17:13 / 02.10.2022
1 360

"Paxtakor" - "Nasaf". "Navbahor" "Nasaf"ga qanday ustunlik taqdim etdi?

"Paxtakor" - "Nasaf". "Navbahor" "Nasaf"ga qanday ustunlik taqdim etdi?
Bugun soat 18:00 da Toshkentdagi "Paxtakor" markaziy stadionida chempionatimizda burilish yasashi kutilayotgan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Qarshining "Nasaf" klubi Toshkentda "Paxtakor" bilan kuch sinashadi. SPORTS.uz o‘yin atrofidagi voqealar va jamoalarning imkoniyatlari borasidagi qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.

"Nasaf"ga taqdir sovg‘asi
Kecha "Navbahor" "Bunyodkor" bilan o‘yinda ochko yo‘qotgach, "Nasaf" ancha yengil tin olgan bo‘lishi aniq. Sababi, bugungi bahsda endi voqealar rivojining borishi keskin o‘zgardi. Ya’ni, "Nasaf"ni bu o‘yinda durang yuz foiz qanoatlantiradi. Gap shundaki, ortda quvib kelayotgan "Navbahor" "Bunyodkor"ni yengganida, "Paxtakor" bilan o‘yindagi bir ochko "Nasaf"ni chempionat peshqadamligidan mahrum qilgan bo‘lar edi. Endi vaziyat ancha yumshadi.

Toshkentda Ro‘ziqul Berdiyev vabankka borishga majbur emas. U qarshi hujumga tayangan ehtiyotkor taktika tanlashi, pastroq tempda futbol o‘ynash imkoniyatiga ega. Bu omil "ajdarlar"ni anchagina xotirjam maydonda to‘p surishi uchun zamin yaratadi. "Paxtakor"da esa, aksincha. "Sherlar" yaqin o‘tmishdagi o‘zining eng omadsiz mavsumini o‘tkazmoqda. Kubok va OCHLdagi omadsiz ishtirokdan so‘ng, mamlakat chempionligini saqlab qolish shart. Maksim Shatskix klub rahbariyatini o‘z haqiqatiga ishontirishi uchun ham mavsumni qutqarib qolishga bor kuchi bilan harakat qiladi.

To‘plar nisbatidagi farq sababli "Nasaf"dan orqada qolayotgan "Paxtakor" Toshkentda mavsumdagi eng muhim o‘yinda bor kuchi bilan oldinga intilish aniq. Maydon egalari "Nasaf" bilan o‘yinda birinchi raqamli bo‘lib o‘ynashga ilk daqiqalarda hujumga tashlanishga majbur. To‘g‘ri, agar durang qayd etilsa, qolgan o‘yinlarda 6 to‘p farqini yo‘qqa chiqarish mumkin, biroq "Nasaf" ham sermahsullik ko‘rsatib, birorta o‘yinda "qoqilmasa" "Paxtakor" chempion bilan bir xil ochko jamg‘arib kumush medallar bilan qolib ketishi mumkin. Soddaroq qilib aytganda, "Navbahor"ning Toshkentda ochko yo‘qotishi "Nasaf"ni "Paxtakor" bilan bemalolroq to‘p surishi uchun imkon yaratadi.

Raqamlar nima demoqda?
"Nasaf"ning "Paxtakor" bilan Toshkentdagi o‘yinlar statistikasi "ajdarlar" muxlislarini xursand qilmasligi aniq. 25 o‘yin, 21 mag‘lubiyat va 3 durang. Yagona g‘alaba esa, asr boshida 2001-yilda qo‘lga kiritilgan. O‘sha uchrashuvda Zafar Xolmurodov va Bahrom Haydarovlar kiritgan gollarga "Paxtakor" a’zolari birorta ham javob qaytara olmagan edi. O‘zaro o‘yinlardagi eng yaxshi to‘purarlarning deyarli barchasi "Paxtakor" a’zolari sanaladi.

7 - Dragan Cheran
6 - Igor Sergeyev
5 - Anvar Soliyev, Ismael Gonsalvesh

Bir necha soatlardan so‘ng, "Paxtakor" "Markaziy" stadionida bo‘lib o‘tadigan bahs, superligamizning g‘olibi nomini 60-70 foiz aniqlab berishi mumkin. Shunday ekan, soat 18:00 da bo‘lib o‘tadigan "to‘qnashuv"ni o‘tkazib yubormang.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor" - "Nasaf". "Navbahor" "Nasaf"ga qanday ustunlik taqdim etdi?