“Roma” Italiya chempionatida ham, Yevropa ligasida ham o‘zi istagan darajadagi natijalar qayd eta olmayapti. A Seriyada o‘n beshta tur ortda qoldi. Joze Mourino shogirdlari asosiy raqobatchilarining deyarli barchasiga ochko ulashdi va yakunda ta’tilga yettinchi o‘rinda chiqib ketmoqda.
“Bo‘rilar” ichki chempionatda so‘nggi beshta bahsdan faqat bittasida g‘alaba qozondi, ikki bor durang o‘ynadi va yuqori o‘rinlar uchun kurashdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblari – “Napoli” va “Latsio”ga imkoniyatni boy berdi.
Yevropa ligasida poytaxt klubi guruhda ikkinchi o‘rinni egallab, pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish yo‘llanmasidan quruq qoldi va Chempionlar ligasini tark etgan “Zalsburg” bilan o‘tish uchrashuvida to‘qnashadigan bo‘ldi.
Joze Mourino “Torino”ga qarshi bahsda mag‘lubiyatdan bazo‘r qutilib qolganidan keyin birgina Paulo Dibala uning ishonchini qozonib kelayotganini alohida ta’kidladi.
Bu gal tanqidga o‘tgan yilgi to‘purar Temmi Abraxam nishon bo‘ldi. Angliyalik futbolchi Rimdagi debyut mavsumida 53 ta uchrashuvda 27 ta to‘p kiritib, haqiqiy qahramonga aylangandi.
Bu mavsum hujumchining o‘yini qovushmayapti. Hozirgacha yigirma marotaba maydonga tushgan Abraxam to‘rtta gol bilan kifoyalandi va bu natija portugaliyalik mutaxassisni umuman qoniqtirayotgani yo‘q.
Calciomercato.com saytining xabar berishicha, “Roma” qishki transferlar vaqtida Temmi Abraxamni sotib yuborishga qaror qilgan. Chunki sport direktori Tyagu Pinto yangi transferlar bo‘yicha ish olib bormoqda va unga ko‘zlangan o‘yinchilarni olish uchun qo‘shimcha mablag‘ kerak.
Manbaning ta’kidlashicha, yanvarda Temmi Abraxamga 45-50 million yevro atrofida taklif bo‘lsa, klub mutasaddilari transferga qarshilik qilmaydi.
“Roma” keyingi paytda o‘yini ochilib borayotgan o‘z tarbiyalanuvchisi Davide Frattezini ortga qaytarmoqchi. “Sassuolo” yetakchi o‘yinchisini osonlikcha qo‘yib yubormoqchi emas. Ular sobiq “bo‘ri”ni faqat to‘liq sotib oladigan jamoaga transfer qilishini bildirgan.
“Roma” 23 yoshli Frattezi uchun Abraxamni qurbon qilishga shay.
Rim klubida qishda jamoadan ketishi kutilayotgan o‘yinchilar orasida Eldor Shomurodov ham bor. Mutaxassislar agar Shomurodov o‘ziga yangi jamoa topmasa, mavsumning ikkinchi yarmida ham o‘yin amaliyotisiz qolib ketishini ta’kidlamoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, Rim klubi mutasaddilarida Eldorning tirishqoqligi va mehnatsevarligiga hech qanday e’tiroz yo‘q. Lekin Joze Mourinoni legionerimizning urinishlari umuman qoniqtirmayapti.
Eldorga xaridorlar yetarli. Yozda bir necha klub uni olishga urinib ko‘rgandi. Transferga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil uning transfer summasi balandligidir. Poytaxtliklar Mourino tanlagan o‘zbek futbolchisi uchun “Jenoa”ga 18 million yevro to‘lagan. Shu bois, xaridorlardan ham ushbu summaning katta qismini qoplashni talab qilyapti.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbekistonlik hujumchisiga “Torino” asosiy xaridor hisoblanadi. Turinliklar yanvarda Shomurodovni mavsum oxiriga qadar ijaraga olishga bel bog‘lagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi