12:27 / 28.09.2022
1 126

Terma jamoamiz darvozaboni 8:0 hisobidagi g‘alabadan keyin nimalar dedi?

Terma jamoamiz darvozaboni 8:0 hisobidagi g‘alabadan keyin nimalar dedi?
Quvaytda futzal bo‘yicha Osiyo Kubogi bahslari boshlandi. O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada “V” guruhidan joy olgan. Vakillarimiz dastlabki turda Turkmanistonni 8:0 hisobida tor-mor keltirdi. Oldinda bizni Bahrayn va Tojikistonga qarshi o‘yinlar kutmoqda.

Bahodir Ahmedov bosh murabbiyligidagi terma jamoamiz mazkur qit’a birinchiligida ham favoritlardan biri hisoblanadi. Tarkib ham munosib futzalchilardan tashkil topgan. Muhimi, terma jamoamiz ilk o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlagan holda o‘ta yirik g‘alabani ta’minlay oldi. Asosiy darvozabon sifatida yana Ravshan Eliboyevga ishonch bildirilmoqda. Turkmanistonga qarshi uchrashuvda ham u boshlang‘ich tarkibdan joy oldi. Qozog‘iston chempionatida faoliyatini davom ettirgan holda tajribasini yanada oshirayotgan futzalchimizning mahorati terma jamoamizga ham asqotmoqda.

Turkmaniston terma jamoasiga qarshi uchrashuvdan keyin Ravshan Eliboyev Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

- Osiyo Kubogidagi ilk uchrashuvda qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Dastlabki o‘yindayoq 8 ta gol urdik. Raqib bizga munosib emasmidi, fikringiz qanday?
- Assalomu alaykum! Tabrik uchun rahmat. Bugungi g‘alabamizni butun O‘zbekiston futzal muxlislariga bag‘ishlaymiz. Ushbu Osiyo o‘yinlariga yig‘ilgan 16 ta jamoani birortasini kuchsiz deb o‘ylamayman. Mazkur natijaga kelsam, biz o‘yinni boshidan nazoratni o‘z qo‘limizaga oldik va yaratilgan vaziyatlardan maksimal darajada foydalandik. Natijada yirik hisobda g‘alaba qozondik.

- Shaxsan siz 8:0 bo‘lishini kutganmidingiz?
- To‘g‘risini aytsam, ich-ichimdan shunday natijani qo‘lga kiritishimizga ishongandim. Amalda shunday bo‘lib chiqdi.

- Guruhda biz uchun asosiy raqobatchi kim deb o‘ylaysiz?
- Bizga uchchala jamoa ham bir xil raqib deb o‘ylayman. Chunki uch jamoani o‘yin uslubi bir-biriga o‘xshaydi.

- Ko‘ryapmizki yana asosiy tarkibdasiz va murabbiylar sizga ishonch bildirishyapti. Raqobatda Rustam Umarovni yutdim, deb ayta olasizmi?
- Rustam Umarov juda tajribali darvazabon. Biz doimo sog‘lom raqobatdamiz. Murabbiyimiz darvozani kimga ishonib topshirsa, vazifamizga maksimal darajada yondashib, yurtimiz sharafini munosib qo‘riqlashga harakat qilamiz.

- Asosiy vazifa Osiyo Kubogini yutish. Bunga jamoa to‘liq tayyormi?
- Osiyo chempionatidan oldin, zaif joyimiz - bu jismoniy holatimiz edi. Bizga oldindan tanish bo‘lgan, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ispaniyalik mutaxassis Arkadiy Chuvas kelib qo‘shilganligi jamoamiz uchun foyda bo‘ldi va biz bu Osiyo o‘yinlariga 100% ruhan va jismonan tayyormiz, deb aytsam bo‘ladi.

- Endi Eronni yutish vaqtimiz keldimi?
- Bizning maqsadimiz bitta - bu Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonish. Raqib Eron bo‘ladimi yoki boshqa jamoami, nasib bo‘lsa, maqsadimizga erishish uchun borimizni beramiz.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport