A Seriya autsayderlaridan biri – “Kramoneze” oliy diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashda Eldor Shomurodovga tayanmoqchi.
O‘tgan mavsum V Seriyadan yuqoriga ko‘tarilgan jamoa Italiya chempionatining eng kuchli klublari bilan to‘qnashuvlarda gol urishga qiynalmoqda.
Statistika mutaxassislarining hisob-kitoblariga qaraganda, kremonalik futbolchilar mavsumning dastlabki 15 ta uchrashuvida raqib darvozasi tomon 210 marotaba zarba bergan va ulardan faqat 11 tasi golga aylangan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha “Kremoneze” faqatgina “Sampdoriya”dan oldinga o‘ta olgan xolos.
Bosh murabbiyi Massimiliano Alvinini qiynayotgan eng katta muammo samaradorlik ekani ko‘rinib turibdi. Shu bois, kremonliklar o‘z safiga “Roma”da o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan Eldor Shomurodovni qo‘shib olmoqchi.
“Kremoneze” o‘zbek futbolchisini qishki transferlar vaqtida asosiy nishon qilib belgilagani bejiz emas, albatta. La Gazzetta dello Sport nashri jurnalisti F.Kornachchianing yozishicha, Shomurodov bo‘yi baland bo‘lishiga qaramay, uning tezligi katta, kurashuvchan, bir necha pozitsiyada o‘ynay olish qobiliyatiga ega ekani Massimiliano Alvinini jiddiy qiziqtirib qo‘ygan.
Bundan tashqari, Eldor Italiyada uchinchi mavsumini o‘tkazmoqda va A Seriyaga to‘liq moslashib bo‘lgan. Qolaversa, “Kremoneze” Rim klubi bilan do‘stona aloqalar ega ekani Shomurodov uchun kurashda bu klubga qo‘shimcha imtiyoz keltirishi mumkinligi aytilyapti.
Massimiliano Alvini Shomurodov keladigan bo‘lsa, o‘zi qo‘llaydigan taktik sxemalarni o‘zbek futbolchisiga moslashtirishni rejalashtirmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Alvini ikki hujumchiga mo‘ljallangan 3-4-1-2 sxemasida markaziy hujumchilar sifatida Eldor va Siril Dessersni o‘ynatib, pleymeyker sifatida David Okerekedan foydalanmoqchi.
Agar jamoa birgina markaziy hujumchi bilan o‘ynashiga to‘g‘ri kelsa bu vazifani Dessers bajarib, ikki tezkor hujumchi futbolchi – Shomurodov chap qanotdan, Okereke o‘ng tomondan hujumni qo‘llab-quvvatlab turadi.
Har ikki vaziyatda ham Shomurodov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushiriladi va unga “Roma”da yetishmayotgan asosiy omil – o‘yin amaliyoti kafolatlanadi.
“Kremoneze” legionerimizning kelishiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa-da, Shomurodovni qo‘lga kiritish oson bo‘lmaydi. Birinchi omil, hamyurtimizning transfer narxi bilan bog‘liq. Rimliklar 18 million yevroga xarid qilingan futbolchini imkon qadar qimmatroq sotishni rejalashtirgan. O‘tgan yozda poytaxtliklar 10 million yevrolik takliflarni ham qabul qilgani yo‘q.
Qolaversa, yaqinda “Roma” sport direktori Tyagu Pinto Eldor Shomurodov va Matias Vina ijaraga berilmasligini va ularni olmoqchi bo‘lgan klublar to‘liq transfer qilishi kerakligini bildirdi.
Ikkinchi omil shundan iboratki, Eldor Shomurodovning o‘zida tanlov imkoniyati bor. Eng sodda variant Rimda qolish. Chunki amaldagi bitim 2026 yilning yozigacha tuzilgan. Yoki hamyurtimiz A Seriyaning o‘zidan “Kremoneze”ga qaraganda, kuchliroq hisoblangan “Monsa”, “Torino”, “Bolonya” kabi klublardan birini tanlashi mumkin. Ular qatoriga yana boshqa klublar qo‘shilishi ehtimoli ham katta, albatta. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi