22:21 / 01.03.2023
492

Ravshan Haydarov: "Bu g‘alaba bilan hali hech narsa hal bo‘lgani yo‘q"

Ravshan Haydarov: "Bu g‘alaba bilan hali hech narsa hal bo‘lgani yo‘q"

U-20 Osiyo kubogi 1-turi doirasidagi O‘zbekiston – Suriya (2:0) uchrashuvidan keyin O‘zbekiston U-20 termasi ustozi Ravshan Haydarov matbuot anjumanida qatnashdi.

- O‘yin haqida

- Avvalo, futbol bayramini chiroyli boshlab olganimiz bilan tabriklayman! Ayniqsa, muxlislarimizni alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Ularga g‘alaba taqdim etganimizdan xursandmiz. O‘yin qiyin kechishini bilar edik. So‘nggi nuqtani qo‘yishda ishlashimiz kerakligi ko‘rinib turibdi. O‘ylaymanki, standart orqali gollar urib, haqli g‘alabaga erishdik.

- Futbolchilarning oldingi chiziqdagi palapartishliklari, hujumdagi no‘noqliklar birinchi o‘yin bosimi bilan bog‘liqmi?

- Bosim, hayajon bo‘ladigan narsa. O‘yinchilarimiz o‘yinni bog‘lashda, hujumni yakunlashda qiynalishgani ishtiyoq haddan tashqari ko‘pligi bilan bog‘liq. Hujumga nuqta qo‘yishda qiyinchilikka duch keldik, sovuqqonlik yetishmadi. Bu yoshda bunday holatlar uchrab turadi. Himoyadan chiqishda, markazda hammasi me’yorida kechdi. Standartlar esa oldingi chiziqdagi harakatlar mahsuli.

- Umarali Rahmonaliyev ilk tur bo‘lgani bois hayajonlanib o‘ynadimi?

- Nafaqat Umaralida, hammada bo‘ldi. Suriya yakkakurashlarda baquvvat jamoa. Bu ko‘rinib turibdi. Umuman olganda, yigitlarimizga rahmat. O‘ylaymanki, o‘z saviyalarini namoyish etib, chiroyli o‘yin ko‘rsatishdi.

- Abbos Fayzullayevning almashtirilmagani, ya’ni o‘yin oxirida almashtirilishi uning o‘rnini bosadigan futbolchi topilmaganidanmi?

- Abbos jismonan tayyor. Oxirida charchab qolgani ko‘rindi. Almashtirish rejamiz bor edi.  Hisob ishonchli ko‘rinishga kelgandan keyin, vaqti kelgan paytda almashtirdim. Zaxirada o‘yinni kuchaytiradigan futbolchilarimiz bor, albatta. Abbos kerak paytda yugurmasdan ham, bexato va kerakli paslarni bera oladi. Zaxiramizda kuchaytirishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar bor. Baribir birinchi bahsda kirishib ketish qiyin. Shularni hisobga olgan holda o‘yinning oxirigacha ushlab turdim. Ko‘p yugurmasa ham? To‘g‘ri pas berish qobiliyati bor. Bugun ham juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi.

- Yigitlarimiz olgan sariq kartochkalar darvozamizdan ancha uzoqda kuzatildi. Hushtak chalingach, to‘pni o‘zlari bilan birga olib ketishyapti, yaxshiki, hakam buni payqamadi...

- Ikkala kartochka ham siz aytgandek, ishtiyoq balandligi tufayli yuzaga keldi. 2-taymda Suriyani pressing ostida ushlab turishni rejalashtirgandik. Yigitlarga o‘yindan oldin ham, o‘yin davomida ham bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni ta’kidladik. Bu o‘yinning bir qismi. Yigitlar ham buni tushunishadi deb o‘ylayman. Muxlislar juda ko‘p edi, yigitlar bunday atmosferada hali o‘yin o‘tkazishmagan, shu ham sabab bo‘lishi mumkin.

Muhimi, uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Hozirdanoq keyingi turlarga hozirlik ko‘rishni boshlaymiz. Jismoniy holatni to‘g‘rilash ustida ish olib boramiz. Biz uchun har bir o‘yin muhim ahamiyat kasb etadi. Bu g‘alaba bilan hali hech narsa hal bo‘lgani yo‘q.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: "Bu g‘alaba bilan hali hech narsa hal bo‘lgani yo‘q"