Misho.
Vaqt vaksina ishlab chiqilishidagi juda muhim omil. Dori vositasi haqiqatan ham uzoq vaqt davomida himoya qilishini va uning xavfli nojo‘ya ta’siri yo‘qligini tushunish uchun olimlarga oylar kerak. Laboratoriya sharoitlarida qo‘l kelgan amaliyot haqiqiy dunyoda ham ish berishini tekshirish juda muhimdir.
Agar faqat vaksina yaratilishiga umid bog‘lansa, yana oylar va hatto yillar davomida ijtimoiy masofalanish choralariga rioya etib yashashga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, vaksinaga erisha olmaslik ehtimoli ham mavjud.
9. Covid-19 uchun dori yaratiladimi?
Vaksina yaratishning iloji bo‘lmasa ham, olimlar koronavirus xavfini kamaytiradigan dori yaratishi mumkin. Masalan, OIV bilan bo‘lgani kabi.
Vaqt o‘tishi bilan OITS qo‘zg‘atuvchilari bilan kurashadigan, uning tarqalishini sekinlashtiradigan, shuningdek infeksiyani boshqa odamga yuqtirish ehtimolini kamaytiradigan dorilar paydo bo‘ldi.
Koronavirusga qarshi shunga o‘xshash dorilar juda foydali bo‘lar edi. Xususan, koronavirus kasalligi kechishini og‘irlashtiradigan boshqa jiddiy xastaliklarga ega odamlar uchun. Ammo hozirgacha ko‘p muhim narsalar noma’lum. Masalan, kasallik semizlarda qiyin kechayotgani rostmi yoki gap ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi aksariyat odamlar chalingan diabet xastaligidami? Ular bir-biri bilan qanday aloqador? Javoblar turli odamlarning zaruratlarini tushunishga yordam beradi, dori paydo bo‘lishi esa asoratlar va o‘lim xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
10. Sun’iy nafas yetkazib beruvchi jihozlar (IVL) ko‘proq ishlab chiqarilishi kerakmi?
Epidemiya boshlanishida hamma bunday moslamalar mavjud bo‘lganidan ko‘proq kerak bo‘ladi degan fikrda edi. Nafas olishda qiyinchilikka duch keluvchi bemorlarga yordam berish kerak deb ishonilgan. Ammo prognozlar buni tasdiqlanmadi. Aftidan, ijtimoiy masofalanish virus tarqalishini sekinlashtirdi, hatto eng og‘ir vaziyatlarni boshdan kechirgan Nyu-York kabi shaharlar shu orqali vaziyatni yo‘lga sola oldi.
Shuningdek, IVL apparatlarining foydasi avval o‘ylanganidan kamroqligi haqida taxminlar mavjud. Agar bemorlar undan juda uzoq vaqt foydalansa, u zarar yetkazishi mumkin. Ammo bu jumboqni aniq tushunish uchun vaqt kerak.
Shunday qilib, o‘pkani shamollatuvchi jihozlar bilan bog‘liq vaziyat ikki tomonlama. Bir tomondan, ushbu vosita biz o‘ylaganimizdan kamroq samara berishi mumkin. Boshqa tomondan, kasallarga yordam berishda ko‘plab qimmat va murakkab qurilmalarga ehtiyoj sezmasligimiz mumkin.
Odamlarning hayoti bog‘liq bo‘lgan savollarga aniq javoblar yo‘qligini tushunish qiyin. Bu noaniqlik, barchamiz duch keladigan qo‘rquv va xavotirni kuchaytiradi. Shuning uchun, mas’uliyat va ehtiyotkorlik haqida unutmaslik juda muhimdir. Hamma narsa biz kutgandek ketmagan taqdirda, moslashishga tayyor bo‘ling. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»