Har qanday sarguzasht undagi qahramonlarning mehnati va jasoratidan kelib chiqib turli xotima topadi. Sportda omad muhim omil, albatta, lekin u doim kuchlilarga kulib boqishini unutmaslik lozim. Saudiya Arabistonidagi 6 bahs, 6 xil jarayon va shuncha "jang!" Yorqin voqealar inson xotirasida qanday saqlanib qolishi yuqorida aytib o‘tganimdek yakunga bog‘liq.
Bugun "Nasaf"ning past-balandliklardan iborat bo‘lgan 1 oylik jarayoni nihoyasiga yetdi. Quvonarlisi shundaki, hammasi "ajdarlar" uchun ko‘ngildagidek tugadi. Bir qarashda, birgina o‘yin va boshqa bahslardagi qulay hisoblar jamoaga pley-off eshigini ochgandek bo‘lishi mumkin, ammo ishoning, unday emas! Hozir "Nasaf" a’zolari uchun ortda qolgan 6 sinov qanday o‘tganini sovuq bosh va emotsiyalarsiz qisqacha yodga olamiz!
8 aprel, "Al-Sadd" - "Nasaf" 1:1
Emotsional jihatdan juda og‘ir, ammo yakunda foyda bergan bir ochko
Berdiyev shogirdlari "Al-Sadd" bilan bahsga yaqqol autsayder sifatida chiqib keldi. Birinchi bo‘lib gol kiritgani va ikki kishi ko‘p bo‘lib harakat qilayotganiga qaramay, yakunda durangga imzo chekdi. Aynan shu o‘yin sababli "Nasaf" keskin tanqidlar yomg‘iri ostida qoldi. Ayrim jurnalistlar jamoada "dux" yo‘q ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa, boshqalar Qarshi jamoasi guruhda so‘nggi o‘rinni egallashini bashorat qila boshladi. Katta ehtimol bilan, bu o‘yin Berdiyev shogirdlari uchun guruhdagi eng og‘iri bo‘ldi. 2 kishi ko‘p bo‘lib harakat qila turib, g‘alabani qo‘lga kirita olmagani bois, yigitlar kichik shok holatiga tushgani rost.
11 aprel, "Nasaf" - "Al-Vehdat" 2:0
"Ajdar"ning uyg‘onishi
Iordaniyaliklar birinchi turda Saudiya klubidan ochko olgani bois, 9 kishi bo‘lib qolgan "Al-Sadd"ni yuta olmagan yoshlardan iborat jamoa bilan bellashuvga favorit maqomida chiqib keldi. Amalda esa, hammasi o‘zgacha ko‘rinish oldi. Ro‘ziqul Berdiyev raqib o‘yinini mukammal o‘rganib chiqqani naf berdi. Qarshiliklar to‘p nazorati, pozitsion hujumlar, zarbalar va jamoaviy futbol borasida bu guruhda "podarka" emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Aslida, g‘alaba o‘z yo‘liga. Birinchi uchrashuvdagi depressiyadan chiqib ketish uchun bu g‘alaba katta yordam berdi. Bundan tashqari, olingan 3 ochko OCHLda ilk bor ishtirok etayotgan yigitlarni o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi shakllanishini ta’minladi. Aynan shu omil qolgan 4 o‘yinda "xalq jamoasi"ga katta dalda bergani rost.
16 aprel, "Nasaf" - "Al-Faysali" 0:1
Butun jamoa uchun bir umrlik saboq
Saudiya klubi bilan ilk o‘yinda "Nasaf" birorta aspektda raqibdan kuchsiz ko‘rinmadi, ammo bitta xato tablodagi hisobga ta’sir qildi. Asosan, Superliga va OFK kubogida to‘p tepgan yigitlar "katta o‘yin"larda xato qanchalar qimmatga tushishini chuqur his qildi. O‘ylashimcha, "Al-Faysali" qarshiliklarning ishtiyoqi baland yigitlarini o‘z kuchini o‘ziga qarshi ishlatib taslim etdi. Bahs yakunlangach, Marinus Uzunidis "ajdarlar"ni guruhdagi eng kuchli raqib deb atadi. Bu uchrashuv biznikilar uchun omadsiz yakunlangan bo‘lsada, kvartetdagi boshqa jamoalar O‘zbekistondan kelgan kamtarin yigitlar birlashsa, qudratli kuchga aylanishini anglab yetdi. Bu ikkinchi davrada "Nasaf"ga qarshi barchani ehtiyotkor to‘p tepishga chorlagan edi.
20 aprel, "Al-Faysali" - "Nasaf" 0:0
Alamli, biroq juda kerakli 1 ochko
Bu bahs umuman boshqacha natija bilan yakunlanishi mumkin edi, biroq saudiyaliklar juda ham tartibli o‘yin namoyish etdi. O‘z navbatida, "Nasaf" ham bo‘sh kelgani yo‘q. Ikki jamoa ham xato qilmagach, tabloda nursiz durang paydo bo‘ldi. 0:0 fonida Abduvohid Ne’matovning fantastik seyvi ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilib ketgani aniq. Yodingizda bo‘lsa, posbonimiz ikkinchi taymda raqibning keskin qarshi hujumi sababli yuzaga kelgan birga-bir vaziyatda jamoasi joniga ora kirdi. Bu bahs bugungi "ajdarlar" faoliyatidagi ikkinchi "katta o‘yin" deb hisoblasak, ular birinchisidan to‘g‘ri xulosa chiqarganini isbotladi. Yaxshi futbolchilar tez o‘rganadi, deb bekorga aytishmaydi.
23 aprel, "Nasaf" - "Al-Sadd" 3:1
Burilish nuqtasi
Berdiyev shogirdlari Qatar chempionatida mag‘lubiyat nimaligini bilmay chempionlikni qo‘lga kiritgan "Al-Sadd"ni "sochib tashladi". Va eng muhimi, bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q! 90 daqiqa pressing, har bir epizodni oxirigacha o‘ynab qo‘yish va kuchli ishtiyoq futbol hali tirik ekanligini isbotlab berdi. Qarshiliklar yaxlit bir mexanizmga aylangan holda, katta pullar, super legionerlar va xorijlik mutaxassisga suyangan "Al-Sadd"ga maydonda "nafas olish"ga bermadi, yakunda 3:1! Aslida, g‘alaba o‘z yo‘liga. Katta ehtimol, bu o‘yinda ishtirok etgan futbolchilar ortga "katta futbolchi" bo‘lib qaytadi. Aynan shunday ijrochilar og‘ir vaziyatda katta sahnaga chiqishdan qo‘rqmaslikni o‘rganadi. Berdiyev jamoasi JCHni qabul qiluvchi mamlakat chempionidan olingan 3 ochko qiymatini kelajakdagi muhim bahslarda qanday naf berishini hozir hech kim taxmin qilmayapti.
27 aprel, "Al-Vehdat" - "Nasaf" 2:2
Yaralangan sher hamlasi bartaraf etildi
Iordaniya klubi so‘nggi turda 3:0 hisobdagi g‘alaba yordamida ikkinchi o‘rinni egallashi mumkin edi. "Nasaf" hatto, 2 to‘p farqi bilan yengilib ham pley-off ishtirokchisiga aylanish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Afsuski, futbolimizda eng muhim pallada maydondagi futbolchilarimizni asablari dosh bermasligiga ko‘nikib qolganmiz. Shuning uchun ham "Nasaf"dan xavotir olganimiz rost. "Al-Vehdat" yaralangan sher kabi jangga kirdi. "Ajdarlar" birinchi bo‘lib "hamla" qilganiga qaramay, raqib tezda o‘zini o‘nglab, ikki bor hisobni tenglashtirdi. Yakunda 2:2 va "Nasaf" 2-pog‘onani o‘ziniki qilib, pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Yakun: Tarixiy voqea
O‘yin unutiladi, natija qoladi. Bu shafqatsiz haqiqat doim o‘zini oqlagan. "Nasaf" juda ko‘p bor OCHL o‘yinlarida yaxshi o‘ynab yengilgan, lekin ularni hech birini bugun muxlislar yodga olmaydi. Bu safar endi aksi. Ishqibozlar o‘z jamoasi tarixida birinchi bor qit’amizning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasi pley-offida ishtirok etishini o‘ylab xursand bo‘lishi mumkin.
Guruh bosqichidagi o‘yinlar ular uchun o‘tmishda qoldi. Futbolchilar uchun esa, tamomila teskarisi. Saudiya Arabistonida o‘tgan 6 o‘yin ular uchun hech qayerda o‘rgatilmaydigan bilim, pulga sotib olishning imkoni bo‘lmagan tajriba va og‘ir kunda o‘z kuchiga ishona olish imkoniyatini taqdim etdi. Agar "ajdarlar" pley-offda ham yaxshi natija qayd etsa, ajablanib yurmang. Berdiyev shogirdlari "qon isini olishdi". Endi, bundan kamiga rozi bo‘lishlari imkonsiz.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi