17:45 / 28.08.2022
1 069

"Abramov katta tavakkalga qo‘l urdi. Namanganda Babayan uslubi va muxlislar katta rol o‘ynashi mumkin" — 17-tur oldidan mutaxassis fikri

"Abramov katta tavakkalga qo‘l urdi. Namanganda Babayan uslubi va muxlislar katta rol o‘ynashi mumkin" — 17-tur oldidan mutaxassis fikri
Bugundan e’tiboran Coca-Cola Superligasining 17-tur uchrashuvlariga start beriladi. Oldinda bizni bir qator qiziqarli uchrashuvlar kutmoqda.

Ortiqcha ta’riflarsiz bugun barchaning nigohi Namangandagi "Markaziy" stadionga qaratiladi. Samvel Babayan boshchiligidagi "Navbahor" o‘z maydonida "Paxtakor"ga qarshi. Turning markaziy bahsi deyishga to‘liq haqlimiz. Samarqandda esa chempionatni omadsiz o‘tkazayotgan "Dinamo" va "Bunyodkor" o‘zaro to‘qnash keladi. Ertangi kundan yana qiziqarli o‘yinlar o‘rin olgan. Ushbu uchrashuvlar oldidan taniqli murabbiy Baxtiyor Ashurmatovning fikrlari bilan qiziqdik.

— Joriy yilgi mavsumda o‘yinlar natijasini oldindan taxmin qilish qiyin bo‘lmoqda. Autsayder jamoalar yetakchilarga munosib qarshilik ko‘rsatmoqda, deb o‘ylayman. Buni "Olimpik" ishtirokidagi bahslarda ham ko‘ryapmiz. Jamoalarning kuchi va turnir jadvalidagi o‘rnidan kelib chiqib fikrlarimni bildirib ko‘raman. Har bir bahs muxlislar va mutaxassislar uchun qiziqarli o‘tishiga ishonaman.

— "Navbahor" - "Paxtakor" nafaqat turning, balki chempionatning eng muhim o‘yini hisoblanadi. Kurashlarga boy, jamoalarning turnir jadvalidagi o‘rniga ta’sir qiladigan qarama-qarshilik guvohiga aylanamiz. Bu bellashuvda mezbonlarning imkoniyatini yuqori baholayman. Chunki mavsumni barqaror va yaxshi o‘tkazmoqda. O‘ziga kerakli ochkolarni qo‘lga kirityapti. O‘ylaymanki, Samvel Babayan tanlagan uslub, jamoani chin dildan qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislar roli muhim ahamiyat kasb etadi. Shatskix "Paxtakor"ning o‘yinini o‘zgartirishga harakat qilyapti. Unga albatta vaqt kerak. Bugun bosim yuqoriligi sababli ochiq o‘yin bo‘lmasligi ehtimoli bor. Qolaversa, hakamlarga oson bo‘lmaydi. O‘ziga hos bosimni yengib o‘tishlari talab etiladi. Xato qilishdan qo‘rqib ishlashadi. Akobirxo‘ja yaxshi saviyadagi referi. Hakamlik xolis o‘tadi, deb o‘ylayman.

Imkoniyatlar: 60/40

— Mazkur bahs ham qiziqarli o‘tishini taxmin qilaman. "Dinamo" uchun oxirgi imkoniyatlardan biri. "Bunyodkor" bilan o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozongan taqdirdagina elitada qolish imkoniyatini saqlab qoladi. Agarda mag‘lubiyatga uchrasa, Pro ligaga tushib ketadigan jamoalar qatoriga kiritsa bo‘ladi. To‘g‘ri o‘yinlar hali yetarli. Ammo shu kungacha 7 ochko jamg‘argan jamoaning navbatdagi turlarda yetarlicha natijalarga erishishini taxmin qilish qiyin. Ochig‘i Vadim Abramov "Dinamo"ni qabul qilib olganida xayron qoldim. Murabbiy katta tavakkalga qo‘l urdi.

Sababi jamoani turnir jadvalida saqlab turgan o‘rnini yaxshi deb bo‘lmasdi. Boz ustiga yozgi transferlar vaqtida ham jamoani o‘zi shakllantirmagan. Istagan o‘yinchilarini olmagan. "Dinamo"ning Superligada qolishini qaysidir ma’noda mo‘jizaga qiyoslash o‘rinli. Vadim Karlenovich tavakkalchi murabbiy. Agarda klub oldidagi maqsadiga erishsa, Abramov obro‘yini tiklab olishi mumkin. Maydon egalari oxirigacha kurashadi. "Bunyodkor" ham oxirgi o‘yinlarni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmayapti. Qaysidir jamoa ustunlik qilishini kutish mushkul.

Imkoniyatlar: 50/50

— Bu uchrashuvda "Nasaf" yaqqol favorit. Oradagi kichik pasayishdan so‘ng ular o‘z o‘yinlarini topib oldi. "Lokomotiv"da murabbiy o‘zgardi. Bu shuni ko‘rsatyaptiki, aksariyat jamoalar murabbiyga yetarlicha imkoniyat berishmayapti. Ushbu qaror har doim ham o‘zini oqlamaydi. Server Jeparovning katta jamoada bosh murabbiy sifatida qanday ishlashi qiziq. Mana Timur Kapadze o‘zini ko‘rsatmoqda. Serverga ham bu qiyin yo‘lda omad tilab qolaman.

Imkoniyatlar: 70/30

— Avvalgi safar AGMKning imkoniyatini yuqori baholagan edim. Biroq "Metallurg"ga mag‘lubiyatga uchragandi. Fikriimcha, olmaliqliklar "Surxon"ga hech qanday imkoniyat qoldirmaydi. Anxel Lopes shogirdlari jangovar futbol ko‘rsatadi. Ammo AGMKda yaxshi tarkib yig‘ilgan. Yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoa bor.

Imkoniyatlar: 80/20

— "Neftchi" jamoasi afsuski o‘z muxlislari kutgan o‘yinni ko‘rsata olmayapti. "Qizilqum" bilan uchrashuvdagi mag‘lubiyat jamoa holatini yanada og‘irlashtirishi turgan gap. Navoiy shahri klubida yaxshi jamoa shakllangan, tajribali ijrochilar ko‘p. Turnir jadvalida yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda. "Neftchi"ga g‘alaba kerak. Shu omillarni hisobga olib murosasiz bahs va durang natijani taxmin qilaman.

Imkoniyatlar: 50/50

—Turning muhimlilik darajasi bo‘yicha markaziy bahs sifatida "Navbahor" - "Paxtakor"dan keyin "Olimpik" - "So‘g‘diyona" to‘qnashuvini ko‘rsataman. "Olimpik" barchani xayron qoldirmoqda. O‘yinlarini ko‘rib ko‘z quvnaydi. Chiroyli futbol ko‘rsatishmoqda. Har bir jaomaga yetarlicha tashvish tug‘diryapti. Ikkinchi tomondan chempionatimizning eng kuchli murabbiylari bellashuvi ham bo‘ladi. Lekin "So‘g‘diyona" va Ulug‘bek Baqoyevning oxirigacha kurashishini, ruhan yaxshi tayyorlashini inobatga olish darkor.

Imkoniyatlar: 45/55

— Shaxsan men uchun yana bir qiziqarli o‘yin. "Qo‘qon-1912"da birinchi davrada ishladim. Bu jamoaning autsayderlar qatorida yurgani achinarli. Davron Fayziyev qo‘l ostida yaxshi jamoa harakat qilmoqda. O‘ylaymanki, ular hozirgi murakkab vaziyatdan chiqib keta olishadi.

Imkoniyatlar: 40/60
Muallif: Iskandarov Abdulaziz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Abramov katta tavakkalga qo‘l urdi. Namanganda Babayan uslubi va muxlislar katta rol o‘ynashi mumkin" — 17-tur oldidan mutaxassis fikri