date 14:06 / 02.03.2022
views 2 131

Oʻzbekistonda mahalla raislariga qoʻshimcha huquqlar berildi

Oʻzbekistonda mahalla raislariga qoʻshimcha huquqlar berildi
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etilgani toʻgʻrisida xabar berilgandi. Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanalining yozishicha, «Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi prezident farmoni qabul qilingan.

Farmon bilan Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi. Qoʻmita oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Oila va xotin-qizlar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qoʻmita bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Farmon bilan quyidagi lavozimlar kiritilgan:
- Vazirlar Mahkamasiga – Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga – Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi;
- viloyat hokimliklariga – hokim oʻrinbosarlari – oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari;
- tuman (shahar) hokimliklariga – hokim oʻrinbosarlari – oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari lavozimlari.

Quyidagi lavozimlar tugatilgan:
- mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri;
- mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari;
- mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari boshliqlari lavozimlari.
- har bir shaharcha, qishloq, ovulda, har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi.

Farmonga koʻra, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi nuroniy va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, mahallalar bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Mahalla, nuroniy va keksalar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari vazirlik bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Farmonga koʻra, mahalla raisiga qoʻshimcha huquqlar berilgan:
  • mahalla raisi, jumladan, tuman (shahar) hokimi yordamchisi, mahalladagi yoshlar etakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarini ragʻbatlantirish yoki ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha mazkur xodimlarning yuqori turuvchi tashkilotlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritishi mumkin.

Shuningdek, 2022 yil 1 iyulgacha «Mahalla toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Farmon bilan shuningdek, aholi muammolarini oʻrganish, tahlil qilish va hal etish hamda murojaatlarni davlat organlari va tashkilotlari tomonidan koʻrib chiqishning bir-biri bilan uzviy bogʻlangan toʻrt pogʻonali «mahalla–tuman–viloyat–respublika» tizimi joriy etilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston