12:39 / 03.07.2022
1 097

Modrich: PSJga qarshi kambek, Benzemaning “Oltin to‘p”ni olishi va Mbappening qarori haqida

Modrich: PSJga qarshi kambek, Benzemaning “Oltin to‘p”ni olishi va Mbappening qarori haqida
Madridning “Real” klubi yarim himoyachisi Luka Modrich ispan OAVga intervyu berdi. Quyida biz sizlarga buni taqdim etamiz.

Karim haqida
- Benzema bir vaqtning o‘zida hujumning turli nuqtalarida o‘ynay oladi. Bu Karimning ustun tomoni! U men o‘ynagan eng buyuk futbolchilardan biri hisoblanadi. Albatta, Benzema "Oltin to‘p"ga 100 foiz loyiq, lekin u bu sovrinni ancha oldin qo‘lga kiritishi kerak edi.

“Real” safidagi birinchi kunimdanoq u bilan o‘ynash menga zavq bag‘ishlagan va vaqt o‘tishi bilan Karim bilan yanada qadrdon bo‘lib qoldik. Men uning muvaffaqiyatidan hamda “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishi mumkinligidan xursandman. Benzema bunga loyiq.

Ramos haqida
- Mashg‘ulotlarga kelib, Serxio yo‘qligini ko‘rish juda ham achinarli. U “Real”ga kelgan birinchi kunimdanoq mening moslashishimga katta yordam bergan. Har doim menga ishonch bildirishini va doimo qo‘llab-quvvatlashini aytardi. Biz ajoyib do‘st bo‘ldik.

Hozirgi kunda u bilan tez-tez telefon orqali gaplashib turamiz. Men Ramos jamoada bo‘lgan vaqtlarni sog‘inaman, lekin bu — futbol. Biz barchasiga ko‘nikishimiz kerak.

PSJga qarshi o‘yindagi kambek haqida
- PSJ maydonida mag‘lubiyatga uchraganimizdan so‘ng, Karvaxal bilan gaplashdim. Uning kayfiyati yo‘q edi. Men unga aytdim: "Karva, ko‘rasan, biz ularni “Bernabeu”da “tiz cho‘ktiramiz”. Xafa bo‘lma".

PSJni mag‘lub etishimizni bilardim. Bu haqida ko‘pchilikka aytganman.

Chorak finalga chiqqanimizdan keyingi holatim? Nega bunday qilganimni bilmayman (kuladi).

Parijliklar ustidan qozonilgan g‘alaba — eng yaxshisi, chunki ko‘plab iqtidorlar jamlangan mega-jamoa ustidan muvaffaqiyat qozonishimizga ko‘pchlik ishonmagan va "tahlilchilar" bizni hisobdan chiqarib qo‘ygan edi. Ammo, shunga qaramay, biz so‘nggi soniyalarda o‘yinni o‘zgartirib yubordik.

Lekin, Messini “Barselona” libosidan boshqa formada ko‘rish g‘alati bo‘ldi. Messi, Neymar va Mbappe PSJda ajoyib uchlikni hosil qilgan... Bu qimmat trio.

Mbappe haqida

- Mbappe? Hammamiz Kilianni “Real”ga keladi deb o‘ylagandik, lekin u PSJda qoladigan bo‘ldi. Men har doim, har qanday holatda, hech bir futbolchi klubdan ustun bo‘lmasligi kerak deb bilaman. "Real" Madrid har qanday top-futbolchidan ustun turadigan buyuk jamoa va doimo shunday bo‘lib qoladi.

Tarkib haqida
- Tajribali futbolchilar va yoshlarning birlashishi bu mavsumda g‘alaba qozonishimizning eng muhim sabablaridan biri bo‘ldi. Valverde, Kamavinga, Rodrigo va Vinisius kabi iqtidorlar biz kabi qariyalarga munosib o‘rinbosar bo‘ladi. Alaba ham “Real”ga juda tez moslashdi. Uning tajribasi g‘alabalarimizda muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Katta futbolchilar Madriddan ketsa, yoshlar shu yerda qoladi va g‘alaba qozonishda davom etadi. Boisi, bu — "Real" Madrid.

