09:31 / 31.10.2022
1 162

Ro‘ziqul Berdiyev: «Nasaf» ayni vaqtda «Paxtakor» darajasiga chiqib bo‘ldi

Ro‘ziqul Berdiyev: «Nasaf» ayni vaqtda «Paxtakor» darajasiga chiqib bo‘ldi
Foto: PFL
«Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekiston Kubogi finali doirasida «Navbahor»ga qarshi kechgan o‘yindagi g‘alabadan (2:1) keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘yin haqida

Ruxsat bersangiz, final uchrashuvini ajoyib tarzda tashkil etib bergan barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Shuningdek, barcha sharoitlarni yaratib bergan «Buxoro» futbol klubi mutasaddilariga ham alohida rahmat aytaman.

O‘yinga keladigan bo‘lsak, biz birinchi bo‘limda yaxshi va sifatli futbol namoyish etdik. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga qadar ham shu darajani ushlab tura oldik. Ammo o‘sha golli vaziyatdan so‘ng o‘yinimizda pasayish ko‘zga tashlandi. Qo‘shimcha bo‘limlarda yigitlar o‘zida kuch topa oldi. G‘alabada har bir futbolchimizning o‘rni muhim bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, bugun ishonib maydonga tushirgan yosh futbolchimiz ham ajoyib tarzda harakat qildi.

Ikkinchi bo‘limdagi sustkashlik borasida

Biz yana shu jarayonga duch keldik, gol ursak, hisobni saqlab qolishga o‘ynayapmiz. Bu borada yigitlarga ko‘rsatma bergandik. Ammo yana shunday o‘ynadik va gol o‘tkazdik. Qo‘shimcha bo‘limlarda jismoniy imkoniyat juda muhim ahamiyat kasb etadi. Qo‘shimcha bo‘limlarda yana ustunlikka ega bo‘ldik. Zaxiradan 2 nafar futbolchini maydonga tashlaganimiz o‘yinga tezlik qo‘shdi.

Oq rangli bosh kiyimi haqida

Birinchi kubokni qo‘lga kiritganimizda ham oq rangli bosh kiyimda edim. Bunda o‘zimni qulay his qilaman. Ko‘plar buni omad keltiruvchi deb ham aytadi. Ammo bu g‘alabaga bosh kiyimning aloqasi bor deb o‘ylamayman.

Lima Kruzning moslashuv jarayoni borasida

Bu g‘alabada asosiy ishni shu Lima Kruz bajardi. U jamoaga kelgan vaqtda jismoniy imkoniyati yaxshi emasdi. Buni o‘zi ham aytib o‘tgan. Asta-sekinlik bilan uni jamoaga moslashtirib boryapmiz, bugun u hal qiluvchi pallada gol urib jamoamizga g‘alaba keltirdi.

O‘tgan mavsumda Kaledurovich transferi ham shu kabi savollarni tug‘dirgandi. Men o‘shanda undan 20 ta gol kutmayotganimni, hal qiluvchi pallalarda jamoamizga foydasi tegishi zarurligini aytgandim. Ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘shanda u yarim finalda gol urib finalga chiqishimizga hissa qo‘shgandi.

Superliga chempionligi uchun kurash haqida

Hozir barchamiz shuni kutyapmiz. Oliy maqsadimiz Superliga g‘olibligiga qaratilgan. Yigitlar bilan gaplashib oldik, hozirdanoq «Dinamo» bilan o‘yinga tayyorgarlikni boshlashimiz zarur.

Jamoa o‘zagini kelasi mavsumga saqlab qolish haqida

Mendagi asosiy boshog‘riq muammolardan biri ham shu aslida. Eshitishimga qaraganda «Paxtakor» ayrim futbolchilarimizga «sovchi qo‘yayotgan» ekan. Biz hozir «Paxtakor» darajasiga chiqib bo‘ldik. Shu sababdan futbolchi «Nasaf»ni «Paxtakor»ga almashtirish to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylamayman.

Keyingi mavsum OCHLning ikki mavsumida ham o‘ynashimiz aniq bo‘ldi: joriy mavsumni davom ettiramiz va kelasi mavsumni boshlaymiz. Shu bois tarkib o‘zagini saqlab qolishga va yangi futbolchilar olib kelishga harakat qilamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: «Nasaf» ayni vaqtda «Paxtakor» darajasiga chiqib bo‘ldi