10:16 / 13.11.2022
2 143

Mourino Shomurodovga qanday munosabatda ekanini aytdi!

Mourino Shomurodovga qanday munosabatda ekanini aytdi!
A Seriyaning 14-turida “Roma”da kutilmagan holat kuzatilganidan xabaringiz bor. Mavsum boshidan beri Eldor Shomurodovga ishonch bildirmayotgan Joze Mourino “Sassuolo” maydonida bo‘lib o‘tgan o‘yinda hamyurtimizni ilk daqiqalardan o‘ynatdi.

So‘nggi uch oyda ikkita turnir davomida jami 85 daqiqa maydonda harakat qilgan legionerimiz bu gal bir bahsning o‘zida bir soatdan oshiq to‘p tepdi.

Shomurodov muhim uchrashuvning birinchi bo‘limida qulay imkoniyatdan foydalana olmadi, vaziyatni qo‘ldan chiqardi, ochiq pozitsiyada turgan Nikolo Dzanologa to‘pni uzatmay, o‘zi tepdi.

Durang bilan yakunlangan bellashuvdan keyin Joze Mourino bu holatga e’tibor qaratdi. Ommaviy axborot vositalari portugaliyalik mutaxassisning fikrini yozdi.

- Shomurodov birinchi bo‘limda to‘p kiritishi kerak edi, lekin men hujumchilarni gol urgan yoki urmaganiga qarab baholamayman. Shomurodovni qo‘ldan chiqarilgan golli vaziyat uchun tanqid qila olmayman, chunki u boshqa vaziyatlarda bor imkoniyatini ishga solib o‘ynadi, - dedi Joze Mourino.

Qattiqqo‘l va qaysar murabbiydan iliq munosabat eshitish yoqimli, albatta.

Endi “Roma” A Seriya doirasida joriy yildagi so‘nggi o‘yinini “Olimpiko”da o‘tkazishi kerak. Keyin hamma qatori Qatardagi jahon chempionati munosabati bilan e’lon qilinadigan tanaffusga chiqib ketadi.

A Seriyaning 15-turidagi raqib “Torino” bo‘ladi. Bu jamoaga qarshi o‘yin Eldor Shomurodov uchun juda ahamiyatli. Birinchidan, Joze Mourino o‘zbek hujumchisiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirib, uni yana o‘yinga tushirishi kutilmoqda. Chunki hamyurtimiz yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotganidan keyin qishki transferlar vaqtida “Roma”dan ketishi mumkinligi haqida xabarlar tarqala boshladi. Unga xaridorlar ham chiqyapti. Tabiiyki, bu gap-so‘zlar Mourinoning ham qulog‘iga yetib borgan. Balki shuning uchun Eldorga ishonishini ko‘rsatishga urinayotgandir.

Unday bo‘lmagan taqdirda ham, bo‘lajak raqib – “Torino” Eldor Shomurodovga asosiy xaridor hisoblanadi. Turinliklar hujum chizig‘idagi muammolarni hal qilish uchun o‘zbek legionerini yanvardayoq ijaraga olish harakatlarini boshlab yuborgan.

“Roma” rahbariyati va murabbiylar shtabi Shomurodovni qo‘yib yuboradigan bo‘lsa, potensial xaridorga qarshi bahsda uni “reklama” qilib olishdan yaxshi imkonyat bo‘lmaydi.

Demak, “Torino”ga qarshi bo‘lajak bahsda hujumchimizning maydonga tushirilishini vaziyatning o‘zi taqozo etmoqda.

Har ikki jamoaning o‘zaro raqobati katta tarixga ega ekanini ham alohida e’tiborga olish ahamiyatli. Bu jamoalar ilk bor 1929 yilda bir biriga ro‘baro‘ kelgan. Shundan beri A Seriya va mamlakat kubogi doirasida jami 180 marotaba o‘zaro to‘qnashgan.

Ustunlik poytaxt “bo‘rilari” tomonida. Rimliklar turinliklarni o‘zaro bahslarda 75 marotaba mag‘lub eta olgan. 48 ta uchrashuvda kuchlar teng kelgan. “Torino” hisobila 57 ta g‘alaba bor. To‘plar nisbatidagi ustunlik “Roma” tomonida – 229:206.

“Olimpiko” stadioni mezbonlik qiladigan “Roma” va “Torino” uchrashuvi 13 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino Shomurodovga qanday munosabatda ekanini aytdi!