1 145
Piter Xyuistra: "O‘zbekistonda ishlashni xohlardim, ammo meni hayron qoldirgani hech bir klub taklif bilan chiqmadi"
Niderlandiyalik mutaxassis Piter Xyuistrani muxlislar yaxshi bilishadi. Bir necha yil mobaynida “Paxtakor”da ishladi, so‘ng bosh murabbiy sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan holda muvaffaqiyatlarga erishdi.
Bu mutaxassis ayni paytda Toshkentda yuribdi. Shu fursatdan foydalangan holda Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘rayev Xyuistra bilan bog‘landi.
- Janob Xyuistra, ishlaringiz yaxshimi? Bilishimcha, ancha vaqtdan buyon Toshkentdasiz. Biror joydan ish topdingizmi yoki doimiy yashash uchun qaytdingizmi?
- Men ko‘p vaqtimni O‘zbekistonda o‘tkazdim. Chunki mening ayolim Toshkentdan. Men ko‘proq “Doublepass” uchun ishladim. Bu dunyodagi yetakchi futbol konsultatsiya markazi. U yerda sport direktorlari uchun instruktorlik qildim. Shvetsiya, Vengriya va Ruminiyadan bo‘lgan sport direktorlari uchun instruktorlik vazifasini bajardim. Bu juda yaxshi ish edi. Yevropadagi ko‘plab rivojlangan texnikalar bilan birga ishlashimga yordam berdi.
- Yangi mavsumda yurtimizda ishlamoqchimisiz? Qaysi klublardan takliflar bor?
- Men O‘zbekistonda, biror klubda yoki federatsiyada murabbiy sifatida faoliyatimni davom ettirishni qattiq xohlardim. Chunki o‘zbek futboliga ko‘p narsa taklif qila olaman, deb o‘ylayman. Lekin hayron qoldirgani shu paytgacha menga hech qaysi klub yoki federatsiya taklif bilan chiqmadi.
- “Paxtakor”dan ketganingizdan keyin sizni hech qaysi klubda ko‘rmadik. Murabbiylikda tanaffus oldingizmi?
- Boshida biroz ta’til olishni xohladim. Nega deganda, 10 yil davomida tinimsiz ishlab kelayotgandim. Lekin yakuniga yetgan yilning yozida menga yana jo‘shqinlik va energiya qaytib keldi. Shuning uchun futboldagi ishimga qaytdim. O‘z ishim va kasbimga yana qaytadan sho‘ng‘ib ketishga tayyor holatda edim, o‘sha davrda.
- “Paxtakor” 2022 yilgi mavsumda ham chempionlikni qo‘lga kiritdi va bu oxirgi turga kelib hal bo‘ldi. Buni kutganmidingiz?
- Superliga juda shiddatli tarzda yakunlandi. “Nasaf” va “Navbahor” oldingi yillardagiga nisbatan bu safar chempionlikka ancha yaqin kelishdi. “Nasaf” hattoki ikkita o‘yinda g‘alaba qozonsa chempion bo‘lardi. Lekin yuqori bosim tufayli ushbu g‘alabalarni qo‘lga kirita olmadi. “Paxtakor” esa bu kabi vaziyatlarga juda o‘rgangan va moslashgan jamoa. Shu jihatdan ular bosimga yaxshi dosh bera olishdi.
- O‘zbekiston chempionati hozir qanday darajada? O‘sishni ko‘ryapsizmi?
- So‘nggi yilda ko‘p o‘yinlarni kuzatishga muvaffaq bo‘ldim. Ularning ko‘pchiligida jamoalar himoyaviy o‘ynashga muvaffaq bo‘lishdi va kam gollar urildi. Ammo chempion bo‘lish uchun bu yerda yoki boshqa joyda sen o‘zingni dominant futbol uslubiga moslashtirishing kerak. Dominantni qo‘lga olmasdan turib chempionlik haqida o‘ylash imkonsiz.
- Chempionatimizda “Paxtakor”dan tashqari yana qaysi klubni yoqtirasiz?
- Pozitiv jamoa sifatida “Olimpik”ni ko‘rsatgan bo‘lardim. Negaki, ular butun mavsum davomida faqat o‘z o‘yinlarini ko‘rsatishga harakat qilishdi. Hech qaysi jamoadan o‘zlaridan kattaligi uchun qo‘rqib o‘tirishmadi. Yosh yigitlar katta yoshdagi raqiblaridan qo‘rqmasdan harakat qilishdi.
- Muxlislar uchun nima deysiz?
- Mening muxlislar bilan aloqalarim zo‘r edi. Ko‘pchiligi ko‘chada ko‘rishib qolganida oldimga kelishdi va futbol haqida biroz suhbat qurdik. Ularning barchasiga baxtli va quvnoq salomatlikdagi yangi yilni tilab qolgan bo‘lardim.
- Darvoqe, o‘zbek murabbiylari orasida hurmatingizni qozongan va ish uslubini yoqtiradiganlari bormi?
- Ro‘ziqul Berdiyev va Timur Kapadze men uchun ajralib turishdi. Berdiyev har mavsumda “Nasaf”ni chempionatning top o‘rinlaridan biriga yetaklab kela oladi. Bu gal unga chempionlik uchun bir necha qadam yetishmadi. Kapadze esa yoshlar bilan yaxshi ishlay olishini ko‘rsata oldi.
- O‘zbek chempionatida ishlash orqali o‘z so‘zimni ayta olganman, deb o‘ylaysizmi?
- O‘ylaymanki, o‘zimni murabbiylik jihatdan qobiliyatlarim va imkoniyatlarimni yaxshi ko‘rsata hamda rivojlantira oldim, deb hisoblayman. Avvaliga Shota Arveladze bilan birga ishladik. Keyin barchasini o‘z qo‘limga oldim. Biz 6 ta Kubok yutishga muvaffaq bo‘ldik. Bizda aniq va zamonaviy o‘yin falsafasi, dominant futbol hamda yosh o‘yinchilar bilan birga yoshi katta o‘yinchilarni ham yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq strategiya mavjud edi. Bularning barchasini biz janob Yambor va Tkebuchava bilan birgalikda amalga oshirdik. Biz Osiyo Chempionlar ligasida ham o‘zbek klublari Osiyodagi istalgan klub bilan g‘alaba uchun bahs olib bora olishini ko‘rsata oldik. O‘zbekiston chiroyli mamlakat. Toshkent va o‘zbek xalqini juda yaxshi ko‘raman.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...