19:09 / 09.08.2022
1 602

“Ular hali shaxmat toji uchun ham kurashadi” — muxlislar Nodirbek va Gukesh bahsi haqida

“Ular hali shaxmat toji uchun ham kurashadi” — muxlislar Nodirbek va Gukesh bahsi haqida
Foto: Butun Hindiston shaxmat federatsiyasi / FIDE
Nodirbek Abdusattorovning 44-shaxmat olimpiadasidagi qoyilmaqom g‘alabasi internetni tom ma’noda portlatdi. Dunyo bo‘ylab aql gimnastikasiga befarq bo‘lmagan odam borki, barchasi uning Gukesh Dommarajmu bilan qariyb 5 soat davom etgan kurashi va fantastik g‘alabasi haqida gapiryapti.

O‘zbekistonlik shaxmatchilarning hindlarga qarshi o‘yini, jumladan, 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov (2688) hamda 16 yoshli Gukesh Dommarajmu (2684) o‘rtasidagi bahs tafsilotlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

O‘zbekiston va Hindiston-2 (mezbonlar musobaqada uchta jamoa bo‘lib qatnashdi) bahsi durang natija bilan tugagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston uchun bu g‘alabaga teng durang bo‘ldi. Boisi aynan Nodirbek terma jamoamiz bahsni boy berayotgan bir paytda, boz ustiga yutqazib turgan partiyasini g‘alabaga aylantira oldi va dunyo shaxmat ixlosmandlarining yoqimtoyiga aylandi.

Kun.uz ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan fikrlarni jamladi.

Foto: Butun Hindiston shaxmat federatsiyasi va FIDE xalqaro shaxmat federatsiyasi
“Bu buyuk qarama-qarshilikning ibtidosi bo‘lishi mumkin”

Gukesh uchun afsusdaman, ammo O‘zbekiston jamoasini, ayniqsa, hamisha ta’sirchan ko‘rinadigan Nodirbek Abdusattorovni tabriklayman”, deb yozgan grossmeyster Bet Harmon.

“Bu mislsiz jang bo‘ldi. Har ikkala grossmeyster bir-biriga kuchli zarbalar berishdi. Kelgusida ularning to‘qnashuvini ko‘rish endi yanada qiziqroq bo‘ladi”, deya fikr bildirgan Tanuj Mehta.

Gukesh va Abdusattorov bahsida hindistonlikka muxlislik qildim, ammo u yutib turgan joyida mag‘lubiyatga uchradi. Abdusattorov halol o‘ynadi va qariyb to‘liq boy berilgan vaziyatda ham tirishqoqlik ko‘rsatib, oxirigacha kurashib g‘olib bo‘ldi. Uning g‘alabasi jamoasi uchun juda muhim durang natijani keltirdi”, deydi Frodo Baggins.

Nodirbek va Gukesh – Yaratganning nazari tushgan shaxmatchilar. Ularning o‘yinini ko‘rib, shaxmatning kelajagi porloq ekaniga ishonyapman. Ushbu yosh, umidli sportchilar qachon superyulduzlarga aylanisharkan, degan o‘y menga tinchlik bermayapti. Biz ishonchli qo‘llardamiz, xonimlar va janoblar, biz ishonchli qo‘llardamiz”, deb yozgan Bringlese YouTube-kanali muallifi.

Ushbu olimpiadani kuzatarkanman, Abdusattorov, Pragg va Gukesh klassik shaxmatdagi uch yirik o‘yinchilar bo‘lishini tushunib yetdim. Bu yigitlar murakkab pozitsiyalarda qanday ustunlikka ega bo‘layotganini ko‘ring, ikki yildan so‘ng ular eng yuqori darajali shaxmatchilar bo‘lib yetishishadi. Yakuniy natija qanday bo‘lganidan qat’i nazar, bu Hindiston terma jamoasi uchun ham, O‘zbekiston terma jamoasi uchun ham fenomenal natija bo‘ldi”, deb ta’kidlaydi Arun Sharma.

Mening so‘zlarimni yodda tutinglar. Bu – ikki shaxmat iste’dodi o‘rtasidagi raqobatning faqatgina boshlanishi. Tez orada shaxmat toji uchun nomzodlar turnirlarida, so‘ngra jahon chempionatlarida ularning qarama-qarshiliklariga guvoh bo‘lamiz”, deb yozadi S.Prajval.

