22:48 / 04.09.2022
1 676

Legionerimiz to‘purarlar rekordini o‘rnatdi!

Legionerimiz to‘purarlar rekordini o‘rnatdi!
Bobur Abduxoliqov Belarus oliy ligasida sermahsul o‘yinini davom ettirmoqda. “Energetik-BGU” 20-turni safarda o‘tkazib, mezbonlar ustidan 3:2 hisobida zafar quchdi. G‘alabani o‘yinda dublga erishgan o‘zbek legioneri ta’minladi.

Chempionatni tahlil qilib borayotgan ekspertlar bu uchrashuvdagi g‘alaba minsklik talabalarning chempionlik kurashini davom ettirishida o‘ta muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlashmoqda.

Bobur milliy chempionat va mamlakat kubogi o‘yinlari hali yakunlanmay turib, “Energetik-BGU” tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi.

Avvalgi eng yaxshi natija Ilya Shkuringa tegishli bo‘lib, bu futbolchi 2019 yilgi mavsumda minsklik “talabalar” uchun 19 ta to‘p kiritgandi.

Abduxoliqov joriy chempionat yakunlanishiga 11 tur qolgan bir paytda gollari sonini 19taga yetkazdi. O‘tgan yoz “Energetik-BGU” safiga qo‘shilgan futbolchi bundan oldingi mavsumida Belarus chempionatida 14 ta uchrashuv o‘tkazib, ikkita gol muallifi bo‘lgandi.

Demak “Energetik-BGU”ning milliy chempionatlardagi to‘purarlik rekordi endi Bobur Abduxoliqovga tegishli va u 21 ta golni tashkil qilmoqda. Bundan buyog‘iga “Nasaf” tarbiyalanuvchisining milliy chempionatda raqiblar darvozasiga kiritgan har bir to‘pi rekordni yangilab boraveradi.

Bundan tashqari, Abduxoliqovning hisobida Belarus kubogidagi bitta o‘yinda kiritgan bitta goli ham bor.

Bobur Abduxoliqovning oldida turgan navbatdagi marra Roman Vasilyukning bir mavsum davomida kiritgan 24 ta golidan iborat ko‘rsatkich turibdi. Bu futbolchi 2007 yili “Gomel”da o‘ynab, bir mavsumda mazkur natijani qayd etgan.

Mutaxassislar Bobur Abduxoliqov sermahsul o‘yinlarini davom ettirsa, Vasilyukning natijasini yo‘qqa chiqarish hech qanday muammo tug‘dirmasligini ta’kidlamoqda.

Agar o‘zbekistonlik hujumchi Vasilyukdan o‘zib ketsa, oldida yangi marra – Belarus futboli tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanish imkoniyati ochiladi.

Bu tarixiy natijani qayd etish uchun Bobur Abduxoliqov yana uch nafar to‘purarning ko‘rsatkichlarini yo‘qqa chiqarishiga to‘g‘ri keladi. Xususan, rossiyalik Sergey Davidov 2001 yili “Nyoman” jamoasida o‘ynab yurgan kezlari bir mavsumda 25 ta to‘p kiritgan.

Yuqorida nomi tilga olingan Roman Vasilyuk 2000 yili “Slaviya” safida 31 ta gol muallifi bo‘lgan.

Belarus chempionatidagi eng zo‘r natijani 1996 yili “Belshina” futbolchisi Andrey Xlebosolov qayd etgan. Bu hujumchi raqiblar darvozasini 34 marotaba ishg‘ol qilgani qayd etilgan.

Demak, Bobur Abduxoliqovda Belarus futboli tarixidan yaqqol rekordchi sifatida o‘rin olish uchun juda yaxshi imkoniyat bor. Buning uchun Bobur qolgan uchrashuvlarda yana 14 ta to‘p kiritishi kifoya qiladi.

Hamyurtimizga legioner sifatidagi faoliyatida omad tilab, yanada kuchli ligalarga o‘tib, to‘purarlik mahoratini namoyish qilishini kutib qolamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerimiz to‘purarlar rekordini o‘rnatdi!