11:34 / 17.09.2022
1 579

Namangandagi o‘yinda penalti bormidi?

Namangandagi o‘yinda penalti bormidi?
Coca-Cola Superliganing 19-turi ham bahsli vaziyatlarga boy bo‘lyapti. Ayniqsa, Namangandagi uchrashuvning 85-daqiqasida sodir bo‘lgan epizod va "Qizilqum" murabbiyining reaksiyasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

Butun o‘yinni tahlil qilsak, "bir maromda suzib ketayotgan kema soniyalar ichida yonib ketgandek" ko‘rinadi. O‘sha vaziyatda penalti bormidi? "Ha" bo‘lsa, nega berilmadi? "Yo‘q" bo‘lsa, nima uchun?

Shunday savollarga javob topishga harakat qilib ko‘rdik. Quyida FIFA (sobiq) referisi, OFK instruktori va boshqa mas’ullardan olingan fikrlarni keltiramiz. Ma’lum sabablar bilan ularning shaxsi oshkor qilinmaydi.

Maydonda nima bo‘ldi?

Azizbek Usmonov o‘ng qanotdan jarima maydoni markaziga uzatgan to‘p Azim Ahmedovning qo‘liga tegdi. Uchrashuvni boshqarayotgan Abdurashid Xudayberganov unga qadar Orifxo‘ja Abduxoliqov havodagi kurashda himoyalanayotgan futbolchiga nisbatan qoidani buzganini qayd etib, "Navbahor" foydasiga jarima zarbasi belgiladi.

Vaziyatga VAR xonasida o‘tirgan Firdavs Norsafarov aralashib, bosh hakamni monitor yoniga chaqirdi. Ammo Xudoyberganovning qarori o‘zgarishsiz qoldi. Bu navoiylik futbolchilar hamda serbiyalik murabbiyning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

"Qizilqum" forvardi rostdan ham qoidani buzdimi?

Agar Abduxoliqovlarning kichigi havodagi kurashda qo‘pollik ishlatgan bo‘lsa, Xudoyberganovning qaroriga e’tiroz bo‘lishi mumkin emas. Ammo bu borada tajribali mutaxassislarning fikri bir joydan chiqmayapti.

O‘zbekistonning eng yaxshi hakamlaridan biriga shu savol bilan murojaat qildik. Dastlab, translyatsiyada ketgan kadr bilan xulosa bera olmasligini aytgan qahramonimiz boshqa rakurslarni ko‘rganidan keyin javob qaytardi: "Rostdan futbolchilar havoga sakraganida "Qizilqum" vakili "Navbahor" himoyachisining yelkasiga osilgan ekan. To‘p qo‘lga tegmasidan, o‘yin qoidasi buzilgan. Hakam shuni inobatga olib, mezbonlar foydasiga jarima belgiladi".

Bu haqda telegramdagi kanalimda yozganimdan keyin "shu vaziyat penalti bo‘lmasa, kesib tashlashini" aytgan referi ham topildi.

"Agar Azim bilan ro‘y bergan vaziyatda 11 metrli nuqtani ko‘rsatish uchun asos topilmasa, futbol qoidalarini darhol o‘zgartirish va qo‘l bilan o‘ynash uchun ruxsat berish kerak", — deydi boshqa bir qahramonimiz.

U ayni paytda xulosa qilish uchun ajoyib argumentni ham o‘rtaga tashladi: Futbolchilarning o‘rnini almashtiraylik. To‘p Orifxo‘janing qo‘liga tegsayu Azim uning orqasidan harakatlangan bo‘lsa, hakam Ahmedov qoidani buzgani uchun penalti qo‘ya olarmidi?

Sizning fikringiz qanday?..

Muallif: Faxriddin Ro‘ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Namangandagi o‘yinda penalti bormidi?