Yevropa kuchli beshlik chempionatlaridan eng murakkabi hisoblangan A Seriyadagi ikkinchi mavsum Eldor Shomurodov uchun o‘zi kutganchalik sermahsul bo‘lmadi. Debyut mavsumida kamtaronat “Jenoa”da sakkizta to‘p kiritgan legionerimiz ancha qudratli bo‘lgan “Roma”ning asosiy tarkibidan chiqib qoldi.
O‘z o‘rnida, uning asosiy raqobatchisi bo‘lgan Temmi Abraxam o‘ziga bildirilgan ishonchni ortig‘i bilan oqladi va to‘purarlik borasida bir necha rekordlarni yangilab tashladi.
Shomurodovga odatdagidek barqarorlik yetishmadi. Ayrim uchrashuvlarda juda yorqin o‘ynab, gol va assistlar rasmiylashtirgan hamyurtimiz ba’zida maydondagi xatolari uchun Joze Mourino qahriga uchradi.
Eldor bora-bora mavsumni to‘liq zaxira o‘yinchisi maqomida o‘tkazdi. O‘zbek futbolchisi atrofida yuzaga kelgan vaziyat Shomurodovning “Roma”dan ketishi haqidagi gaplarning ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Tabiiyki, mavsum davomida legionerimizga “Sevilya”, “Torino”, “Leypsig”, “Frayburg”, “Monako”, “Xoffenxaym” kabi jamoalardan qiziqish bo‘layotgani haqidagi xabarlar ham Eldorning Rimdan ketishi mumkinligini asoslaganday bo‘ldi.
Shomurodovning “Roma” bilan 2026 yilgacha davom etadigan shartnomasi bor. Demak, nima bo‘lgan taqdirda ham uning kelajagi haqidagi so‘nggi qarorni klub mutasaddilari qabul qiladi. Chunki, ular o‘tgan yili yozda legionerimiz uchun ancha katta mablag‘ – 18 million yevro miqdorida xarajat qilgan.
Italiya matbuoti, xususan, Il Messaggero, Il Tempo, Corriere dello Sport, Giallorossi.net kabi manbalar “Roma” bir necha futbolchilar, jumladan, Shomurodov kelajagi bo‘yicha ham bir qarorga kelgani haqida axborot tarqatdi.
Unga ko‘ra, Rim klubi mutasaddilari bir necha o‘yinchilar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Masalan, yozda fransiyalik yarim himoyachi Jordan Veretuni sotib yuborish bo‘yicha ish boshlandi. Unga “Marsel” va “Arsenal”dan chorlov bo‘lyapti.
Asosiy tarkibga kira olmagan Amadu Diavaradan ham Joze Mourinoning hech qanday umidi qolmagan va bu yarim himoyachi o‘ziga boshqa klub topishi kerakligi aytildi.
Agar Brayan Kristante o‘ziga ham yaqinda yangi bitim tuzgan Janluka Manchini singari yiliga 3,5 million yevro to‘lanishini talab qilmoqda. Muzokaralarda tomonlar bir to‘xtamga kela olmasa, klub A Seriyaning o‘zidan bir necha xaridor chiqayotgan o‘yinchini ushlab o‘tirmaydi.
Klub rahbariyati qaroriga ko‘ra, yozda olingan ikki futbolchi – hujumchi Eldor Shomurodov va himoyachi Matias Vinaga Joze Mourino kelasi mavsum ham imkoniyat beradigan bo‘ldi. Bu ikki o‘yinchi mavsum davomida maydonda kam vaqt o‘ynadi va bor salohiyatini namoyish eta olmadi. Kuchli beshlik chempionatlarida Shomurodovni ham, Vinani ham Rim klubi kutgan summaga transfer qiladigan jamoa chiqmayapti.
Endi har ikki futbolchi “Roma” safida qoladi va ularga kelasi mavsum davomida Joze Mourinoga o‘z iqtidorini isbotlash imkoni beriladi. Mavsum oxirida natijaga qarab, ularning shartnoma oxirigacha qolishi yoki jo‘yali taklif chiqsa, transfer qilib yuborish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Eldor Shomurodov va Matias Vinadan tashqari, markaziy himoyachi Marash Kumbulla ham Mourino talabi bilan jamoada olib qolinadi. Janluka Manchini va Kris Smollingning asosiy tarkibdagi joyi kafolatlangan.
Himoyachilardan Rojer Ibanesga taklif tushsa, klub mutasaddilari xaridor bilan muzokaraga ochiqligi aytildi.
Maydon markazi vakillaridan yanvarda ijaraga olingan Eynsli Meytlend-Nayls “Arsenal”ga qaytarib yuboriladi. Uning o‘yini murabbiylar shtabiga ma’qul kelmadi. Serjiu Oliveyra bo‘yicha vaziyat boshqacha. Agar “Roma” muzokarachilari “Portu” rahbarlarini yanvarda kelishilgan 13 million yevrolik badal pulini pasaytirishga ko‘ndira olsa, portugaliyalik yarim himoyachi Rimda qoladi.
Oldingi chiziq vakillaridan Nikolo Dzanologa yangi bitim beriladi. Biroq, agar xaridorlar 22 yoshli hujumchi uchun 70-80 million yevro to‘lasa, klub uni ushlab qolmaydi.
Armanistonlik legioner Genrix Mxityaran esa, “Inter” bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgani aytilmoqda. Milanliklar 33 yoshli futbolchiga rimliklar ko‘nmagan shartlarda bitim taqdim qildi. Ya’ni, Genrix ikki yillik shartnoma va har mavsum uchun 3,5 million yevro maosh so‘ragan edi. Bu talab “Inter”ga ma’qul keldi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi