01:38 / 01.11.2022
1 861

Marko Stanoyevich: "Umrbod esdan chiqmaydigan voqea bo‘ldi, oltin medalni qo‘lga kiritishdan to‘xtamoqchi emasmiz"

Marko Stanoyevich: "Umrbod esdan chiqmaydigan voqea bo‘ldi, oltin medalni qo‘lga kiritishdan to‘xtamoqchi emasmiz"
“Nasaf”ning O‘zbekiston Kubogi qo‘lga kiritilishida serbiyalik legioneri Marko Stanoyevichning ham katta mehnati bor. Jamoada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan futbolchining yo‘qligi albatta qarshiliklar uchun katta yo‘qotishga aylanishi shubhasiz.

Ammo uning maydonda borligi “Nasaf”ning imkoniyatini sezilarli darajada oshirishi turgan gap. “Navbahor”ga qarshi bahsda ham shuning guvohi bo‘ldik. Stanoyevich o‘tgan yilgi finalda o‘ynay olmagandi, bu yil esa ilk bor Kubok finalida maydonga tushdi. Sports.uz jurnalisti Markoni g‘alaba bilan tabriklab, u bilan suhbatda bo‘ldi.

- Marko, O‘zbekiston Kubogi qo‘lga kiritilgani bilan tabriklamoqchiman. Legioner sifatida boshqa davlatda sovrin yutishning gashti boshqacha bo‘lsa kerak-a?
- Albatta, sen legioner yo mahalliy, katta yoki yosh futbolchi ekanligingdan qat’iy nazar buning unchalik farqi yo‘q. O‘yinni g‘alaba bilan tamomlar ekansan, bu hammaga yoqadi. Bizning ishimiz muxlislarni quvontirishdan iborat. O‘z navbatida yutuq biz o‘yinchilarni ruhlantirib, katta ishtiyoq bilan ishlashga undaydi.

- “Navbahor”ga qarshi uchrashuv siz kutgandek kechdimi?
- Uchrashuvning oson kechmasligini bilardik. Qolaversa, raqib ham anoyi emasdi. Ammo biz shunday bo‘lsa-da, g‘alaba qozonish uchun imkonimiz borligidan umid qilgandik va yakunda omad bizga kulib boqdi.

- Ayting-chi, bellashuvning qaysi vaqtiga kelib ko‘proq asabiylashdingiz?
- Ehtimol, bu o‘yinning avvalida yuz bergan bo‘lsa kerak. Biz ham, raqib ham g‘alaba uchun astoydil to‘p surishga kirishib ketdik. Aytishim kerak, o‘yin keyinchalik ehtiyotkorona hatti-xarakatlar tufayli biroz darajasi pasaydi.

- Kubok finalidagi g‘alabani kimga bag‘ishladingiz?
- Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi va biz ularni xursand qilish maqsadida maydonga tushamiz. Ishqibozlarimizga rahmat. Bu bizning umumiy g‘alabamizdir.

- G‘alabadan so‘ng jamoani Qarshida muxlislar ajoyib tarzda kutib oldilar. Bu onlar sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Muxlislarimizning bizni kutib olishlari, keyinchalik ko‘cha-kuyda ham olqishlashda davom etishlari umrbod esdan chiqmaydigan voqea bo‘ldi. Bundan barchamiz boshqacha bo‘lib ketdik. Ishqibozlarimizdan bexad minnatdormiz.

- “Nasaf” ketma-ket ikkinchi yildirki, O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritmoqda. Ammo o‘tgan yili Samarqanddagi finalda maydonga tushmagandingiz. Bu yil ilk bor finalda qatnashib, Kubok sohibiga aylandingiz...
- Ha, qizil kartochka tufayli Samarqanddagi final o‘yinida maydonga tusha olmagandim. Lekin uchrashuvni stadionda kuzatgandim. O‘shanda ham g‘alabamizdan juda quvonganman. Biz bir jamoa, bir oilamiz. G‘alabalarga ham birgalikda erishamiz!

- “Nasaf” bu mavsumda oltin dubl qayd etishga yaqin turibdi. Bizningcha ham asosiy maqsad chempionlikka qaratilgan. Kubok qo‘lga kiritilganidan keyin chempionlik masalasida ham endi shubhalanmayapsizmi?
- Mavsum avvalida chempionlik uchun kurash so‘nggi turga qadar davom etishini aytgandim. Amalda ham bu borada qilgan taxminim o‘zini oqlamoqda. Imkon bor ekan, chempionat g‘oliblari uchun beriladigan oltin medalni qo‘lga kiritishdan to‘xtamoqchi emasmiz.

- Kubokdagi g‘oliblik uchun qancha bonus va’da qilingan?
- Bonuslar miqdori haqida bir narsa deya olmayman. Harqalay quruq qolmasak kerak. Umid qilamanki, mavsum yakunida chempionlik meddalari ham bizga nasib etadi. Hammasi o‘z qo‘limizda.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Marko Stanoyevich: "Umrbod esdan chiqmaydigan voqea bo‘ldi, oltin medalni qo‘lga kiritishdan to‘xtamoqchi emasmiz"