08:11 / 05.02.2023
255

Shomurodov bugun A Seriyaning eng zo‘r to‘purari bilan to‘qnashadi

Shomurodov bugun A Seriyaning eng zo‘r to‘purari bilan to‘qnashadi
A Seriyaning 21-turida “Spetsiya” o‘z maydonida chempionat peshqadami “Napoli”ni qabul qiladi. Bu uchrashuv ko‘p jihatdan muxlislar e’tiborini tortmoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov faoliyatini "Spetsiya"da davom ettirishga qaror qilgani bois, ushbu uchrashuvga e’tibor qaratamiz.

Neapol klubi joriy mavsumni juda ko‘tarinki ruhda o‘tkazmoqda. Luchano Spaletti shogirdlari chempionat boshlanganidan beri eng ko‘p – 17 marotaba g‘alaba qozondi va atigi uchta uchrashuvda ochko yo‘qotdi xolos. “Napoli” chempionat startida – o‘tgan yilning avgust oyida “Fiorentina” va “Lechche” bilan ochko bo‘lishdi, atigi bir marta “Inter”ga imkoniyatni boy berdi.

Chempionlik kurashidagi asosiy raqobatchilaridan “Milan”, “Latsio” va “Atalanta”ni raqib maydonida taslim qildi. “Roma”ni ikki marotaba yer tishlatdi. “Yuventus”ning bitta goliga besh marotaba javob qaytardi.

Neapolliklar ayni paytda 53 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda va asosiy ta’qibchisi “Inter”ni 13 ochkoga ortda qoldirgan. Aksariyat mutaxassislar, xususan, Joze Mourino “Napoli”ni hozirdan chempionaligini tan oldi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, “Napoli” o‘z tarixida atigi ikki marotaba – 1987 va 1990 yillarda chempionlikka sazovor bo‘lgan.

“Spetsiya”ning ishlari ko‘ngildagidek emas. Luka Gotti shogirdlari ligada qolish uchun kurashishga majbur. Hozircha, jamoa xavfli hududdan bir pog‘ona tepadi joylashgan va 18-o‘rin egasi “Verona” bilan farq besh ochkoni tashkil qilmoqda.

Ligada qolish uchun “Spetsiya” yana ochko yig‘ishiga to‘g‘ri keladi. Muhim pallada asosiy to‘purar Mbala Nzola jarohat olganlar qatoriga qo‘shildi. Luka Gotti Eldor Shomurodovni asosiy hujumchi sifatida olib kelishiga to‘g‘ri keldi.

Bo‘lajak raqib – “Napoli”da tarkib jangovar holatdi. Ayniqsa, Rossiya chempionatidan kelgan Xvicha Kvarsxeliya va to‘purarlik mahoratini namoyish qila boshlagan Viktor Osimxenni to‘xtatish imkoniyati bo‘mayapti. Gruziyalik yarim himoyachi A Seriyadagi debyut mavsumida 16 ta o‘yinda yettita to‘p kiritdi. Jamoada undan ko‘p gol urgan yagona futbolchi Viktor Osimxen o‘z nomini 14 marotaba tabloga yozdirdi.

Italiya futbolini yoritib borayotgan nashrlar “Spetsiya” va “Napoli” o‘rtasidagi bahs oldidan mezbonlarning yangi hujumchisi Eldor Shomurodov A Seriya to‘purari Osimxen bilan raqobatlashishiga alohida e’tibor qaratmoqda.

Luka Gotti jamoada yuzaga kelgan vaziyat taqozosi bilan Shomurodovni ilk daqiqalardan o‘ynatishiga to‘g‘ri keladi. Chunki asosiy ikki hujumchi – Emmanuel Gyasi diskvalifikatsiya tufayli va Mbala Nzola jarohat sababli o‘yinda qatnasha olmaydi.

- “Spetsiya”ning oldingi chizig‘ida Eldor Shomurodov yangi jamoadoshi Daniele Verde bilan birga harakat qiladi. “Napoli” hujumida almashtirib bo‘lmas o‘yinchilar – Viktor Osimxen va Xvicha Kvaratsxeliyani ko‘ramiz, - deb yozdi https://footballnews24.it jurnalisti Fabio Viskonti.

“Spetsiya” va “Napoli” shu kunga qadar A Seriya doirasida besh marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. 2021 yili spetsiyaliklar raqibni ikki marotaba taslim qilgan. Uchta uchrashuvda “Napoli” zafar quchgan. Italiya kubogi hamda V Seriya doirasidagi beshta bahsning barida neapolliklar kuchlilik qilgan.

O‘zbekistonlik futbol muxlislari katta qiziqish bilan kutayotgan o‘yin 5 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 16:30 da “Alberto Pikko” stadionida boshlanadi.

Taxminiy tarkiblar quyidagicha:

“Spetsiya” (3-5-2): Dragovskiy; Nikolau, Kaldara, Amian; Reka, Agudelu, Ampadu, Burabia, Xolm; Shomurodov, Grin.
Bosh murabbiy: Luka Gotti

“Napoli” (4-3-3): Meret; DiLorenso, Kim, Raxmani, Olivera; Angissa, Lobotka, Zelinski; Politano, Osimxen, Kvaratsxeliya.
Bosh murabbiy: Luchano Spalletti

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov bugun A Seriyaning eng zo‘r to‘purari bilan to‘qnashadi