Italiya chempionati ham oxiriga yaqinlashgan sari yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalarning o‘zaro raqobati ham kuchayib bormoqda. Xususan, “Roma” 36-turga kelib, Yevrokuboklarga yo‘llanma beradigan o‘rinlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisi “Fiorentina” bilan to‘qnashadigan bo‘ldi.
A Seriya musobaqa jadvaliga e’tibor qaratsak, chempionat yakunlanishiga ikki tur qolgan paytda Yevropa ligasiga yo‘llanma beradigan beshinchi va oltinchi o‘rinlarga to‘rtta jamoa – “Atalanta”, “Latsio”, “Roma” va “Fiorentina” da’vogarlik qilmoqda.
Rimning ikkinchi klubi – “Latsio” 62 ochko bilan beshinchi pog‘onada mustahkam turibdi. “Roma” agar Florensiyadan g‘alaba bilan qaytadigan bo‘lsa, ochkolar hisobida o‘z hamshaharlariga yetib oladi.
“Atalanta” Joze Mourino jamoasidan bitta o‘yin ko‘p o‘tkazgan holda bir xil – 59 ochkoga ega. Agar “Fiorentina” futbolchilari “Roma”ni taslim etishni uddalay olsa, ochkolar hisobida bergamolik va rimliklarga yetib oladi va Yevropa ligasi yo‘llanmasi uchun kurash so‘nggi turgacha davom etadi.
“Roma”da Konferensiyalar ligasi finalida g‘olib chiqib, kelasi mavsum Yevropa ligasiga qo‘shilish imkoni ham bor. Buning uchun Mourino shogirdlari 25 may kuni Tiranadagi (Albaniya) finalda Niderlandiyaning “Feyenoord” klubini yengishi kerak. Mana shu uchrashuv portugaliyalik murabbiy uchun bu mavsumdagi eng muhim bahs hisoblanadi.
Rim futbolchilari yaqinda Konferensiyalar ligasi yarim finalida “Lester”ga qarshi juda og‘ir bahs o‘tkazdi. Italiya matbuoti, xususan, La Gazzetta dello Sport gazetasi va Salciomercato, Fiorentinauno, Footballnews24 saytlarining yozishicha, “Roma”ning ayrim yetakchi o‘yinchilari, xususan, mavsum boshidan beri muntazam boshlang‘ich tarkibda o‘ynayotgan Temmi Abraxamda charchoq alomatlari sezila boshladi.
La Gazzetta dello Sport va qator boshqa nashrlarning ta’kidlashicha, Joze Mourino mavsumdagi asosiy to‘qnashuv – Konferensiyalar finali oldidan ayrim o‘yinchilarga dam berishga qaror qilgan. Ya’ni, Florensiyada bo‘ladigan chempionat bahsida murabbiylar shtabi zaxiradagi o‘yinchilardan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, Joze Mourino bo‘lajak bahsda Rojer Ibanes o‘rniga himoya markazini Marash Kumbullaga topshirmoqchi. Qanotdagi yarim himoyachilar Rik Karsdorp va Nikola Zalevskiga ham dam olishi uchun imkon beriali. Ularning o‘rnini Eynsli Meytlend-Nayls, Stefan El-Shaaravi yoki Matias Vina egallashi kutilyapti.
Maydon markazidan Brayan Kristante olinib, Jordan Veretu ilk daqiqalardan harakat qilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘zgarishlar hujum chizig‘ini ham chetlab o‘tmaydi. Hujum juftligi – Temmi Abraxam va Nikolo Dzanolo o‘z o‘rnini Eldor Shomurodov va Feliks Afena-Gyanga bo‘shatib berishi aytilmoqda.
Demak, nufuzli nashrning tajribali mutaxassislari qo‘lga kiritgan ma’lumotlar o‘zini oqlasa, Eldor Shomurodovni maydonda ko‘ramiz.
“Fiorentina” va “Roma” A Seriya, Italiya kubogi, mamlakat Superkubogi va Yevropa ligasi doirasida o‘z tarixida o‘zaro 189 marotaba to‘qnash kelgan. Shu bahslarning 56 tasida Florensiya vakillarining qo‘li baland ko‘tarilgandi. “Roma”da o‘zaro uchrashuvlardagi g‘alabalar soni ko‘proq, ya’ni 67 ta. Yana 66 ta bahsda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 242:257. Poytaxtliklar foydasiga.
Bu yilgi chempionatning birinchi davrasida “Roma” ilk turdayoq “Fiorentina”ni qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Har ikki jamoa A Seriyaning so‘nggi uchta uchrashuvida ochko yo‘qtdi. Rimliklar “Napoli” va “Bolonya” bilan durang o‘ynadi va amaldagi chempion “Inter”ga yutqazdi. “Fiorentina” esa “Salernitana”, “Udineze” va “Milan”ning ustunligini tan olishga majbur bo‘ldi.
“Fiorentina” va “Roma” uchrashuvi 9 may kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi