21:00 / 17.05.2023
963

Shomurodov porlagan jamoa A Seriya masalasini hal qildi

Shomurodov porlagan jamoa A Seriya masalasini hal qildi
Kuchli beshlik chempionatlaridagi yagona futbolchimiz – Eldor Shomurodov A Seriyadagi faoliyatini “Jenoa” klubida boshlaganini yaxshi eslaymiz.
 
Genuya shahri sharafini himoya qilayotgan “Jenoa” Italiyaning eng qadimgi klubi hisoblanadi. Bu jamoa 2020 yilning oktyabrida o‘sha paytda Rossiya Premer-ligasida “Rostov” jamoasida to‘p tepayotgan Eldor Shomurodovni transfer qildi.
 
Genuyaliklar o‘zbek hujumchisi uchun umumiy hisobda 9 million yevro xarajat qilgani qayd etilgan. Bu jamoa Shomurodovga kuchli beshlik chempionatlariga yo‘l ochgani uchun ham legionerimiz faoliyatida o‘z o‘rni bor.
 
Eldor Italiya chempionati yuqori divizionida uchta jamoa uchun to‘p tepishga ulgurdi. Biroq, hamyurtimizning porlagan davri “Jenoa”ga to‘g‘ri keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Shomurodov “Jenoa”da asosiy tarkib o‘yinchisi hisoblanardi. Debyut mavsumining ikkinchi yarmiga borib asosiy to‘purarga ham aylandi.
 
Keyingi jamoalaridan “Roma”da bir yarim mavsum davomida boshlang‘ich tarkibga kira olmadi. Yarim yildan beri o‘ynayotgan “Spetsiya”da ham Eldorning ishlari ko‘ngildagidek ketyapti, deb bo‘lmaydi.
 
Italiya futboli mutaxassislari, murabbiylar, tahlilchilar, jurnalistlar va hatto muxlislar bir necha bor  Shomurodovning haqiqay porlagan davri “Jenoa”dagi mavsumning ikkinchi yarmi ekanini juda ko‘p bor ta’kidlashgan. Darhaqiqat, o‘shanda Eldor oltita uchrashuvda beshta gol urib, autsayderlar qatoridan chiqqan jamoasini 11-o‘ringa ko‘targani bor gap.
 
Umumiy hisobda, A Seriyada raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qilgan o‘zbek hujumchisini Joze Mourino katta umidlar bilan “Roma”ga olib keldi. Rimliklar bu transfer uchun 18 million yevro xarajat qildi.
 
Shomurodovni qo‘yib yuborganidan keyin “Jenoa”ning ishlari yurishmay qoldi. O‘tgan mavsumda genuyaliklar “Kalyari” hamda  “Venetsiya” bilan birga A Seriyadan tushib ketgandi.
 
Biroq, Shomurodovning sobiq jamoasiga kuchlilar qatoriga qo‘shilish uchun bir mavsum kifoya qildi. Yosh murabbiy Alberto Jilardino genuyaliklarni yana A Seriyaga qaytara oldi.
 
Garchi V Seriya bahslari hali yakunlanmagan bo‘lsa-da, “Jenoa” ikkinchi o‘ringa mustahkam o‘rnashib oldi va qolgan bellashuvlar natijasidan qat’i nazar, kelasi mavsumni eng kuchli 20 ta jamoa ichida boshlaydi.
 
Shuningdek, “Frozinone” chempionat peshqadami sifatida A Seriya yo‘llanmasini naqd qilib bo‘lgan.
 
 “Venetsiya” va “Kalyari” kelasi mavsum ham quyi ligada qolib ketadigan bo‘lyapti. Chunki uchinchi yo‘llanmaga da’vogarlik qilayotgan “Bari” ochkolar hisobida oldinda bormoqda.
 
Qizig‘i shundaki, Eldor Shomurodovning hozirgi jamoasi – “Spetsiya” yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashyapti. Leonardo Semplichi shogirdlari so‘nggi turgacha xotirjam bo‘la olmaydi.
 
Shu o‘rinda bir mulohaza. Shomurodov mavsum yakunlanishi bilan “Roma”ga qaytadi. “Spetsiya”da o‘yini ochilib ketmagani bois, Joze Mourino kelasi mavsum ham hujumchimizni asosiy tarkibga jalb qilmasligining ehtimoli katta.
 
Eldor katta ehtimol bilan yozda o‘ziga boshqa jamoa qidiradi. Vaziyat shunga qarab ketmoqda.
 
“Jenoa” esa, yozda baribir tarkibini A Seriyaga moslaydi. Balki Shomurodov Genuyaga qaytish variantini bir o‘ylab ko‘rgani ma’quldir. Har holda shahar Eldorga yoqqan, jamoa muxlislari futbolchimizni hurmat qiladi, “Jenoa” o‘zbek legionerini doim qadrlab kelgan.
 
Xullas, bu ham Eldor uchun bir variant. Zero, hamyurtimiz A Seriyada to‘p tepishni o‘zi uchun muhim hisoblaydi. Buni o‘tgan davrda Turkiya, Germaniya, Fransiya, Anlgiya, Ispaniya klublaridan kelgan takliflarni qabul qilmaganidan ham bilib olish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov porlagan jamoa A Seriya masalasini hal qildi