19:45 / 01.04.2021
2 337

O‘zbekiston COVID-19’ga qarshi o‘z vaksinasini ishlab chiqishni boshladi

O‘zbekiston COVID-19’ga qarshi o‘z vaksinasini ishlab chiqishni boshladi
O‘zbekiston COVID-19’ga qarshi o‘z vaksinasini ishlab chiqishni boshladi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev ma’lum qildi.

«Bugungi kunda O‘zbekiston olimlari tomonidan COVID-19’ga qarshi birinchi vaksinaning S oqsil molekulasi yaratildi. Yaqin kunlarda hayvonlarda klinikoldi tadqiqotlarini boshlash rejalashtirilmoqda», — degan u.

Abduhakim Hojiboyev, shuningdek, COVAX doirasida 2021 yilning may–iyun oylarida 2 million doza AstraZeneca, aprel–iyun oylarida esa 3,5 million doza ZF-UZ-VAC 2001 vaksinalarini O‘zbekistonga keltirish rejalashtirilganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda vaksinalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida 2020 yilning noyabr oyida ma’lum bo‘lgandi. Prezidentning «Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida O‘zbekistonda vaksina ishlab chiqarish maydoni va xalqaro standartlarga javob beradigan sinov laboratoriyasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

«Biz bu yo‘nalishda yaxshi ilmiy-texnik imkoniyatga egamiz, biotexnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan institutlar, OTMlar mavjud. Biroq, afsuski, bizda bu sohada sanoat korxonalari yo‘qligi sababli bu tadqiqotlarni ishlab chiqarish va tijoratlashtirish deyarli imkonsiz», — degan edi innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova.

«Prezident xavfsizlikning uchinchi darajasidagi zamonaviy laboratoriya yaratish bo‘yicha topshiriq berdi. U yerda ilmiy xodimlar vaksinalarning yangi turlarini yaratishi, viruslarning yangi shtammlari ustida ishlashi mumkin bo‘ladi», — deb ta’kidlagandi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev.

«O‘zbekiston 24» telekanali reportajida vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha maydonning yaratilishi taxminan 53 million dollarga, laboratoriyani tashkil etish esa 8 million dollarga tushishi mumkinligi ma’lum qilingan. Xavfsizlikning BCL 3 darajasiga mos keladigan sinov laboratoriyasi Tashkent Pharma Park farmatsevtika klasteri hududida tashkil etiladi.

2020 yilning 17 aprel kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri qurilishi boshlangandi.

O‘zbekistonda bugungi kunda 1 million 660 ming doza vaksina bor. Ularning 660 ming dozasi COVAX jamg‘armasi tomonidan olib kelingan AstraZeneca vaksinasi, 1 million dozasi O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi.

Aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan boshlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston COVID-19’ga qarshi o‘z vaksinasini ishlab chiqishni boshladi