13:50 / 21.07.2022
1 483

Karlsen shaxmat toji uchun Nepomnyashchiy bilan o‘ynashdan bosh tortdi. Endi nima bo‘ladi?

Karlsen shaxmat toji uchun Nepomnyashchiy bilan o‘ynashdan bosh tortdi. Endi nima bo‘ladi?
Tarixda ikkinchi marta shaxmat bo‘yicha jahon chempioni o‘z unvonini himoya qilishdan bosh tortdi. Norvegiyalik Magnus Karlsen rossiyalik Yan Nepomnyashchiyga qarshi toj uchun o‘yinga bormaydi.

Sports.ru kolumnisti Mariya Selenkova shaxmat dunyosini hayratga solgan voqea tafsilotlarini jamladi.

Magnus nega o‘yindan bosh tortdi?
Qisqacha aytadigan bo‘lsak – chempionlik unvonini himoya qilaverish jonga tegdi.

Karlsen 2013 yildan beri jahon chempioni bo‘lib, hozirgacha to‘rt marta o‘z unvonini himoya qilgan. So‘nggi marta u 2021 yil dekabr oyida rossiyalik Yan Nepomnyashchiy bilan shaxmat toji uchun bahs olib borib, g‘alaba qozongan edi. Shundan so‘ng, Magnus beshinchi himoya bo‘lmasligi mumkinligi, faqat fransiyalik yosh shaxmatchi Alirizo Firuzjohni raqib sifatida kutayotganini ma’lum qildi. «Boshqa raqib kerak emas», degan edi u. Tabiiyki, uning gaplari jiddiy qabul qilinmadi.

2022 yil bahorida Karlsen hatto Firuzjoh bilan ham toj uchun kurashishiga shubha qildi. Yo‘q, so‘nggi o‘n yillikning eng yaxshi shaxmatchisi faoliyatini yakunlamadi – shunchaki, chempionlik uchun o‘tkaziladigan bahslar uning sillasini quritgani, bundan charchaganini aytdi.

Bundan tashqari, Magnusga chempionlik unvoni haddan ziyod ortiqcha baho berib yuborilayotgandek tuyuldi. Norvegiyalik shaxmatchi chempion faqat o‘zi bilan o‘tkaziladigan bahslarda aniqlanishini istamadi.

Bunaqasi oldin ham sodir bo‘lganmi?
FIDE tarixida (1948 yildan buyon) bunaqa holat birinchisi emas – amaldagi chempion ikkinchi marta unvonini himoya qilishdan bosh tortmoqda.

Foto: fide.com
1975 yilda amerikalik Bobbi Fisher sovet shaxmatchisi Anatoliy Karpovga qarshi jang o‘tkazmagan. O‘sha paytda u FIDE tashkilotiga bir necha talablarni qo‘ygan, ularning deyarli barchasi bajarilgan. Ammo final bahsi formati o‘zgartirilmagan. Natijada Karpov o‘yinsiz chempionlikni qo‘lga kiritadi.

Fisher/Karpov voqeasiga qadar Vilgelm Steynis ham finaldan bosh torgan edi. Emmanuel Lasker esa Kapablanka bilan o‘ynamaydi va tojni unga topshiradi. Aleksandr Alyoxin vafot etgani sababli Botvinnik bilan o‘yin o‘tkazilmay qolgan.

Karlsenning o‘yin o‘tkazishiga umid bormidi?
Bu safar ham format muhokama qilindi. Karlsen finalni uch setga bo‘lish, rapid va blis partiyalar ko‘rinishidagi tay-breyklarni joriy qilishni taklif etdi. Magnus hatto FIDE rahbari Arkadiy Dvorkovich bilan ham uchrashdi. Shunda uning toj uchun bahsda ishtirok etish imkoniyati oshgandek tuyulgandi. Ammo keyinchalik Magnus fikridan qaytmadi.

«Men jamoamdagi odamlar, FIDE va Yan bilan gaplashdim. Ha, xulosa juda oddiy: menda yana bir finalni o‘tkazish uchun motivatsiya yo‘q. Shunchaki, men bundan ko‘p zavq olmasligimni his qilyapman. Albatta, bu holat menga yoqmayapti. Ishonchim komil, bahs tarixiy va boshqa sabablarga ko‘ra qiziqarli bo‘lar edi. Ammo o‘ynash istagi umuman yo‘q va shunchaki o‘yinga bormayman».

Endi nima bo‘ladi?

Yan Nepomnyashchiy
FIDE reglamentida jahon chempionining o‘z unvonini himoya qilishdan bosh tortishi bilan bog‘liq holat ko‘zda tutilgan.

Agar chempion o‘yinga bormasa, nomzodlar turniri g‘olibi va ikkinchi o‘rin egasi toj uchun o‘ynaydi. Ya’ni, Fisher/Karpov voqeasi takrorlanmaydi.

Nepomnyashchiyning yangi raqibi kim?

Endi u toj uchun xitoylik Din Lijen bilan kuch sinashadi. 30 yoshli shaxmatchi FIDE reytingida ikkinchi o‘rinda (Nepomnyashchiy 7-o‘rinda). U nomzodlar turnirida ham ikkinchi bo‘ldi. Karlsen kutgan Alirizo Firuzjoh esa 8 ishtirokchi ichida atigi 6-o‘rinni egalladi.

Qiziq statistika: xitoylik shaxmatchi qora donalar bilan hech qachon Nepomnyashchiyni mag‘lub etolmagan (8 ta o‘yin), lekin u ikki marta oqlar bilan g‘alaba qozongan (6 o‘yinda). Umumiy hisobda 9 ta o‘yin o‘tkazishgan bo‘lsa, 3 marta Yan, 2 marta Din g‘alaba qozongan. Nomzodlar turnirida Nepomnyashchiy qoralar bilan Dinni mag‘lub etgan, oqlar bilan durang o‘ynagan.

Nepomnyashchiy jamoasi bunga qanday munosabatda bo‘ldi?

Foto: Express Newspapers
Nepomnyashchiy jamoasi Karlsen bilan revansh jangi o‘tkazilishidan umidvor edi: «Biz hali ham Magnusning o‘yinga rozi bo‘lishini kutgan edik, shuning uchun bu qaror bizni ko‘p jihatdan hayratda qoldirdi. Biroq, biz uning aytgan barcha bayonotlarini e’tiborsiz qoldira olmadik», - deb tushuntirdi murabbiy Vladimir Potkin.

Oldinda 2023 yilning bahorida bo‘lib o‘tadigan Din Lijenga qarshi o‘yin turibdi. Norvegiyalik musobaqani tark etgani bois, finalga tayyorgarlik ko‘rish yengilroq bo‘lmaydi.

Yanning murabbiyi buni tasdiqladi: «Hammamiz Xitoy maktabi qanchalik kuchli ekanini bilamiz. Ular bilan ko‘plab o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazamiz, bu hatto shaxsiy qarama-qarshilik emas, balki maktablar o‘rtasidagi qarama-qarshilik bo‘ladi».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Karlsen shaxmat toji uchun Nepomnyashchiy bilan o‘ynashdan bosh tortdi. Endi nima bo‘ladi?