Karlo Anchelotti haqida
- Anchelotti futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya beradi. Uning yondashuvi o‘ziga xos va betakror. Jamoadagi barcha futbolchi uning uchun “jangga” kiradi.

Karlo ko‘plab o‘yinchilar bilan alohida gaplashdi. Bu futbolchilarga ishonch berdi deb o‘ylayman. Hozirda jamoada ajoyib muhit hukm surmoqda.

Hamma biladigan narsani aytishga hojat yo‘q: Anchelotti va Zidan – top darajadagi mutaxassislar! Natijalarning o‘zi buni ko‘rsatib turibdi.

Zidan ketganidan keyin aynan Anchelotti kerak edi. Sababi, ularning futbolga bo‘lgan qarashlari bir xil. Shuning uchun, Zidan ketganidan keyin ham jamoada katta talofat kuzatilmadi.

Anchelotti haqida ozroq qo‘shimcha qilishim mumkin. U katta futbolidagi keskinlik, bosim va stress holatlardan xotirjamlik bilan chiqib ketadigan murabbiy. Shuning uchun ham barcha uni juda hurmat qiladi.

Chempionlar ligasi haqida
- Menimcha, Chempionlar ligasidagi bu g‘alaba qolganlaridan qadrliroq, chunki biz har bir uchrashuvda musobaqadan chiqib ketishimiz mumkin edi. Avvaliga Fransiya chempioni, keyin amaldagi Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi ustdan g‘alaba qozondik. Yarim finalda Angliya chempionidan kuchliroq ekanligimizni isbotladik. Finalda ham “Real” favorit emasdek ko‘ringan edi, ammo biz hammasini o‘zimiz tomonga og‘dirib oldik. Barcha bizga omad kulib boqqani haqida gapirdi. Biroq, jamoa kuchli o‘yin namoyish etdi. Bu “Real” uchun tarixiy g‘alaba bo‘ldi.

Kuboklar haqida
2012 yilda jamoaga qo‘shilgan paytim katta musobaqalarda g‘alaba qozonishga chanqoq edim, chunki men “Tottenxem”dan kelganman. Londondagi to‘rt yil ichida katta muvaffaqiyatlarga erishdim, lekin ular bilan sovrin yutish menga nasib etmadi.

Parijdagi Chempionlar ligasida g‘alaba qozonganimizdan so‘ng: “Ertadan boshlab Chempionlar ligasidagi 15-kubokni qo‘lga kiritish uchun harakatni boshlaymiz”, deb o‘zimizga va’da berdik. Bu — “Real” Madrid. "Real"da o‘tish davri yo‘q. Biz har yili g‘alaba qozonishingiz shart.

“Santyago Bernabeu” haqida
- "Santyago Bernabeu"dagi olqishlar? Bu o‘zgacha tuyg‘u. Birinchi kundanoq Madrid muxlislariga mehrim tushgan. “Santyago Bernabeu”dagi tomoshabinlar bizni olqishlaganda barcha g‘am-g‘ussani unutaman. Muxlislar meni juda yaxshi ko‘rishlarini his qilaman. Oramizdagi mehr tobora kuchayib bormoqda va bu menga juda yoqadi.

Matbuot bosimi haqida
- "Real" Madrid kuboklar uchun da’vogarlik qilmasa, OAVda bong uriladi. Lekin, bu normal holat. Mening shikoyat qiladigan hech narsam yo‘q. Ommaviy axborot vositalari meni hurmat qilishini yaxshi bilaman.

Kelajak haqida
- O‘zimni yaxshi his qilgunimcha va klub rahbariyati menga ishonch bildirguncha, o‘ynashda davom etaman. "Real" Madridning muvaffaqiyatiga hissa qo‘shganimdan baxtliman. Men deyarli barcha sovrinlarni qo‘lga kiritganman. Bu mening eng katta orzuim edi va unga erishdim.

Jamshidbek Mahmudov tarjimasi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Modrich: PSJga qarshi kambek, Benzemaning “Oltin to‘p”ni olishi va Mbappening qarori haqida