2 149
O‘zbekiston ko‘proq sifatli ish o‘rinlari yaratib kambag‘allikni ikki baravar qisqartirishi mumkin
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berdening Toshkentga navbatdagi amaliy tashrifi bo‘lib o‘tadi. U O‘zbekiston iqtisodiy forumida ishtirok etadi.
Mamlakatga tashrifi arafasida Anna Berde so‘nggi besh yil mobaynida o‘tkazilgan islohotlar natijasi va O‘zbekistonda 2030 yilgacha kambag‘allikni ikki baravarga qisqartirish, shuningdek, aholi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish vazifasini amalga oshirish borasida hal qilish talab etiladigan muhim vazifalar to‘g‘risida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yil mobaynida misli ko‘rilmagan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni boshdan kechirgan O‘zbekiston uchun hal qiluvchi payt yaqinlashmoqda.
“Bundan besh yil avval O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritish oson ish emasdi. Xorijiy valyuta muomalasiga qo‘yilgan cheklovlar tadbirkorlarning qo‘lidagi tushov edi. O‘zbekistonda valyuta ayirboshlash umumiy hajmining deyarli yarmi norasmiy bozorlarda amalga oshirilar edi.
Mamlakatning soliq tizimi esa iqtisodiyot gardanidagi og‘ir yuk edi. Soliqlarning balandligi tufayli tadbirkorlar o‘z bizneslarini rivojlantirish yoki yangi ish o‘rinlari yaratishdan manfaatdor bo‘lmas, ishchi kuchiga qo‘yilgan yuqori soliqlar sabab ishchi yollash ish beruvchilarga o‘ta qimmatga tushardi. Soliq to‘lashdan qochish keng tarqalgan holat bo‘lib, budjetga kelib tushadigan soliq va yig‘imlar tushumi kam sonli yirik kompaniyalarga bog‘liq bo‘lib qolgandi.
Kuchli davlat nazorati biznes imkoniyatlarini cheklab kelgan. Tadbirkorlik faoliyatini litsenziyalashdagi murakkab talablar bozordagi raqobatning rivojlanishi va ishlab chiqarish-ta’minot zanjirining to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilgan. Chegaradagi uzoq muddatli ushlanib qolishlar tadbirkorlar uchun xarajatlarning oshishiga va qimmatbaho meva-sabzavot mahsulotlarining iste’molga yaroqsiz holga kelishiga olib kelgan.
Ushbu cheklovlar nafaqat mahalliy tadbirkorlarning xarajatlari oshishiga olib kelgan, ular, shu bilan birga, samaradorlikni pasaytirib, korrupsiyaga keng yo‘l ochgan. Bu hol mamlakatda rasmiy tadbirkorlikdagi raqobatbardoshlikka putur yetkazar va yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga turtki berardi.
Besh yil avval mamlakatdagi vaziyat shunday edi. Bugungi kunda tadbirkorlik sharoitlari ancha yaxshilandi”, deydi Anna Berde.
Ta’kidlanishicha, xorijiy valyuta bilan muomala qilish bugungi kunda muammo emas.
“Garchi norasmiy bozorlar butunlay yo‘qolib ketgan bo‘lmasa-da, bank va “bozor” kursi kamdan kam hollarda farq qiladi. Endilikda deyarli hech kim norasmiy bozor xizmatlaridan foydalanmay qo‘ydi.
Mamlakatning soliq tizimi ham ancha adolatli va samarali yo‘nalishda o‘zgartirildi. Tadbirkorlar va ishchilarga solinadigan soliqlar miqdori kamaytirildi, soliq qonunchiligi talablarini bajarish osonlashdi.
Soliq tizimida 2018 yilda amalga oshirilgan islohotlaridan so‘ng qo‘shimcha 1,4 million nafar fuqaro va firmalar soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdilar, binobarin, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagandan ko‘ra soliqni to‘lash afzalroq bo‘lib hisoblana boshlandi. Soliq stavkalari keskin kamaytirilganiga qaramasdan, davlat budjetiga tushumlar bir necha baravar oshdi.
Tadbirkorlik va savdoni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar tadbirkorlarga moslab qulaylashtirildi. Yangi tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish, turistlar oqimi ko‘rsatkichlari hamda xorijiy kapital ishtirokidagi mahalliy firma va kompaniyalar soni tarixda kuzatilmagan darajada oshdi.
2020 yilda dunyodagi aksar mamlakatlarda aholi jon boshiga YAIM qisqargan bir sharoitda, O‘zbekiston, ko‘p jihatdan, mazkur islohotlar sharofati bilan iqtisodiy o‘sishning ijobiy sur’atlarini saqlab qola oldi.
COVID-19 keltirib chiqargan salbiy oqibatlarga javoban islohotlar dasturiga tuzatishlar kiritildi. Fuqarolar hayoti va farovonligini saqlab qolish maqsadida ijtimoiy himoyani kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jadallashtirildi. Bugungi kunda sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini takomillashtirishga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar kishida ijobiy tasavvur uyg‘otadi. Shu bilan birga, mamlakat o‘zining mavjud salohiyatini to‘laqonli ochishi uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak.
2030 yilga borib kambag‘allik darajasini ikki baravarga qisqartirish va daromad darajasi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish uchun O‘zbekistonga yanada ko‘proq sifatli ish o‘rinlari kerak.
2017 yilga qadar har yili 600 000ga yaqin yangi ish qidiruvchi mehnat bozoriga kirib kelar va taklif qilingan atigi 200 000 yangi ish o‘rinlaridan biriga ega bo‘lish uchun raqobatlashishga majbur edilar. So‘nggi yillarda yangi ish o‘rinlari soni oshganiga qaramasdan, ishsizlik masalasi hal qilinishi dolzarb bo‘lgan muammolar sirasida qolmoqda.
