1 martdan O‘zbekiston yashil maydonlarida start oladigan U-20 Osiyo Kubogi bahslari oldidan barcha jamoalar bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilmoqda.
Unda O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ham qatnashdi hamda ertangi Suriyaga qarshi uchrashuvdan oldin quyidagi fikrlarni bildirdi.
"Avvalambor, Assalomu alaykum. Mehmonlar, jamoalar va musobaqa tashkilotchilariga xush kelibsiz, deb qolaman. Ertangi musobaqaga yigitlar katta ishtiyoq bilan tayyorlanishgan. Umuman, kurashlarga tayyormiz", – deydi Ravshan Haydarov.
- Jamoa oldiga qanday maqsad qo‘yilgan?
- Bu musobaqaga har bir jamoa katta maqsadlar bilan kelgan. Biz ham oldimizga oliy maqsad qo‘yganmiz – Osiyo chempioni bo‘lish va Jahon chempionatiga chiqish.
- Bu yosh toifasidagi raqiblarni o‘rganish qiyin. Turnirdagi terma jamoalar haqida ma’lumot sizda ma’lumot bormi?
- Pandemiya sabab mazkur yoshdagi terma jamoa a’zolari rasmiy xalqaro o‘yinlarda qatnashishmadi. Shu bois bunday muammo hamma terma jamoada bo‘lsa kerak. Biz saralash bahslari, o‘rtoqlik o‘yinlari orqali ularni o‘rgandik. Raqiblar haqida tasavvurga egamiz.
- Avvalgi ishlagan jamoalaringizga qaraganda bu terma jamoa futbolchilarida xalqaro tajriba kam. Bu qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Yuqorida ham aytganimdek, pandemiya sabab o‘smirlik davrlarida ko‘p musobaqalarni o‘tkazib yuborishdi. O‘tgan bir yil davomida ko‘plab xalqaro turnirlar, o‘rtoqlik uchrashuvlari orqali o‘sha tajribani yetkazishga harakat qildik.
- Abbos Fayzullayevning holati qanday? Umuman, boshqa yo‘qotishlar yo‘qmi?
- Barchalari shay holatda. Kichik jarohatlarni tezda bartaraf etishga harakat qildik.
O‘zbekiston – Suriya uchrashuvi bugun "Bunyodkor" stadionida soat 19:00 da boshlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring