07:53 / 09.11.2021
1 813

O‘zbekistonda Oliy sport mahorati instituti tashkil qilinadi

O‘zbekistonda Oliy sport mahorati instituti tashkil qilinadi
«Sport ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish orqali olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar zaxirasini shakllantirish sifatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Olimpiya zaxiralari kollejlari negizida Ta’limning xalqaro standart tasniflagichining 5-darajasiga mos ta’lim muassasasi shaklidagi olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari tashkil etiladi.

2022/2023-o‘quv yilidan (2022-yil 1-sentabrdan):

- olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari kontingenti faqat olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha shakllantiriladi (bundan milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari mustasno);
- O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tavsiyasiga asosan mazkur kollejlarning tegishli paralimpiya sport turlari bo‘limlariga yuborilayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun 10 foizgacha qo‘shimcha kvotalar ajratiladi;
- ta’lim jarayoni umumiy o‘rta ta’lim hamda o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlarida amalga oshiriladi;
- olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari, shuningdek, bolalar-o‘smirlar sport maktablari hamda ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida qabul kvotalari erkaklar va ayollar uchun 2024/2025-o‘quv yilidan teng ravishda belgilanadi (2022/2023-o‘quv yilida ayollar ulushi 30 foiz, 2023/2024-o‘quv yilida – 40 foiz, 2024/2025-o‘quv yilida – 50 foizni tashkil qiladi);
- o‘quvchilarni tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi bekor qilinadi.

Qaror bilan shuningdek, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji bazasida uch yillik «spetsialitet» dasturini amalga oshiradigan davlat OTM shaklidagi ixtisoslashtirilgan Oliy sport mahorati instituti tashkil qilinadi.

Institutga faqat olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarini bitirib olimpiya sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari bo‘lgan yoshlar sport natijalariga qarab hamda seleksiya bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

2022-yil 1-avgustdan hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maxsus sport tizimini boshqarish platformasi orqali amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda Oliy sport mahorati instituti tashkil qilinadi