2030 yilgacha O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasidagi qator maqsadlariga erishishi uchun ish o‘rinlari yaratish jarayonini qay tarzda tezlashtirish mumkin? Mazkur vazifani hal qilish uchun to‘rt muhim instrumentni ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiq”, deydi Anna Berde.
Birinchi — xususiy sektorning o‘sishini rag‘batlantirish. Ishbilarmonlik muhiti yaxshilanganiga qaramay, firmalar haligacha yer resurslari, kapitalga ega bo‘lish va energiya singari ishlab chiqarish omillarining uzluksiz ta’minoti bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mahalliy bozorlardagi raqobatning yetarli darajada rivojlanmaganligi, infratuzilma imkoniyatlari va global bozor bilan integratsiyaning cheklanganligi ham yanada ko‘proq sifatli ish o‘rinlari yaratish imkoniyatiga ega bo‘lgan xususiy sektorning rivojlanishiga xalaqit qiladi.
“Bugungi kunda 2000dan oshiq davlat ishtirokidagi korxonalar hanuzgacha iqtisodiyotda yetakchilik qilib, xususiy sektorning o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Xususiylashtirishni, ayniqsa, kichik davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirishni tezlashtirish O‘zbekistonda xususiy sektor ko‘lamining kengayishiga va milliy iqtisodiyot uchun ko‘proq ish o‘rinlari yaratilishiga yordam bergan bo‘lar edi”, deydi Jahon banki vitse-prezidenti.
Ikkinchi — xususiy sektorni kengaytirishda davlatning yordamchilik vazifasi. O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida davlatning iqtisodiyotdagi o‘rni o‘zgarishi kerak bo‘lgan muhim pallaga qadam qo‘yildi – u tovar ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchidan xususiy sektorning kengayishiga ko‘maklashuvchi instrumentga aylanishi kerak. Binobarin, me’yoriy-huquqiy hujjatlar iqtisodiyotning barcha sub’ektlari uchun yanada aniq, adolatli va shaffof bo‘lishi lozim.
Katta hajmdagi davlat investitsiyalari hamon davlat korxonalariga yo‘naltirilmoqda. Xususiy sektor faol ishlayotgan, yuqori o‘sish salohiyatiga ega meva-sabzavotchilik, turizm va xizmat ko‘rsatish kabi iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yanada rivojlangan infrastruktura va samarali davlat xizmatlari zarur.
Joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va ularni moliyalashtirish borasida ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash masalalarida hududlarning vakolatlarini kengaytirishga ehtiyoj mavjud. Bu mazkur hududlarning iqtisodiy raqobatdagi ustun jihatlaridan yanada samaraliroq foydalanish va butun mamlakat bo‘ylab aholi o‘rtasida farovonlikning keng taqsimlanishiga imkon yaratadi.
Uchinchi — inson resursiga sarmoyalarni ko‘paytirish. Ixtisoslik malakalari va bilimlarining yetishmasligi tadbirkorlikni rivojlantirishga investitsiya kiritishni sezilarli darajada cheklaydi. Oliy ta’lim olish imkoniyat keskin o‘sdi, shu bilan birga, malaka oshirish va kasbiy-texnik ta’limga davlat investitsiyalari sezilarli oshirildi. Bu ishlarni kelgusida ham kengaytirib borish, bunda harakatlantiruvchi kuchi xususiy sektor bo‘lgan yangi iqtisodiyot ehtiyojlariga ta’lim tizimini moslashtirish zarur.
Sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlariga investitsiyalarning oshirilishi, shuningdek, gender tengsizlik va yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasining oshishiga olib keluvchi cheklovchi siyosatdan voz kechish O‘zbekiston inson kapitaliga yanada ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
To‘rtinchi — ekologik barqarorlikni takomillashtirish. O‘zbekiston iqtisodiyoti dunyodagi eng ko‘p resurs sarflaydigan iqtisodiyotlardan biridir. Mamlakat neft va gaz zaxiralarining kamayib borishi nuqtayi nazaridan, mavjud iqtisodiyot modeli barqaror bo‘lib hisoblanmaydi. Iqlim o‘zgarishlari allaqachon suvni kamyob manbaga aylantirdi. Atmosferaga karbonat angidrid tashlamalarini qisqartirish va atrof-muhitni saqlash bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rish O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishni barqarorlashtiradi. Ekologik barqarorlikning oshishi atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq xatarlarni yaxshiroq boshqarish, kelgusi avlodlarga ularni yengib o‘tishga ko‘maklashish, shuningdek, bugunning o‘zidayoq yangi bozorlar va ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
“Mazkur islohotlarni amalga oshirish, albatta, oson ish emas. Bu puxta o‘ylangan sa’y-harakatlar va ularni amalga oshirish yuzasidan muntazam nazoratni talab etadi. Binobarin, bu ishlar natijasida yangi ish o‘rinlari, xususiy sektorning kengayishi va atrof-muhitga nisbatan yanada ehtiyotkorona munosabat ko‘rinishidagi aniq natijalarga erishiladi. Puxta o‘ylangan islohotlar ish o‘rinlarining oshishiga zamin yaratadi, shuningdek, iqtisodiy yangilanishlar jarayonini jadallashtirish bilan birga, ayni paytda, mamlakat fuqarolari farovonligini oshiradi”, deb o‘z fikrlarini yakunladi Anna Berde. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin