23:00 / 16.01.2023
611

Gancharenko O‘runovning "Ural"dan haydalishi haqidagi haqiqatni oshkor qildi

Gancharenko O‘runovning "Ural"dan haydalishi haqidagi haqiqatni oshkor qildi
Yekaterinburgning “Ural” jamoasi bosh murabbiyi Viktor Gancharenko o‘tgan yilning oktabr oyida Oston O‘runov bilan shartnoma bekor qilingani sabablari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

"Match TV" manbasining xabar berishicha, bunday qarorga O‘runov va Gancharenko o‘rtasidagi mojaro sabab bo‘lgan. Insayder Ivan Karpovning ta’kidlashicha, mojaro oktabr oyi boshida yekaterinburgliklarning "Ximki"ga qarshi o‘yini oldidan sodir bo‘lgan, "RB Sport" esa "Sochi"ga qarshi Rossiya kubogi doirasidagi bahsda O‘runovning zaxiradan maydonga tushishdan bosh tortgani haqida xabar bergandi.

"Oston jazavaga tushib qoldi. Mehmonda "Sochi"ga qarshi o‘yin o‘tkazishimiz lozim edi. O‘runov kiyinish xonasida chigalyozdi mashqlarini bajarayotgandi, qolganlar ham bo‘lajak o‘yinga tayyor edi. To‘satdan - u tutaqib ketib, kiyinish xonasi bo‘ylab yugurishni boshladi. Men nima sodir bo‘lganini anglolmasdan o‘ylanib qoldim. U esa so‘kingancha tinimsiz yuguraverdi, so‘ngra birdan qarshimga kelib: “Men uchrashuv qaydnomasida yo‘q ekanman! Do‘stlarim bu haqda xabar yuborishdi. Mana, qarang! Nega meni bu yerga olib keldingiz?

Men unga aytdim: "Eshit, seni esing joyidami yoki yo‘qmi? Kiyinish xonasidagilarning barchasi qaydnomaga kiritilgan. Sen kimga ishonasan? Mengami yoki mana buni senga yuborgan do‘stinggami?" Oston haqiqatan ham qaydnomada bor edi, lekin zaxirada qoldirilgandi, do‘sti esa unga qandaydir tushunarsiz xabar yuborgandi. Ammo bunday hissiyotlardan so‘ng u ortiq o‘yinga tayyor emasligini angladim", - dedi Gancharenko.

- Keyin nima bo‘ldi?
- Avvalo, O‘runovda juda yaxshi fazilatlar borligini aytishim joiz. U tezkor, shiddatli hamda yaxshi zarba yo‘llay olish xislatlariga ega edi. Lekin u bu qobiliyatni statistika bilan tasdiqlay olishi kerak, chunki unda hamma narsa yetarli, lekin gol va golli uzatma yo‘q edi. Men unga bir necha bor ba’zi narsalarni tushuntirishga harakat qildim. U maydonda harakat qilishni xohlaydi, biroq qanday qilib gol urishni va uzatmalar berishini tushunmaydi. Tarkibda yo‘qligidan junbushga keldimi, bizni ham, o‘zini ham, jamoani ham qiynamaslik uchun ketgani ma’qul.

- Jamoa bilan xayrlashish haqidagi qarorni o‘zingiz aytdingizmi?
- Ha, "Sochi"ga qarshi o‘yinning ertasiga aytdim. Men Grigoriy Viktorovich Ivanovga O‘runovni qo‘yib yuborish kerakligini aytdim. U esa menga: "Shuni ma’qul ko‘rsangiz - qo‘yib yuboring" deb aytdi va biz u bilan xayrlashdik. Oston bunga normal munosabat bildirdi, hech qanaqa qichqiriq va g‘azablanish ifodasini ko‘rsatmadi. Unga vaziyatni tushuntirdim: “Sen o‘ynashing kerak, lekin men bunga kafolat berolmayman”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gancharenko O‘runovning "Ural"dan haydalishi haqidagi haqiqatni oshkor qildi