15:53 / 01.03.2023
283

Bugun start oladigan Osiyo kubogi haqida eng muhim ma’lumotlar ketma-ketligi

Bugun start oladigan Osiyo kubogi haqida eng muhim ma’lumotlar ketma-ketligi

Bugun O‘zbekiston yashil maydonlarida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi start oladi. Unda vakillarimiz "A" guruhidan joy olgan bo‘lib, pley-off uchun Suriya, Iroq va Indoneziyaga qarshi bahs olib boradi.

Musobaqa formati haqida

Osiyo kubogi U-20 musobaqasi 1959 yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Ilk marotaba turnirni Osiyo yoshlar chempionati U-19 deya nom olgan. Tushunib turganingizdek, unda yosh chegarasi 19 etib belgilangan. Aynan shu yilgi birinchilikda musobaqa nomi "Osiyo kubogi U-20"ga o‘zgardi.

1959 yildan 1978 yilga qadar kubok bahslari har yili o‘tkazib kelingan. 1980 yildan boshlab har ikki yilda bo‘lib o‘tadigan formatga o‘tildi. Shuningdek, aynan o‘sha yili ilk marotaba saralash bosqichi o‘tkazildi.

Hozirgi turnirda 4 ta guruh mavjud bo‘lib, birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar pley-offga yo‘l oladi. Qayd etish lozim, 4 ta jamoa 2023 yili Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

2008 yildan boshlab musobaqada 3-o‘rin uchun bahs o‘tkazilmay kelinmoqda. Ungacha doimiy tarzda bronza medali uchun bellashuv bo‘lib o‘tgan.

Turnirda chempion bo‘lgan jamoalar

Musobaqada eng ko‘p g‘oliblikni Janubiy Koreya terma jamoasi qo‘lga kiritgan. Terma 12 marotaba tengsiz, deb topilgan. Ikkinchi o‘rinda Myanma jamoasi bormoqda. Hech kim taxmin ham qilmagan bu mamlakat 7 marta yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida g‘alaba qozongan. Isroil hisobida 6 ta kubok bor.

Guruhdagi raqiblarimizdan Iroq 5 marta yetakchilik martabasiga ega chiqqan. Suriya va Indoneziya esa bittadan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Kutilganidek, eng ko‘p medallarga Janubiy Koreya termasi ega chiqqan. Koreyaliklar oz emas, ko‘p emas, naq 25 marotaba medallarga sazovor bo‘lgan: 12 ta oltin, 5 ta kumush va 8 ta bronza. Myanma hisobida 7 oltin, 1 kumush hamda 3 bronza medal mavjud.

O‘zbekiston yoshlarining natijasi qanday ko‘rinish olgan?

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi musobaqada 2002 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Ilk qatnashishidayoq vakillarimiz yarim finalga qadar yetib borgan va 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Eng yaxshi ko‘rsatkichimiz 2008 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda hamyurtlarimiz finalgacha yetib borish vazifasini uddalagan. Biroq hal qiluvchi pallada Birlashgan Arab Amirliklaridan tashrif buyurgan tengqurlariga imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Bundan tashqari, yoshlar termamiz 2012 va 2014 yilda yarim finalda o‘z yurishini to‘xtatgan. 2012 yilda Janubiy Koreya vakillarimizni finaldan mosuvo qilgan bo‘lsa, 2014 yilda Shimoliy Koreya bilan o‘yinda omad bizdan yuz o‘girgan.

 Boshlanajak turnirda Ravshan Haydarov jamoasiga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. Biz yigitlarga ishonamiz va ularni bor kuchimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz!!!

Shohrux Zoirov tayyorladi


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bugun start oladigan Osiyo kubogi haqida eng muhim ma’lumotlar ketma-ketligi