21:47 / 13.04.2023
227

Venetsiyada tug‘ilgan asli ganalik shovvoz, OKMKning hujumdagi lideri Martin Boake bilan intervyu

Venetsiyada tug‘ilgan asli ganalik shovvoz, OKMKning hujumdagi lideri Martin Boake bilan intervyu

OKMK bu mavsum Superligada yanada yorqinroq ko‘rinmoqda. Mirjalol Qosimov shogirdlari ayni paytda chempionlik uchun kurasha oladigan klubga aylanganini "Navbahor"ga qarshi uchrashuvda ham isbotlab bera oldi.

Biz jamoaning hujumdagi yetakchisi bo‘lgan, asli ganalik Martin Boake bilan suhbatlashishga qaror qildik. U Italiyadagi faoliyati, OKMKda bu mavsumdagi maqsadi va yana boshqa mavzular borasida gapirib o‘tdi.

- Xayrli kun, Martin! Birinchi savolimiz "Andijon"dagi faoliyatingiz haqida. U yerda kam qolganingiz, nima yoqqan yoki ma’qul kelmagani to‘g‘risida nimalar deya olasiz?

- Sizga ham xayrli kun! Ochig‘i, "Andijon" borasidagi savolga javob berish men uchun qiyin. U yerda eng yoqqan narsa muxlislar bo‘lgan. Shuningdek, qanchalik eshitilmasin, eng yoqmagan jihat ham aynan muxlislar edi. Sababi, ular sizga energiya berishi bilan birga keragidan ortiq talabchanlik qilib yuborishadi.

- Hozir OKMKda harakat qilmoqdasiz. Bu mavsumdagi asosiy maqsadingiz nima?

- Joriy mavsum klub g‘alabasi uchun qo‘limdan kelgancha yordam berishga tayyorman. Barcha musobaqalarda iloji boricha uzoqrog‘ga borishga harakat qilamiz.

- Mirjalol Qosimov to‘g‘risida, uning taktik qarashlari, futbolchilar bilan munosabati haqida qanday fikrdasiz?

- Ha, u ajoyib mutaxassis. Ko‘p narsalar borasida undan yetarlicha narsa o‘rganish mumkin. G‘alabalarimizda u asosiy rolda ekanini alohida ta’kidlab o‘tishim kerak.

- O‘zbekistonda qaysi jamoaga qarshi o‘ynash qolganlarga nisbatan qiyinroq?

- To‘g‘risi, alohida bir klubni ajratib ko‘rsata olmayman. Har bir raqib bizga juda kuchli raqobat taklif eta olgan. O‘zbekistonda hech bir ochko osonlik bilan qo‘lga kiritilmaydi.

- Hozir Superliganing boshqa klublaridan yaxshi taklif bo‘lsa, OKMKni tark etgan bo‘larmidingiz?

- Yo‘q, bunday qarorga kelmasdim. Sababi, hozir jamoadagilar bilan yaxshi munosabatdaman. OKMK bilan katta marralarni zabt etishni reja qilganman.

- Endi bolaligingiz haqida gaplashsak. Bilishimizcha, siz Italiyada tug‘ilgansiz. Ammo oilangiz Ganadan. Bu ma’lumot to‘g‘rimi?

- Ha, to‘g‘ri. Men Venetsiya yaqinida tavallud topganman, oilam esa Ganadan bu yerga kelib qolishgan. Bolaligimning katta qismi aynan Italiyada o‘tgan. Tabiiyki, men italyan tilini yaxshi bilaman.

- Siz ko‘rgan O‘zbekistondagi eng yaxshi himoyachi...

- Bunday futbolchilar ko‘p. Bittasini ajratib ko‘rsatish oson ish emas. Lekin sifatli himoyachilar soni ancha ko‘p ekani biz hujumchilar uchun yanada ko‘p muammolarni keltirib chiqaradi.

- O‘zbek futbolini bitta so‘zda ta’riflab bering.

- Kuchli. Jamoalarning darajasi, har bir o‘yindagi raqobat o‘ta yuqori darajada. Sal e’tiborsizlik qiladigan bo‘lsangiz, kerakli natijani bir zumda boy berib qo‘yishingiz hech gap emas.

- Pirlo yoki Totti?

- Qiyin tanlov. Ammo men Tottini tanlagan bo‘lardim.

 Shohrux Zoirov suhbatlashdi


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Venetsiyada tug‘ilgan asli ganalik shovvoz, OKMKning hujumdagi lideri Martin Boake bilan intervyu