06:49 / 28.05.2023
165

Aleksandr Xomyakov: "Xebay "Andijon" o‘yinchisi va bizga kerak"

Aleksandr Xomyakov: "Xebay "Andijon" o‘yinchisi va bizga kerak"
“Andijon” klubi “Turon”ga qarshi vodiy derbisida irodali g‘alabani qo‘lga kiritib o‘z muxlislarini juda xursand qildi. Bellashuvdan so‘ng “Burgutlar” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov quyidagilarni aytdi:
 
- Shak-shubhasiz bugungi o‘yinda xarakter ko‘rsatgan holda g‘alaba qozonganimizdan juda xursandman. Avvaliga ishlarimiz unchalik o‘xshamadi. Ustiga-ustak penaltidan darrov gol o‘tkazib yubordik. Shundan keyin yigitlar biroz shoshib qolishdi va o‘z navbatida bu shoshma-shosharlik boshlangan hujumlar hamda sa’y-harakatlarni samarali nihoyasiga yetishiga yo‘l qo‘ymadi. Ammo, baribir yigitlarga qoyil qolish kerak. Ular xarakterlarini namoyish etishdi. Bugun futbolchilarimiz matonat ko‘rsatishdi, desam sira mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ular chindan ham maydonda matonat bilan to‘p surdilar.
O‘yindan oldin har doim yigitlarga biz muxlislar uchun to‘p surishimizni aytaman. Bugun ham shunday gaplarni ularga yetkazdim. O‘z o‘rnida buni shogirdlarim to‘la his qilgan holda yakunda ishqibozlarimizga chiroyli va irodali g‘alabani taqdim etdilar. Ta’kidlashim joizki, uchrashuvdan keyin aytilgan gaplar va his-hayajonlar bosiladi. Lekin o‘yindan olinga zavq-shavq va taassurot umrbod esdan chiqmasa kerak. Ayniqsa, bugungi og‘ir uchrashuvda mana shunday g‘alabani qo‘lga kiritganimiz yigitlarimizning sabotli ekanligidan dalolat beradi. Shundan keyin ham mana shunday ruhda davom etib, oldinga harakat qilamiz.
 
- Ushbu mavsumdagi “Andijon”ning eng qiyin g‘alabasi bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi?
 
- Albatta, buni qiyin g‘alaba deb hisoblayman. Nafaqat bugungi, balki oldingi uchrashuvlarda ham natijalar o‘zimiz o‘ylagan darajada osonlik bilan qo‘lga kiritilgani yo‘q. Aksincha, katta mashaqqatlar evaziga qimmatli ochkolarni jamg‘arib kelmoqdamiz. Raqibning maydonda kamchilik bo‘lib qolgani bizga biroz ustunlik bergan bo‘lishi mumkin. Ammo butun jamoa bo‘lib himoyalanayotgan raqibning darvozasiga yo‘l topish oson ish emas. Bunday paytlarda yigitlarga mahorat, sovuqqonlik va chidamlilik xususiyatlari sal yetishmay qolyapti. Ular yuqorida aytganimdek, shoshib qolayotganlari uchun ham voqealar rivoji darhol o‘zimiz kutgan darajada tus olayotgani yo‘q. Raqib kamchilik bo‘lib qolsa ham bizga yaxshi qarshilik ko‘rsatdi.
 
- Superligada bu ikki jamoa uchinchi bor to‘qnashishdi va “Andijon” ilk bor elitada “Turon” ustidan g‘alaba qozondi. Raqib siz uchun noqulaymi yoki...
 
- Statistikaga unchalik e’tibor bermayman. Mana, bugun sizning gaplaringizdan so‘ng “Turon”ga qarshi uchinchi o‘yindan keyingi ilk g‘alabani qo‘lga kiritganimizni bilib turibman. Men o‘yindan-o‘yinga ildamlik bilan siljib borishni ma’qul ko‘raman. Statistikani unchalik kuzatib bormayman. Aytmog‘im kerakki, nafaqat bugungi, balki barcha o‘yinlar biz uchun og‘ir kechyapti. G‘alabaga osonlik bilan erishib bo‘lmaydi. Bu futbolning qonunlaridan biridir. Murabbiy sifatida shogirdlarimning o‘yinga tayyorlar ekanman, bu hayotingizdagi oxirgi uchrashuv bo‘lib qoladi, deya ta’kidlashni ma’qul ko‘raman.
 
- Ijtimoiy tarmoqlarda klubning moliyaviy holati yaxshi emasligi va hujumchi Rubin Xebayning OKMKga ketishi mumkinligi haqida yozishyapti...
 
- Bu savollarni mendan ko‘ra rahbariyatga berganingiz ma’qulroq. Chunki javob berishim qiyin. Klubning moliyaviy ahvoli qandayligini mendan ko‘ra mutasaddilar yaxshi bilishadi. Rubin Xebayga kelsak, hozircha u bizning jamoamizda va o‘z ishini yaxshi bajargan holda gollar uryapti. Xebay “Andijon” o‘yinchisi va bizga kerak. Jamoamiz reja asosida ishini davom ettiryapti. Bu savolingizga shu tariqa javob bera olishim mumkin xolos.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aleksandr Xomyakov: "Xebay "Andijon" o‘yinchisi va bizga kerak"