09:25 / 10.03.2023
571

“Spetsiya” Shomurodov uchun taktikani o‘zgartiradi. Ular“Inter”ni birinchi marta yengmoqchi!

“Spetsiya” Shomurodov uchun taktikani o‘zgartiradi. Ular“Inter”ni birinchi marta yengmoqchi!

A Seriyaning 16-turini Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Spetsiya” boshlab beradi. Yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan liguriyaliklar “Alberto Pikko” stadionida ikkinchi o‘rinda borayotgan “Inter” bilan to‘qnash keladi.

Ayni paytda ko‘pchilikni “Spetsiya”ning yangi bosh murabbiyi Leonardo Semplichi qanday yo‘l tutishi qiziqtirmoqda. Bu murabbiy qo‘l ostida jamoa hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Ular ancha kuchli hisoblangan “Udineze” va asosiy raqobatchi “Verona”dan bittadan ochko oldi. Lekin oldindagi raqib ancha jiddiy.

Mutaxassislar Semplichi kuchli raqibga qarshi taktik o‘zgarishlar va tarkibda yangiliklar qilishini ta’kidlamoqda.

Florensiyalik mutaxassis avvalgi uchrashuvlarda yagona markaziy hujumchi – Mbala Nzolaga tayanib tarkib tanlagan edi. Ancha nufuzli manba – https://www.calciomercato.com sayti esperti Janni Salis tahliliga ko‘ra, Leonardo Sempilichi “Inter”ga qarshi klassik taktika – 4-4-2 sxemasini tanlaydi.

Oldingi chiziqda jamoaning asosiy to‘purari Mbala Nzola bilan zaxirada qolib ketayotgan Eldor Shomurodov ilk daqiqalardan maydonga tushishi kutilmoqda.

O‘yinoldi matbuot anjumanida ham Leonerdo Semplichi o‘zbek hujumchisi borasida avvalgi aytgan fikrlarini takrorladi.

- Jamoa va futbolchilarning imkoniyatlarini o‘rganib chiqyapman. Hujum chizig‘idagi vaziyatga yechim qidiryapman. Ilk daqiqalardan hujum chizig‘ida Mbala Nzola va Eldor Shomurodov birga o‘ynashini ta’minlaydigan balansni topshimiz kerak. Chunki oldinda gol uradigan futbolchilar ko‘proq bo‘lishi muhim.

Men uchun taktik sxemalar muhim ahamiyat kasb etmaydi. Asosiysi, futbolchilarning imkoniyatlari, harakatlari va ishtiyoqlari. “Inter”dek buyuk jamoani to‘xtatish uchun  tarkib masalasida eng yaxshi yechimni topishim kerak. Buning uchun kuchli xarakterga ega, matonatli va raqobatbardosh jamoaga aylanishimiz talab etiladi, - dedi Leonardo Semplichi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Eldor Shomurodov jamoa hujumchilari orasida eng tezkori va bir necha pozitsiyada o‘ynay olishi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, o‘zbek hujumchisi avvalgi jamoalarida maydon markazi va ko‘p hollarda himoyaga qaytib o‘ynagani bilan ham e’tibor qozongan. Tahlilchilar legionerimizning mehnatkashligi, kurashuvchanligi, driblingi “Inter” singari kuchli raqiblarga qarshi to‘qnashuvda qo‘l kelishi mumkinligini aytmoqda.

Milan klubi “Spetsiya” uchun haqiqatan noqulay va o‘ta jiddiy raqib. “Inter” A Seriya doirasida “Spetsiya” bilan yetti marotaba to‘qnash kelgan va birgina uchrashuvda durang qayd etgan holda olti marotaba raqibni tiz cho‘ktirgan. Shuningdek, Italiya kubogidagi ikkita bahs ham milanliklarning ustunligi bilan yakunlangan. To‘plar nisbatidagi ustunlik ham bo‘lajak raqib tomonida – 25:6.

Demak, “Spetsiya” va “Inter” bahsi ko‘plab kutilmagan vaziyatlarni taqdim etishi mumkin. Leonerdo Semplichi kuchli raqibga qarshi qanday “sovg‘a” tayyorlagani va u qanchalar ish berishini tez orada bilib olamiz.

Bu bahs 10 martdan 11 martga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 00:45 da boshlanadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Spetsiya” Shomurodov uchun taktikani o‘zgartiradi. Ular“Inter”ni birinchi marta yengmoqchi!