19:40 / 14.07.2022
1 006

Superligamizda futbolchilardan ko‘ra murabbiylar faolmi-a?

Superligamizda futbolchilardan ko‘ra murabbiylar faolmi-a?
Yozgi tanaffusda futbolchilardan ko‘ra, murabbiylar bilan bog‘liq o‘zgarishlar jamoatchilikning ko‘proq e’tiborini tortyapti. Birinchi davra mobaynida ikkita, tanaffus boshlanishi bilanoq uchta iste’foni kuzatdik. Shu xususida to‘xtalamiz.

“Neftchi”: Ilhom Mo‘minjonov/Vitaliy Levchenko

Mo‘minjonov “Neftchi”da bir yarim yil ishlaganidan so‘ng o‘rnini Vitaliy Levchenkoga bo‘shatib berdi. Bunga sabab bu yilgi mavsumdagi salbiy natijalar, albatta. Joriy mavsumda sovrinli o‘rinlar uchun kurashishi aytilgan klub birinchi davradan keyin 14 ta klub orasida 13-o‘rinda! O‘tgan yilning boshida “Neftchi”ga kelganida u bilan 4 yillik shartnoma imzolangandi va katta maqsadlar haqida gap ketgandi. Klubni Osiyo Chempionlar ligasiga qaytarishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishi belgilangandi. Albatta, jamoani kuchlilar orasiga qaytarishga erishdiyu, biroq Superligada oson o‘yinlar qolmagandi. Shu sababli ko‘plab o‘yinlarda ochkolarni yo‘qotdi. Oxir-oqibat birinchi davra tugashi bilanoq Mo‘minjonov iste’foga chiqarildi.

Tojikiston va Ukraina fuqaroligiga ega bo‘lgan Vitaliy Grigorevichni yaxshi bilamiz. Tojikistonning “Istiqlol” klubida o‘zining “tashrif qog‘ozi”ni qoldirgan. Ayniqsa, o‘tgan mavsumda Osiyo Chempionlar ligasida qanday “hunarlar” ko‘rsatganini butun Osiyo ko‘rdi. Anchadan beri Levchenkoni futbolimizga qiziqishi bor edi va chempionatimizni kuzatib kelardi.

Nihoyat, endi u o‘zini Superligamizda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega. Qisqa fursatdayoq undan natija talab qilish ham voqealar rivojiga unchalik mos tushmasa kerak. O‘zi shundoq ham birinchi davradagi salbiy natijalardan keyin “Neftchi” yana orqaga ketdi. Yangi murabbiy jamoani o‘zining uslubiga moslashtirishi kerak, tarkibda ayrim o‘zgarishlarga ham qo‘l urishga harakat qilyapti. Rahbariyat u bilan bejizga 1,5 yillik shartnoma imzolamagan. Levchenkoga asosiy bahoni kelasi yili bersak kerak.

“Qo‘qon-1912”: Baxtiyor Ashurmatov/Davron Fayziyev

Turnir jadvalida “Neftchi”dan bir pog‘ona yuqorida “Qo‘qon-1912” jamoasi joy egallagan. Tabiiyki, u yerda ham birinchi davradagi natijalar muxlislarini quvontiradigan holatda emasdi. Shu tariqa, Baxtiyor Ashurmatovning Qo‘qondagi 2,5 yillik faoliyati intiho topdi. Murabbiy yaqinda Sports.uz saytiga bergan intervyusida iste’fosi haqida batafsil tushuntirish berib o‘tdi. Uning o‘rnini yordamchisi Davron Fayziyev egalladi. U Ashurmatovdan qolishmaydi va shunga yarasha ko‘nikmaga ega.

Ilgari ham Superliga klublarini boshqargan. Oxirgi paytlarda asosan Baxtiyor A’zamovichga yaqindan ko‘maklashib kelayotgandi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Fayziyev mustaqil ravishda bosh murabbiylik ishini sog‘inib qolgandi. “Qo‘qon-1912” o‘zini ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat. Levchenkodan farqli o‘laroq, Fayziyevga nisbatan qulayroq. Negaki, oldindan “Qo‘qon-1912”da ishlab kelyapti. Shu bois jamoadagi vaziyatdan yaxshi xabardor.

“Paxtakor”: Slavche Voyneski/...

Birinchi davrani 12 ta o‘yinda 23 ochko to‘plagan holda 3-o‘rinda yakunlagan amaldagi chempion – “Paxtakor”da ham bosh murabbiy o‘zgartirildi. Mavsum boshida taklif qilingan makedoniyalik Slavche Voyneskining ishi aftidan rahbariyatni qoniqtirmagan ko‘rinadi. Birinchi davra tugashi bilan mutaxassisga “chiqish eshiklari” ko‘rsatib qo‘yildi. Voyneski iste’foga chiqarilganidan keyin Sports.uz saytiga katta intervyu berdi va unda klubdagi faoliyati haqida batafsil to‘xtalgan.

Ayni paytda “Paxtakor”ga yangi bosh murabbiy tasdiqlangani yo‘q, ammo oz qoldi. Mashg‘ulotlarni sport direktori Maksim Shatskix o‘tkazib turibdi. Balki ikkinchi davrada aynan u bosh murabbiylik lavozimini egallasa bundan ajablanmaymiz. Bizdagi ma’lumotga qaraganda, yaqin orada yangi bosh murabbiy e’lon qilinadi.

Yozgi seleksiyada asosan futbolchilarning transferlariga ko‘nikkandik, ammo bu safar murabbiylarning iste’fosi va tayinlanuvi ko‘proq asosiy o‘ringa chiqib qolmoqda. Chempionat boshidan beri yana boshqa murabbiylarning o‘zgarishiga ham guvoh bo‘ldik. “Bunyodkor”da Shuhrat Maqsudov o‘rnini Viktor Karpenko, “Dinamo”da esa Predrag Rogan o‘rnini Andrey Shipilov egallagan. Ikkinchi davra yuqoridagi murabbiylar uchun juda muhim. Ularning vazifalari har xil: ligada qolish, o‘z o‘rniga ega bo‘lish va chempionlik uchun kurash...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligamizda futbolchilardan ko‘ra murabbiylar faolmi-a?