Foto: Butun Hindiston shaxmat federatsiyasi / FIDE
Yoshlar o‘rtasida katta kurash ketmoqda. Ularning har biri o‘z avlodining haqiqiy yetakchisi bo‘lishni istaydi. Men Gukeshni 2021 yilning may oyida kashf qilgandim. Nazarimda, u – yosh hind shaxmatchilari orasida eng yaxshisi. Men nima uchun barcha ommaviy axborot vositalari Gukeshga emas, Pragg, Arjun yoki Nihalga ko‘proq e’tibor qaratishadi, deb o‘ylardim. Endi u o‘zini ko‘rsatdi. Olimpiada arafasida Gukesh blis yo‘nalishida Abdusattorov va Keymerni mag‘lub etgan, Esipenkoga yutqazgandi. Abdusattorov esa blitsda Keymer bilan durang o‘ynadi. Olimpiadada ham ikki shaxmatchi bahsida durang qayd etildi. Demak, Gukesh so‘nggi turda Keymerga qarshi qanday harakat qilishini ko‘ramiz. Olimpiadalardan keyin Gukeshning reytingi 2700dan oshishi aniq. Abdusattorov va Arjun ham so‘nggi turdagi ko‘rsatkichlariga qarab ushbu marradan oshishlari mumkin. Ularning ortidan Keymer, Praggnanandhaa va Sarin ketmoqda”, deydi Yildiray Ko‘mirchi.

Bu buyuk qarama-qarshilikning ibtidosi bo‘lishi mumkin. Gukeshga bugungi o‘yin uchun rahmat. Uning omadi kelmadi”, deya ta’kidlaydi Brahman Sin.

Qanday fantastik o‘yin. Har ikkala o‘smirning o‘yini ajoyib. Xato qilish insonga xos. Mag‘lubiyat bizni avvalgidan-da kuchliroq qiladi. Bizda hamisha ikkinchi imkoniyat bo‘ladi. Bu oxirzamon degani emas. Men sizlar bizni yana hayratga solishingizga aminman”, deydi Sanchit Patil.

Foto: Butun Hindiston shaxmat federatsiyasi / FIDE
“O‘g‘limning ismini Nodirbek deb qo‘yaman!” — FIDE ustasi Kamil Plichta

FIDE ustasi, polshalik Kamil Plichta Twitter sahifasida keyingi farzandining ismini Nodirbek qo‘yishi, hatto qiz bo‘lsa ham unga shu ismni berishi haqida yozdi. Tarmoqning o‘zbekistonlik foydalanuvchilari uning bu qarorini olqishlab, qiz bolaga Nodira deb ism qo‘ygan ma’qulroq ekanini tavsiya qilishgan.

Polshalik shaxmat ustasining fikrini hindistonlik Girish Bansude ham qo‘llab-quvvatlagan va u ham farzandiga Nodirdek ismini bermoqchi ekanini ta’kidlagan. Boshqa bir Twitter foydalanuvchisi esa Nodirbek va Gukesh bahsidan so‘ng 12 yashar qizining ismini o‘zgartirishga qaror qilgani va bu haqda qiziga ham aytgani haqida yozgan.

Foto: Twitter / Kamil Plichta
Albatta, Kamil Plichta ham, boshqalar ham ehtiroslarga berilayotgan bo‘lishi mumkin. Sportda bunday holatlar uchrab turadi. Biroq bu Nodirbekning 44-shaxmat olimpiadasidagi muvaffaqiyatli ishtirokiga soya tashlay olmaydi. Zero, aynan uning g‘aroyib o‘yinlari shaxmat ixlosmandlarining tuyg‘ulari junbushga kelishiga sabab bo‘ldi, bo‘lmoqda.

Tojdor tasodifan paydo bo‘lmaydi. U “turnir xo‘jayini” Gukesh ustidan g‘alaba qozonadi va katta ehtimol bilan uyiga oltin medal bilan qaytadi. Rapid bo‘yicha jahon chempioni, “O‘zbek bolalari” yetakchisi – Nodirbek Abdusattorov”, deya taxmin qilgandi FIDE ustasi Mariya Emelyanova.

Abdusattorov uni burchakka qamab qo‘yishganda ham ajoyib o‘ynadi. Gukesh o‘yinning shafqatsizligini his qilgan bo‘lishi mumkin. Bu ikkovlon shaxmatning kelajagidir”, deydi Sankalp Sangle.

Va’da bajarildi!

Nodirbek Abdusattorov 2021 yili Polsha poytaxti Varshavada o‘tkazilgan shaxmatning rapid yo‘nalishi (tezkor shaxmat) bo‘yicha jahon chempionatida g‘olib bo‘lib, O‘zbekistonga qaytganida bu boshlanishi ekani, g‘alabalar bardavom bo‘lishini ta’kidlagandi.

Foto: Twitter / Chess24.com
Uning so‘zlari ijobat bo‘ldi. So‘nggi turda Niderlandiya terma jamoasiga qarshi o‘ynagan hamyurtlarimiz 2,5 – 1,5 natijaga erishib, g‘alaba qozondi. Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov raqiblari bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, Jahongir Vohidov g‘alaba qozondi.

Shu tariqa O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 44-Shaxmat olimpiadasida biror marta mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa sifatida chempion bo‘ldi!

Barakalla, yigitlar!

Jamshid Niyozov, jurnalist

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Ular hali shaxmat toji uchun ham kurashadi” — muxlislar Nodirbek va Gukesh bahsi haqida