Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Jo Koul “Manchester Siti” hujumchisi Erling Xoland kelajakda to‘purarlik borasida rekordlarni urishga qodirligini ta’kidlamoqda.
- O‘ylashimcha, Erling Xoland faoliyati davomida 1000 ta gol ura oladi, - dedi Jo Koul.
Erling Xoland Angliya Premer-ligasidagi debyut mavsumidayoq to‘purarlik borasida yuqori samaradorlik namoyish etmoqda. 2022 yilning yozida “Borussiya”dan olib kelinganidan beri 39 ta uchrashuvda 45 ta gol urdi. Shuningdek, jamoadoshlarini olti marotaba golli pas bilan ta’minladi.
22 yoshli Xoland Angliyadan tashqari Norvegiya, Avstriya va Germaniya chempionatlarida ham gol urish qobiliyatini ko‘rsata olgan.
Xoland klublar miqyosida 222 ta uchrashuvda 180 ta gol va 42 ta assist muallifi bo‘lgan. Norvegiya terma jamoasi safida 23 ta o‘yinda 21 ta to‘p kiritgan.
Bugungi kunda jahon futbolida eng ko‘p gol urgan hujumchi sifatida Krishtianu Ronaldu tan olinadi. Portugaliyalik yulduz klublar miqyosida 961 ta uchrashuvda 712 ta to‘p kiritib, 225 ta assist qayd etgan. Ronaldu Portugaliya terma jamoasi uchun 198 ta bahsda 122 ta gol urgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring