19:06 / 28.04.2022
1 276

Ronalduning ishini “Roma”ning ikki hujumchisi bajaradi!

Ronalduning ishini “Roma”ning ikki hujumchisi bajaradi!
“Manchester Yunayted”dagi bosh murabbiylik faoliyatiga rasmay mavsum yakunlanishi bilan kirishadigan Erik ten Xag hozirdan o‘ziga kerakli o‘yinchilarni tanlay boshladi.

Ten Xag hujum chizig‘iga yangi o‘yinchilarni olib kelmoqchi. Ayni paytda manchesterliklarning asosiy to‘purari bo‘lib turgan Krishtianu Ronalduning niderlandiyalik mutaxassis qo‘l ostida o‘ynashi so‘roq ostida turibdi. Ten Xag portugaliyalik yulduz uning taktik sxemalari va futbolchilarga qo‘yadigan talablariga mos emasligini aytgan.

Daily Express nashrining xabar berishicha, niderlandiyalik mutaxassis o‘z jamoasida “Roma” hujumchisi Nikolo Dzanoloni ko‘rmoqchi. Erik ten Xag 22 yoshli futbolchiga shaxsan o‘zi qiziqmoqda.

Rim klubi rahbariyati ham klub bilan amaldagi shartnomani uzaytirishga shoshilmayotgan Dzanoloning narxi tushib ketmasidan uni yozda sotib yuborishga qarshi emas. Rimliklar Nikoloni 50-60 million yevro atrofidagi mablag‘ evaziga qo‘yib yuborishga tayyor.

Dzanologa A Seriyaning o‘zidan “Yuventus” jiddiy qiziqish bildirmoqda va uni yozda klubdan ketadigan Paulo Dibalaning o‘rniga olib kelmoqchi. Bundan tashqari, Nikolo Angliyaning bir necha klublari nishonida turibdi.

Ta’kidlash lozimki, manchesterliklar “Roma”ning asosiy to‘purari Temmi Abraxamni ham o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Ular angliyalik hujumchini premer-ligaga qaytarish uchun “Arsenal” bilan raqobatlashishga tayyor.

“Kanonirlar” yaqinda 24 yoshli to‘purar uchun 60 million yevro to‘lashga tayyor ekanini bildirgandi.

Biroq, “bo‘rilar” o‘z yetakchisining narxi 80 million yevrodan boshlanishini uqtirdi. “Manchester Yunayted” mutasaddilari tarkibni tubdan yangilashni rejalashtirayotgan bir paytda Temmi Abraxam uchun so‘ralayotgan summani to‘lashga qarshi emas.

Agar bu transferlar amalga oshsa, “Manchester Yunayted”ning asosiy hujum kuchini Abraxam va Dzanolo tandemi tashkil qiladi.

Abraxam maqsadini aytdi

“Roma” hujumchisi Temmi Abraxam o‘ziga Angliya premer-ligasi klublari – “Arsenal” va “Manchester Yunayted”dan bo‘layotgan qiziqishlarga munosabat bildirdi.

- Men Angliyada ulg‘ayganman. Tabiiyki, mening kelajagimni ingliz klublari bilan bog‘lashadi. Bu odatiy hol. Hozir bor e’tiborimni “Roma” va uning muvaffaqiyatga erishishiga qaratganman. Hozir Konferensiyalar ligasida “Lester” to‘sig‘idan o‘tish haqida o‘ylayapman, - dedi Temmi Abraxam.

“Roma” 24 yoshli to‘purarni ham sotib yuborishga qarshi emas. Rimliklar bu transferni 80 million yevroga baholamoqda.

Agar poytaxt klubi mavsum yakunlanganidan keyin ham Abraxamni Rimda olib qoladigan bo‘lsa, “Chelsi” kelasi yili uni ilib ketishi mumkin. Chunki o‘rtadagi kelishuvga ko‘ra, “arsitokratlar” o‘z tarbiyalanuvchisini 2023 yilning yozida birinchi bo‘lib 80 million yevroga sotib olish huquqiga ega.

“Roma” narxni tushirmoqchi

“Roma” rahbariyati yozda “Aston Villa” yarim himoyachisi Duglas Luisni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Angliya klubi bir yillik shartnomasi bor braziliyalik charm to‘p ustasi transferi uchun 30 million yevro talab qilmoqda.

Rimliklar Premer-liga vakillarini 23 yoshli o‘yinchini arzonroq narxga qo‘yib yuborishga ko‘ndirishga harakat qilyapti.

Duglas Luis “Vasko de Gamma” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Iste’dodli futbolchi 2017 yili “Manchester Siti”ga 12 million yevro evaziga transfer qilingan. Duglas “shaharliklar”ning asosiy tarkibiga kira olmagani uchun ikki mavsum Ispaniya vakili “Jirona”da ijarada o‘ynadi.

2019 yili “Aston Villa” Duglas Luisni 16,8 million yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi. Duglas joriy mavsumda 29 marotaba maydonga tushib, bitta gol va uchta golli pas muallifi bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronalduning ishini “Roma”ning ikki hujumchisi bajaradi!