Husayn Norchayev faoliyatini Rossiyaning "Alaniya" klubida davom ettiradi. Hujumchi va "qizil-sariqlar" o‘rtasidagi bitim 3,5 yilga mo‘ljallangan. Bu haqda klubning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilindi.
Rossiya klubi vakillari "ajdarlar" hujumchisini uzoq vaqtdan buyon kuzatib kelishayotgandi va muzokaralarning so‘nggi bosqichi Turkiyadagi yig‘in vaqtida bo‘ldi.
Futbolchi O‘zbekiston Superligasida 2020 yilning yozida debyut qilgan. Husayn — Qarshi shahrining "Nasaf" FK tarbiyalanuvchisi.
21 yoshli hujumchi sobiq jamoasi safida 100ta o‘yin o‘tkazishga ulgurgan, u shu o‘yinlarda 40ta gol va 9ta assist qayd etdi. U klub bilan birga O‘zbekiston chempionati kumush medallariga ega chiqqan va Mamlakat kubogida zafar quchgan.
Hujumchi 2020/2021 yilgi mavsum Osiyo futbol konfederatsiyasi kubogi (OFK)ning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Norchayev jamoa bilan turnirning finaliga qadar yetib borgan.
O‘yinchi O‘zbekiston yoshlar terma jamoalarida harakat qilgan. U 19 yoshida mamlakatning bosh jamoasida debyut qilgan.
"Oilaga xush kelibsan, Husayn!", — deyiladi klub xabarida.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring