Superliga 5-turining markaziy o‘yini ortda qoldi. "Jar" stadionida o‘tgan uchrashuvda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK Samvel Babayan boshqarayotgan "Navbahor"ni mag‘lub qildi. O‘yindan keyin olmaliqliklar posboni Valijon Rahimovning fikrlariga quloq tutdik:
— O‘zgacha o‘yin bo‘ldi. Avvalo, hammasi Allohdan. G‘alabadan keyingi emotsiyalarni ta’riflab berolmayman. Tashqaridan qaraganda raqib tarkibi nomdorroq ko‘rinishi mumkin. Lekin bizda ishtiyoq ancha baland edi. Menimcha, bugun tartibli futbol yutib ketdi.
— Oldingi turda sizning darvozangizga urilgan dastlabki gol fikrlarni ikkiga bo‘lib yubordi. O‘sha epizod bo‘yicha o‘zingiz qanday fikrdasiz?
— To‘p burchakda o‘yinga kiritilayotganida "Neftchi"ning 9-raqamli o‘yinchisi (Ulug‘bek Hoshimov) meni darvozaning ichiga qarab itardi. Ya’ni darvozabon maydonchasi ichida mening erkin harakatlanishimga halaqit berdi. Ikkinchidan, bosh bilan zarba berilayotgan pallada u offsaydda turgan edi. Shuning uchun gol 100 foiz o‘yindan tashqari holatdan urilganiga aminman.
— OKMK jamoasi har doim o‘z oldiga eng oliy maqsadni qo‘yishi haqida gapirilar edi. Bu yil rostan ham jamoada qanaqadir g‘ayrioddiy xarakter paydo bo‘lgandek ko‘rinyapti. Keling, balandparvoz gaplardan chekinaylik-da, rostini ayting. Bu yil klub tarixida yangi sahifa ochilishi mumkinmi?
— Bilasizmi, bu mavsum chempionlik uchun kurashishni maqsad qilgan barcha jamoalar bir xil darajada. OKMKda esa ishtiroq nisbatan ancha yuqori. Tarkibimiz anchadan beri shakllanib kelyapti. Ana shu ishtiyoq evaziga joriy mavsum chempioni biz bo‘lamiz, InshaAlloh.
— Siz darvozada turasiz. Istalgan posbonga undan oldinroqdagi mudofaa chizig‘i kuchli bo‘lishi qo‘shimcha ishonch bersa kerak. Sizning oldingizda Anzur Ismoilovdek tajribali himoyachi o‘ynaydi. Bundan tashqari, bugungi o‘yin natijasiga hammadan ko‘proq ta’sir qilgan Sanjar Tursunovni ham unutmaslik kerak. Mana shunday "ko‘pni ko‘rgan" futbolchilarning borligi jamoa ruhiyatiga ijobiy ta’sir qiladimi?
— Albatta. Bilasiz, hech qaysi jamoa 90 daqiqa bir xil o‘yin ko‘rsatolmaydi. Tajribali futbolchilar o‘yin tempiga ta’sir ko‘rsata olishi bilan jamoaga katta foyda keltiradi. Shuningdek, ularning yoshi katta bo‘lgani bilan qolgan yoshlar bilan bir xil yugurayotganini ham alohida ta’kidlash kerak.
— Valijon aka, navbatdagi savolim o‘tgan mavsum bilan bog‘liq. Sizda hammasi yaxshi ketayotgan, terma jamoaning doimiy a’zosiga aylangan edingiz. Yozga borib, birdaniga zaxirada o‘tirib qolganingizning sababi nimada?
— Yagona sababchi o‘zim deb hisoblayman. Holatimni doimiy ravishda analiz qilib boraman. O‘yinimda pasayish kuzatilgan edi. Yangi mavsumda hammasini qaytadan boshladik. Xudo xohlasa, endi yaxshiroq bo‘ladi.
Faxriddin Ro‘ziyev suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi