O‘zbekistonda 1—18-mart kunlari 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi musobaqasi o‘tkazildi. “Daryo” yakunda O‘zbekiston yoshlarining g‘alabasi bilan tugagan musobaqaga oid raqamlar va ma’lumotlarni bir sahifaga to‘pladi.
Osiyo Kubogining eng yaxshi o‘yinchisi nomiga O‘zbekiston vakili Abbosbek Fayzullayev loyiq ko‘rildi. Yana o‘zbek futbolchisi Otabek Boymurodov esa eng yaxshi darvozabon deb topildi.
Musobaqada jami 31 ta o‘yin bo‘lib o‘tdi va ularda umumiy 69 ta gol urildi (o‘rtacha 2,23). Yaponiyalik hujumchi Naoki Kumata 5 ta gol bilan turnir to‘purariga aylandi.
O‘zbekiston chempion bo‘lishiga qaramay, gol urish borasida top-5 likka kira olmadi. Musobaqada eng ko‘p gol urgan jamoalar:
- Avstraliya — 13
- Yaponiya — 11
- Janubiy Koreya — 9
- Eron, Iroq — 6
- O‘zbekiston, Xitoy — 5
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi musobaqada jami beshta gol urdi. Zafarmurod Abdurahmatov, Abbosbek Fayzullayev, Po‘latxo‘ja Xoldorxonov va Umarali Rahmonaliyev bittadan golga muallif bo‘lgan bo‘lsa, yana bitta to‘p iroqlik Zakariya ar-Ramadonning avtogoli evaziga qo‘shildi.
Gol urish borasida sermahsullik qayd etmagan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik yoshlar darvoza tomon zarba yo‘llash borasida mutlaq yetakchi bo‘ldi. Zarba yo‘llash borasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan jamoalar:
- O‘zbekiston — 108
- Yaponiya — 86
- Iroq, Janubiy Koreya — 73
- Eron — 70
Darvoza tomon aniq zarba berish borasida yaponlar yetakchi bo‘ldi:
- Yaponiya — 36
- O‘zbekiston — 31
- Avstraliya — 28
- Iroq — 26
- Eron — 24
Musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi Abbosbek Fayzullayev 14 ta zarba va 8 ta aniq zarba bilan bu ko‘rsatkich borasida yetakchilar qatoridan joy oldi
Ravshan Haydarov shogirdlari eng yaxshi himoya ega jamoa ekanini ko‘rsatdi. O‘zbekiston 5 ta o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Janubiy Koreya 4 ta o‘yinda gol o‘tkazmagan bo‘lsa, Indoneziya, Iroq, Yaponiya, Iordaniya va Tojikistonda bu ko‘rsatkich ikkita o‘yinga teng bo‘ldi.
Musobaqada hakamlar jami 105 ta sariq va 4 ta qizil kartochka ko‘rsatdi.
O‘zbekistondagi turnirga jami to‘rtta stadion mezbonlik qildi: “Bunyodkor”, “Jar”, “Lokomotiv” (barchasi Toshkent) va “Istiqlol” (Farg‘ona). “Istiqlol” stadionida 6 ta o‘yin o‘tkazildi, “Lokomotiv” — 8, “Bunyodkor” — 8, “JAR”da esa 9 ta o‘yin bo‘lib o‘tdi.
O‘yinlarga jami 203 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi (o‘rtacha 6,55 ming). Shularning qariyb 181 ming nafari O‘zbekiston U-20 ishtirokidagi o‘yinlarga to‘g‘ri keldi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring