A Seriyaning 14-turiga kelib, “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino “Sassuolo” maydonida bo‘lgan uchrashuvda Eldor Shomurodovni ilk daqiqalardan maydonga tushirdi.
To‘g‘risi, bu ko‘pchilik uchun kutilmagan qaror bo‘ldi. Bungacha legionerimiz avgust oyidan beri A Seriya va Yevropa ligasida yetti marotaba maydonga tushib, jami 85 daqiqa harakat qilgandi xolos.
Bu vaziyat tufayli muxlisu mutaxassislar qishki transferlar vaqtida Shomurodov jamoani tark etishini kutayotgandi. Italiya matbuoti hozirdan o‘zbek fubolchisiga xaridorlar borligini yoza boshladi.
Xususan, “Bolonya” va “Torino” Eldorni yanvarda o‘z safiga qo‘shib olish uchun kurashga kirishishi tilga olindi. “Bolonya” bu xabarni inkor etib, maqsadini yashirgan bo‘lsa, mutaxassislar “Torino” Shomurodov darajasidagi hujumchiga muhtojligini ta’kidlamoqda. Turin klubi bu fikrlarga munosabat bildirgani yo‘q va buni “sukut alomati rizo” shaklida qabul qilish to‘g‘ri bo‘ladi.
Portugaliyalik mutaxassis “Sassuolo” bilan o‘yinda birgina qaror bilan vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Nihoyat, mavsum oldidan Shomurodovga va’da qilingan imkoniyat unga taqdim etildi. Endi bu holat qachongacha davom etishi muhim.
Joze Mourinoning fikri tez-tez o‘zgarib turadi. U har qanday o‘yinchini bir marta boshlang‘ich tarkibga kiritib, keyinchalik yana zaxiraga mixlab qo‘yishi juda ko‘p kuzatilgan. Tajribali mutaxassisning o‘z shogirdlariga munosabati turlichadek ko‘rinmoqda. Misol uchun, “Latsio” bilan o‘yinda mag‘lubiyatga sababchi bo‘lgan Rojer Ibanesni qo‘llab-quvvatlab, unga ishonch bildirishda davom etishini ma’lum qilgan Mourino “Sassuolo”ning golida aybdor bo‘lgan Rik Karsdorpdan yanvarda jamoadan ketishni talab qildi.
Shu bois, murabbiylar shtabining Shomurodovni bir marta boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirgani har doim ham shunday bo‘lishini anglatmaydi. Qolaversa, Temmi Abraxam o‘zbek futbolchisi tomonidan raqobatni his qila boshlagani ham ahamiyatli omil. Angliyalik futbolchi Shomurodov o‘rniga zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va gol urdi.
Mourino unga “Avvaldan shunaqa o‘ynasang bo‘lmasmidi?”, degani ham raqobat va Eldorning ilk daqiqadan o‘ynashi Temmiga yaxshi turtki bo‘lganini anglatadi.
Eldor Shomurodov ham o‘ziga berilgan imkoniyatdan mamnunligini yashirayotgani yo‘q. O‘yindan keyin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida uchrashuvdan bir necha suratlarni joylab, “Kurash va hech qachon taslim bo‘lma”, degan izoh qoldirdi.
Demak, Shomurodov katta va mashaqqatli mehnatlar evaziga egallagan o‘rnini osonlikcha raqobatchilariga topshirib qo‘ymaydi. Legionerimiz kurashishda davom etadi.
Endi “Roma” navbatdagi uchrashuvni 13 noyabr kuni “Olimpiko” stadionida “Torino”ga qarshi o‘tkazadi. Bo‘lajak bellashuvda ham Shomurodovni boshlang‘ich tarkibda tushamiz. Qolaversa, “Torino” Shomurodovni olishga asosiy da’vogar hisoblanadi va uning imkoniyatlarini bevosita maydonda yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazishga qarshi emas.
15-tur uchrashuvlaridan keyin ko‘plab milliy chempionatlar qatorida A Seriyada ham jahon chempionati munosabati bilan 2023 yilning yanvarigacha katta tanaffus e’lon qilinadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi