23:50 / 10.05.2023
315

O‘zbeklar chempionlarni “to‘kib” qo‘ydi, kubaliklar “kaltak” yedi, qozoq va ruslarda yo‘qotish!

O‘zbeklar chempionlarni “to‘kib” qo‘ydi, kubaliklar “kaltak” yedi, qozoq va ruslarda yo‘qotish!
Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan kattalar o‘rtasidagi boks bo‘yicha jahon chempionatining eng qizg‘in pallasi chorak finallarga to‘g‘ri keldi.
 
Saralash bosqichlarida eng yaxshi natijani Kuba terma jamoasi vakillari qayd etdi. Olis mamlakatdan kelgan 13 nafar bokschisidan 12 tasi yarim finallar yo‘llanmasi uchun jang qilish huquqiga ega bo‘ldi.
 
Chorak finalgacha Kuba boks maktabi tarbiyalanuvchilari o‘zlari ishtirok etgan barcha janglarda g‘alaba qozondi. Faqatgina terma jamoamiz vakili Hasanboy Do‘smatov Erislan Romeroni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
 
Yarim final yo‘llanmalari uchun jangga kirishgan 12 nafar kubalik bokschilarning teng yarmi chorak finalda “to‘kildi”.
 
Sensatsiyalardan birini og‘ir vaznda Lazizbek Mullajonov qayd etdi. U kubalik ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, besh karra jahon chempioni, Toshkentdagi musobaqaning eng mashhur yulduzi Xulio Sesar la Krusni ochkolar hisobida mag‘lub etib, medalsiz qoldirdi.
 
Texnikasi eng kuchli bokschilarimizdan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev o‘z vaznida jahon chempionligiga asosiy da’vogar sifatida e’tirof etilgan ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati oltin va kumush medallari sohibi, Panamerika chempionatlari va o‘yinlarida bir necha marotaba zafar quchgan Ronel Iglesias ustidan ishonchli g‘alaba qozondi.
 
O‘zbekistonlik Olimpiya chempionlari – Hasanboy Do‘smatov va Bahodir Jalolov muxlislarni xushnud etdi. Hasanboy amaldagi jahon chempioni – yaponiyalik Tomoya Suboining yurishini to‘xtatib qo‘ydi.
 
Jahon chempionatining eng kutilgan jangida Bahodir Jalolov Qamshibek Kunkabayevdan mahorat va tajriba bobida ustunligini yana bir karra isbotladi. Bu ikki mohir bokschining to‘qqizinchi to‘qnashuvidan keyin umumiy natija 6:3 ko‘rinishiga keldi. Bahodir ikkinchi chempionlik uchun muhim qadam tashladi.
 
O‘z vazn toifasida chorak final janglarida muvaffaqiyat qozongan A’loxon Abdullayev, Saidshamshid Ja’farov, Abdumalik Xalakov, Oybek Jo‘rayev va Ruslan Abdullayev ham yarim finalga chiqib, kamida bronza medalni naqd qildi va jahon chempionligi uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
 
O‘zbekiston terma jamoasi vakillaridan 11 nafari ringga chiqqan bo‘lsa, faqatgina Mujibullo Tursunov va Shohjahon Abdullayev raqibga imkoniyatni boy berib, medaldan quruq qoldi.
 
Qozog‘iston terma jamoasining yettita vakilidan beshtasi musobaqani davom ettirish huquqini qo‘lga kiritdi. Qamshibek Kunkabayev bilan birga kubalik Saydel Ortege imkoniyatni boy bergan Serik Temirjanov ham uyga quruq qaytadigan bo‘ldi.
 
Qo‘shni mamlakat charm qo‘lqop ustalaridan Sanjar Tashkenbay yaponiyalik Kadzuma Aratake, Maxmud Sobirxon ganalik Muhammad Amadu,  Dulat Bekbauov meksikalik Migel Anxel Martines, Aslanbek Shimbergenov fransiyalik Makan Traore,  Nurbek Oralbay iordaniyalik Husseyn Ishayshni yengib, yarim finalga yo‘l oldi.
 
Yarim finalda Rossiya terma jamoasidan ham olti nafar vakil jang qiladi. Igor Sviridchikov hamyurtimiz Saidjamshid Ja’farovga yutqazdi.
 
Tarxan Idigov esa, gruziyalik Lasha Guruliga imkoniyatni boy berdi. Chorak final bahslarini o‘z foydasiga hal qilgan olti bokschi Toshkent ringlaridagi yurishini davom ettiradigan bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbeklar chempionlarni “to‘kib” qo‘ydi, kubaliklar “kaltak” yedi, qozoq va ruslarda yo‘qotish!