08:23 / 09.06.2022
3 603

Qiziq, yutgan biz-u, maqsadiga erishgan raqib jamoa bo‘ldi-ya?!

Qiziq, yutgan biz-u, maqsadiga erishgan raqib jamoa bo‘ldi-ya?!
Avvalo, o‘zbekistonlik muxlislarni g‘alaba bilan tabriklaymiz. Terma jamoamiz “Osiyo Kubogi-2023” saralash bahslarining ilk turini o‘tkazdi va uchta gol urdi. Raqibda esa darvozamizga javob golini urish uchun kuch ham, xohish ham yo‘q edi. Ha, bu shunaqa o‘yin bo‘ldi. Raqib Shri-Lanka edi-da. O‘zbekistonning g‘alabasiga shubha bo‘lgani yo‘q, faqat uchrashuvdan oldin nechta gol urishi borasida qiziqarli bahs-munozaralar bo‘ldi va hamma yirik hisobda yutishimizni istadi, bunga haqlimiz.

Balki 3:0 dan qoniqmaganlar ko‘proq bo‘lgandir-a? Terma jamoamizda ish boshlagan Srechko Katanes ilk bor rasmiy bahsda qatnashdi. U o‘yindan oldingi matbuot anjumanida raqiblar haqida gapirar ekan, quyidagi so‘zlarni aytgandi: “Konsentratsiyani saqlashimiz lozim. Chunki men bilaman juranalist yozayotgan narsalarni futbolchilar o‘qiydi. Agar 100 foiz tayyor bo‘lmasak, xuddi siz aytgandek, Shri-Lankadan va Maldiv orollari terma jamoasidan syurpriz bo‘lishi mumkin. Shunday narsalardan qo‘rqaman. Hamma futbol o‘ynashni o‘rganib olgan. Yaponiya va boshqa terma jamoalar Osiyo Kubogiga yo‘llanma olib bo‘lgan. Biz endi maydonga chiqamiz”.

Katanes raqiblar kuchsiz bo‘lsa-da¸ ularga hurmat bilan qarayapti va ehtiyotsizlik yomon oqibatlarga olib kelishini yaxshi bilgan holda futbolchilarini doim sergaklikda ushlab turibdi. Xullas, Shri-Lanka bilan o‘yin ham o‘tdi. Jamoamiz uchta gol evaziga yutib, uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Yaxshi o‘yin bo‘ldi, ammo boshqalarga yoqmagan bo‘lishi ham mumkin. Chunki yuqorida bejizga to‘xtalmadik, ya’ni ko‘proq gol urishimizni istashgandi. Buning ustiga gollardan ikkitasining standart vaziyatdan kiritilgani, o‘yindan kombinatsiyalar orqali gol urilmagani bo‘yicha ham tanqidlarni eshityapmiz.

Agar Xitoy, Quvayt, Iroq yoki BAA kabi termalarni shu hisobda yutsak bunday gap-so‘zlar bo‘lmasdi va qanday gol kiritilgani ham ortiqcha muhokamalarga sabab bo‘lmasdi. Bu yerda gap raqibning Shri-Lanka ekanida. Ammo standartdan urgan gollarimiz futbolchilarimizning mahorati, ularning ijrosi bilan bog‘liq bo‘ldi. Tan olaylik, baribir Jaloliddin Masharipov ham, Doston Hamdamov ham standart vaziyatni o‘ziga xos nozik did bilan amalga oshirishdi. Bu ham bir san’at, aslida.

O‘yinda yaqqol ko‘rindi, raqib jamoaning maqsadi iloji boricha o‘z darvozasidan kamroq gol o‘tkazish edi. O‘yinni chuqur himoyadan boshlab, chuqur himoya bilan yakunlashdi. Vakillarimiz dastlabki golni urib olishgunicha biroz asabiylashishdi. Chunki ko‘plab vaziyatlar, hujumlar tashkil etilayotgandi. Ammo darvozaboni ularning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Balki birinchi golni urib olgach, raqib “ochilib” ketadi va shunda bizga yanada osonroq bo‘ladi, deb ham o‘yladik.

Lekin Masharipovning golidan keyin ham shri-lankaliklar himoyadan chiqmadi va bu holat to o‘yin oxirigacha 3:0 dan keyin ham davom etdi. Qiziq, yutgan biz-u, ammo maqsadiga erishgan raqib jamoa bo‘ldi-ya?! Hisobning o‘ta yiriklashib ketishidan qo‘rqishgani bois ham himoyada kattagina “avtobus”ni qo‘yib olishdi. Ammo, baribir darvozaboni yaxshi taassurot qoldirdi. U ham o‘yin cho‘zishga uringaniga qaramay, juda ko‘plab vaziyatlarda jamoasini muqarrar gollardan saqladi.

Bosh murabbiy Eldor Shomurodovga oxirigacha imkoniyat berdi. Qolaversa, u sardorimiz. Gol urishini hammamiz kutdik, o‘zi ham juda xohladi. Balki shuning uchun uchrashuv mobaynida asabiylashib yurdi. Bunga raqib futbolchilarining maydonga yotib olaverishlari ham sabab bo‘ldi. Buning ustiga imkoniyatlardan foydalanishda omadi kelmadi, bu safar. Azizbek Amonov esa Erondagi to‘p surayotganidan beri o‘yini ancha “ochilibdi”. Unda kreativlik ko‘proq ko‘zga tashlandi. Nostandart harakatlar, kutilmagan zarbalar, dribling, umuman olganda, biz ushbu futbolchi misolida yana bir tajribaga ega bo‘lyapmiz.

Mayli, O‘zbekiston 3:0 hisobida bo‘lsa ham yirik natijaga erishdi. Guruhimizda Maldiv bilan Tailand borligini bilasiz. Dastlabki turda Tailand ham raqibini 3:0 hisobida yengdi. Lekin biz guruhdan chiqamiz, xavotirga o‘rin yo‘q. Buni muhokama qilishning o‘zi kulguli. Katanes mana shunday rasmiy uchrashuvlar orqali o‘zining falsafasini yanada shakllantiradi. Bungacha norasmiy turnirlar va o‘rtoqlik bellashuvlari orqali yigitlarni ko‘zdan kechirgandi. Baribir rasmiy va oddiy uchrashuvning farqi bor. Namangandagi o‘yinlar bizning foydamizga xizmat qiladi, ayniqsa Katanetsga!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qiziq, yutgan biz-u, maqsadiga erishgan raqib jamoa bo‘ldi-ya?!